Jamiyat | 22:50 / 18.12.2018
17077
10 daqiqa o‘qiladi

Matbuot va senzura – Yuliy Tsezardan Pulitsergacha

Matbuot – ommaviy kommunikatsiya vositalarining bir qismi. Tarixchilar birinchi gazeta miloddan avvalgi II asrning o‘rtalarida Qadimgi Rimda paydo bo‘lgan, deyishadi. O‘sha paytda gazetalar taxtachalarga yozib tarqatilgan, ammo o‘z vazifasini a’lo bajargan ekan. Dastlab norasmiy yangiliklarni tarqatish vositasi bo‘lgan bunday «taxta matbuot» tezda hokimiyat nazariga tushib, Yuliy Tsezarning topshirig‘iga binoan unga senat yig‘ilishlari hisobotlari, harbiy sarkardalarning bayonotlari va qo‘shni davlat hukmdorlarining murojaatlari kiritiladigan bo‘lgan. 

Shunday qilib, yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun o‘ylab topilgan matbuot hali o‘zining kurtak holatidayoq bir miqdorda jamoatchilikning qo‘lidan chiqib, davlat ta’siriga uchragan.  

«Rim xalqining kundalik ishlari» – mazkur nomdagi ommaviy kundalik nashri milodning III asrigacha chop qilingan, sal keyinroq bunga o‘xshash yangiliklar nashri Xitoyda yo‘lga qo‘yilgan. Demak, XVII asrga kelib gazetaning biz taniydigan shakli paydo bo‘lguniga qadar uning turli qiyofadoshlari mavjud bo‘lgan. Mazkur shaklga eng yaqini «awiso» deb nomlanib, u Italiyada XVI asrda paydo bo‘ldi. Qo‘lda yozilgan «awiso» butun Yevropaning siyosiy va iqtisodiy yangiliklarini yoritgan.

«Gazeta» nomi esa Italiyada muomalada bo‘lgan «gazzetta» mayda chaqasi (tangasi) nomidan olingan. Bu chaqaga odatda Venetsiyada bir varaq qo‘lda yozilgan yangiliklarni sotib olish mumkin bo‘lgan.

«Stanok»

 


Bosmaxona dastgohi ixtiro qilinishi bilan yangi davr boshlandi. XVII asr dunyoga yangi, aslini olganda, ma’rifatga xizmat qiluvchi kuchni olib keldi, biroq endi nafaqat yangiliklarni o‘z vaqtida ommaga yetkazish va foydali fikrlarni barchaga yetkazishning, balki axborotning katta oqimiga mazmun va yo‘nalish berishning qudratli imkoniyati paydo bo‘ldi. Gazeta orqali nafaqat yangiliklar bilan bo‘lishishingiz, xizmat va mahsulotingizni reklama qilishingiz, balki o‘z imperiyangiz va qirolligingiz fuqarolariga yuritayotgan siyosatingizni «ijobiy» ko‘rsatishingiz, omma dunyoqarashiga ta’sir etishingiz mumkin bo‘ldi. Axborotni majburlab odamlar ongiga singdirish amaliyoti, qaysidir ma’noda majburiy obunaning kurtaklari shu payt keng ko‘lam ola boshladi.

Eng birinchi davriy nashr sifatida Strasburg shahrida Iogann Karolyus tomonidan tashkil qilingan «Relation aller Furnemmen und gedenckwurdigen Historien» («Buyuk xabarlar va yodda qoladigan voqealar sarhisobi») gazetasi e’tirof etiladi. Karolyus bosma stanokdan foydalanib, gazeta narxini tushirishga va sotuv hajmini ko‘tarishga erishgandi. 

Keyingi 50 yil mobaynida Yevropaning boshqa mamlakatlari ham o‘z gazetalariga ega bo‘ldi. E’tiborlisi – ba’zi gazetalar qo‘shni davlatlarda bosmadan chiqar edi. Bu bilan gazetaning hokimlardan mustaqilligi ta’minlanardi.

Davriy matbuot kuchini birinchi bo‘lib fransuz davlat arbobi, kardinal Rishele (1585— 1642) tushunib yetdi. U bu vositaning omma fikriga nechog‘lik ta’sir etishini, xabarlarni ustalik bilan tuzish orqali odamlar ongi ustidan manipulyatsiya qilish mumkinligini anglab yetib, bundan unumli foydalanardi. Rishele 1631 yilda asos solgan «La Gazette» 1915 yilgacha yashadi. 

XVII asrning birinchi yarmigacha barcha gazetalar haftalik bo‘lgan, ammo 1650 yilda gazetachilikda inqilob yuz beradi – Leypsig shahrida «Einkommende Zeitung» kunlik gazetasi tashkil etiladi. 50 yildan so‘ng esa «The Daily Courant» kunlik gazetasiga asos solinadi. Bu gazetalarda yirik hodisa va falokatlar haqida xabar berilardi, zero bu turdagi xabarlar qirollarning obro‘siga soya solmasdi. Ammo o‘sha zamondayoq muxolif matbuot shakllanadi.

XIX asrda matbuotda haqiqiy «portlash» yuz berdi – ma’lum sohaga ixtisoslashgan gazetalar paydo bo‘ldi: adabiyot, sanoat va savdoga oid va hokazo. Xususiy gazetalar rasmiylarini bozordan siqib chiqara boshladi. Endi tashqi siyosat mavzusiga alohida e’tibor qaratila boshlandi. 

XX asrga kelib esa gazetalarda ichki siyosat, oddiy xalqning hayotini yoritish ham yo‘lga qo‘yildi. Davlat va siyosiy tuzumni tanqid qilishga, mamlakat ichidagi muammolarni ochiqlashga ixtisoslashgan matbuot paydo bo‘ldi.

Senzura
Keyingi davrda davlat matbuotni senzura qilishga o‘tdi. Hukmron toifalar o‘z maqomlarini himoya qilish va mustahkamlash maqsadida matbuot faoliyatiga bosim o‘tkaza boshlashdi. Ba’zida bunday bosim o‘ta qattiq ko‘rinish olib, so‘z erkinligini qiyin ahvolga solib qo‘yardi. Vaholanki bundan hamma, pirovardida, foyda emas, balki zarar ko‘rishi o‘z isbotini topdi. 

Masalan, XIX asrning ikkinchi yarmi Rossiya imperiyasi uchun chinakamiga dramatik kechdi. Yevropada kechayotgan demokratik jarayonlarning shamoli Rossiyaga ham yetib keldi va mavjud rejimning qusurlarini oshkor qildi, davr talabiga javob bermasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ziyolilar mavjud tuzumni isloh qilish borasida fikrlar bildira boshlashdi. Ammo voqealar rivoji boshqacha tus oldi va oxir-oqibat vaziyat to‘liq izdan chiqdi. Bunga ma’lum ma’noda senzura ham sababchi bo‘lgandi.

Rossiya monarxi davlatchilikni isloh qilish borasida turli tomondan yangragan mantiqli fikrlarga e’tibor qaratmadi, aksincha, matbuotni senzuraga tutdi. Ziyolilar, mutaxassislarning sadosi havoga uchdi. Keyinchalik yuz bergan voqealar aql va mantiq inkor bo‘lgan joyda mantiqsizlik, aqlsizlik va xurofotlar in qurishini yana bir bor isbotladi. 

Rossiyaning chekka qishlog‘idan chiqqan oddiy firibgar Grigoriy Rasputin monarx oilasining ishonchiga kirib, imperatorning norasmiy maslahatchisi bo‘lishga erishdi va butun imperiya miqyosidagi ishlarga bevosita aralasha boshladi. Matbuotni, hurfikrlikni senzuraga uchratgan monarx tuban xurofot – zalolat ta’siriga uchradi.   

Buning natijasida holat to‘liq izidan chiqdi. Raso fikrlarga o‘rin berilmagan joyda axborot maydonini «o‘zgalar» egallashi aksioma o‘laroq ma’lum bo‘ldi. «Avval dunyoni asosigacha buzib, keyin qaytadan tuzish» g‘oyasi bilan mashhur bo‘lgan toifa – o‘sha paytda Rossiyada shakllangan «revolyutsionerlar» toifasi o‘z matbuoti bilan avom xalqning e’tiborini o‘ziga ag‘dara boshladi.

Oqil fikrlar havoda muallaq qolgani bois sodda omma ongini manipulyatsiya qiluvchilar uchun qulay muhit yuzaga keldi. Senzura unga yo‘l qo‘ygan monarxning o‘zi uchun ayanchli oqibat keltirdi.      
Pirovardida millionlab odamlarning hayotini ostin-ustin qilib yuborgan, dunyoda o‘zgacha manzarani yuzaga keltirgan, quruqlikning bir qismida nomi sotsialistik, mohiyatan esa totalitar bo‘lgan tuzumlarning yuzaga kelishi bilan kechgan o‘zgarishlar yuz berdi. Bu vaziyat yuzaga kelishida, yuqorida aytganimizdek senzuraning ham o‘z o‘rni bor.  

Yakuniy bosqich     
Har bir jarayon o‘z evolyutsion rivojlanish bosqichlariga ega bo‘lishini – boshi va poyoni bo‘lishini tarix ko‘rsatdi. Xususan, so‘z, fikr erkinligiga qarshilik borib-borib mudhish, absurd manzaralarni paydo qilishiga insoniyat takror guvoh bo‘ldi.

Senzura ekstremistik inqilobga zamin yaratdi. Ishlarning mantiqiy davomi bolsheviklar tuzumi yuzaga kelishi bilan yakunlandi. 

Matbuot to‘liq davlat nazoratiga o‘tdi, tanqidiy fikrlar man qilindi. Sovet tuzumi nomi birgina so‘zi uchun juda ko‘plab ziyolilarni qatl qilgani bilan ham tarixda qoldi. 

Mazkur tuzum o‘z asoratlarini qoldirmay qolmadi, albatta. Surunkali dardga aylangan o‘zgacha fikrga chidamsizlik, axborot sohasini monopoliya qilishga moyillik xususan o‘sha davrga xos odatlardan. Majburiy obuna ham aynan o‘sha davrning – yuz yil avval fikr qatag‘oni evaziga yuzaga kelgan tuzumning mohiyatan «farzandi»dir.

Devordagi yozuv
Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti Jurnalistika maktabi devoriga o‘rnatilgan toshga Jozef Pulitser – bu universitetga asos solgan, mashhur gazeta noshiri bo‘lgan, AQShdagi eng obro‘li mukofotlardan biri uning nomi bilan atalgan kishining quyidagi so‘zi o‘yib yozilgan: «Bizning respublika va uning matbuoti ikkovi birga yuksakka ko‘tariladi yoki ikkovi birgalikda qulaydi. Iqtidorli, beg‘araz, jamiyatga yuzlangan, haqni nohaqdan ajrata oladigan va uni himoya qila oladigan matbuot jamiyat fazilatini saqlab qola oladi. Bu fazilat bo‘lmasa hukumat mug‘ombirlik va tahqirlash omilidir. Orsiz, sotiladigan va demagogik matbuot o‘ziga mos odamlarni yuzaga keltiradi. Respublikaning kelajagini shakllantirish huquqi jurnalistlarning kelgusi avlodi qo‘lida».

Shokir Sharipov

Mavzuga oid