O‘zbekiston | 18:00 / 22.12.2018
47245
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta saylandi

Bugun, 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bosh vazir Abdulla Aripov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tgan tadbirda Qo‘mitaning so‘nggi besh yillik faoliyati yakunlari sarhisob qilindi hamda Taftish komissiyasining hisoboti eshitildi. Shuningdek, kun tartibiga muvofiq, Tanzila Norboyeva besh yillik muddatga Xotin-qizlar qo‘mitasi raisligiga qayta saylandi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Tadbirda O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida olib borilgan ishlar haqida hisobot berildi hamda kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar haqida ma'lum qilindi.  

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular davlat va boshqaruv idoralari, vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik va fermerlik tarmoqlarida ijtimoiy-ma'naviy, siyosiy-iqtisodiy sohalarda samarali mehnat qilib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ularning orasida vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, parlament azolari, mahalliy hokimlik, jamoat tashkilotlari rahbarlari sifatida faoliyat ko‘rsatishmoqda. 

Biroq boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda ayol-rahbarlar ko‘rsatkichi juda past ekaniga e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, qator tashkilotlar rahbarlari va xotin-qizlar vakillari o‘zlarining aniq takliflari bilan chiqishdi. 

Bosh vazir Abdulla Aripov shu yerning o‘zida vazirliklar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va berilgan takliflarni amalga oshirishga doir tegishli topshiriqlar berdi. 

Mavzuga oid