O‘zbekiston | 18:00 / 21.12.2018
6069
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya OTMlari bitiruvchilari assotsiatsiyasini tashkil qilishga qaror qilindi

Toshkentda Rossiya oliy ta'lim muassasalari (OTM) bitiruvchilari forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir "Rossotrudnichestvo"ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan RFning O‘zbekistondagi elchixonasi qo‘llab-quvvatlashi ostida tashkil qilindi.

Facebook'dagi «Rossotrudnichestvo v Respublike Uzbekistan» sahifasida ma'lum qilinishicha, tadbirda RF TIVning xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash bo‘yicha departamenti direktori Oleg Malginov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi apparati rahbari o‘rinbosari Sobir Jabborov, "Rossotrudnichestvo"ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xodjayeva, diplomatik korpus vakillari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari va Rossiya OTMlari bitiruvchilari qatnashdi.

Vladimir Tyurdenev

Tadbir Rossiya va sovet oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olgan yetakchi o‘zbekistonliklar haqidagi videofilm namoyishi bilan boshlandi.

Vladimir Tyurdenev RF prezidenti tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar rivoji haqida so‘z yuritdi. Ta'kidlash joizki, ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi birinchi ta'lim forumi bo‘lib o‘tgan va uning yakunlariga ko‘ra 140 dan ortiq kelishuv imzolangan. Elchining qayd etishicha, O‘zbekiston Rossiyada ta'lim oluvchi talabalar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi, endilikda ta'lim kvotalarini oshirishga doir choralar ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonda Rossiyaning qator OTMlari filiallari ochilmoqda.

Sayyora Xodjayeva

Forum davomida Rossiya OTMlari bitiruvchilari assotsiatsiyasini yaratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi, Assotsiatsiya raisi sifatida bir ovozdan Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahatlashuv kengashi a'zosi Sayyora Xodjayeva saylandi. Mazkur assotsiatsiya bitiruvchilar manfaatlarini himoya qilish, qo‘shma tadbirlar tashkillashtirish hamda Rossiya OTM bitiruvchilarini O‘zbekistondagi davlat muassasalariga ishga joylash imkonini beradi.

Mavzuga oid