Jahon | 16:56 / 23.12.2018
24886
4 daqiqa o‘qiladi

Amerikacha xaos. AQSh Mudofaa vaziri nega iste'fo talab qilyapti?

​19 dekabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp amerikalik askarlarni Suriyadan chaqirib olishga qaror qilganini aytdi. Unga ko‘ra, AQSh Qurolli kuchlari «IShID» guruhi ustidan to‘liq g‘alaba qozonib, ularning Suriyada qiladigan ishi qolmagan. Aynan «g‘alaba» mamlakatdan harbiylarni olib chiqishga turtki bo‘lgan omil sifatida ko‘rsatilmoqda. 

Prezident tashabbusini Kongressdagi demokratlardan tortib, «o‘ziniki» bo‘lgan respublikachilar ham tanqid qilishga ulgurdi. 20 dekabr kuni esa AQSh Mudofaa vaziri Jyeyms Mettis iste'fo so‘rab, davlat rahbariga murojaat qildi. Xuddi kutilgan voqea, shunaqa emasmi?  

AQSh tashqi siyosati bilimdoni, Bloomberg jurnalisti Ilay Leykning fikricha, Mettisning oshkora iste'fo talab etishi - uning prezident siyosati bilan kelisholmay qolganidan keyin yuz bermayapti. Balki, bu harakatlar Trampning respublikachilar orasidagi legitimligini shubha ostida qoldiradi. Suriya bo‘yicha bildirilgan qaror esa rasmiy Oq uy doimo intilgan «yangi dunyo tartiboti»ni chilparchin qilib yuboradi. Asosiysi, Vashington endi do‘stlari haqida qayg‘urmaydi. 

Prezident xotirjamlikni saqlab, bosiqlik bilan Mudofaa vazirini ishdan bo‘shatishini ommaga, har galgidek, Tvitter orqali e'lon qildi. Hodisaning bunday ko‘rinish olganini ommaga boshqacha talqin etish ham mumkin: Tramp Mettisning so‘zlariga quloq solmadi va o‘z rejasida sobit. Menimcha ham shunday, u oxiri o‘ylab ko‘rilmagan rejasi bo‘yicha ish qilishni ma'qul ko‘rgan. Aftidan, prezident AQSh harbiylarini Afg‘onistondan ham chaqirib oladi. Negaki, Mudofaa vazirini siyosiy qarorlar kelishmovchiligi emas, bundan ham muhim sabablar Prezident jamoasi safidan chiqishga majbur qilgan. Mettis bu haqda Donald Trampdan iste'fosini so‘rab, zudlik bilan yozib chiqqan maktubida bildiradi. 

«Bir millat sifatida bizning kuchimiz hamkor va ittifoqdoshlarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan tizimda edi... Xavfsizligimizning kafili bo‘luvchi dunyo tartibotini saqlab, uni mustahkamlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni uddalashimiz kerak. Bu ishda ittifoqdoshlarimizning metin bo‘lishi bizga qo‘l keladi... Manfaatlarimizga mos bo‘lmagan strategik manfaatni ilgari surayotgan mamlakatlarga nisbatan yakdil va sobit munosabatimizni saqlab qolishimiz kerak», deydi u maktubda.

Mettis shonli davlat rahbariga zimdan ilmoq tashlab, «o‘qni nishonga urdi». 

«Sizning fikr va tushunchangiz, boshqa masalalar yuzasidan bir xil qarashga ega Mudofaa vaziri bilan ishlashga haqlisiz. Shu tufayli, men egallab turgan lavozimimdan ketishni to‘g‘ri, deb bilaman», deydi u. Ya'ni, vazir Donald Trampning AQSh ittifoqdoshlariga nisbatan munosabati buyog‘iga ham yaxshilanmasligiga ishora qilmoqda. Liberal dunyo tartibotini saqlab qolish uchun AQSh Prezidenti Mettisga quloq solmagani uning iste'fo talab etishiga sabab qilib ko‘rsatilyapti. 

Boshqacha qilib aytganda, gap aniq qadamlar haqida emas, balki amerikaliklar ishongan qadriyatlar haqida ketmoqda. AQSh ittifoqchisi bo‘lmish kurtlar ham Turkiya rahnamoligini qabul qilsa, e'tiroz bildiruvchi respublikachilar ham ko‘payib ketadi. Undan so‘ng, Prezidentning Senatda gapiradigan kuchli argumenti ham qolmaydi. U 2 yil ichida ikki nafar administratsiya rahbari, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchilar, Davlat kotibi va Bosh prokurorni almashtirishga ulgurdi. Tramp esa boshqaruvda. Pentagonda Mettis uni qo‘llarkan, Kongressda hech kim jiddiy sarosimaga tushmagandi. Endi Mettis ham yo‘q.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid