«Men bilmagan qo‘shni yurt». Tojikistonga safar taassurotlari
Dushanbe shahri o‘z nomi bilan hafta kunlaridan birini anglatadi - «dushanba». Qachonlardir, kichik qishloq atrofida yashagan barcha kishilar shu yerdagi yirik bozorga dushanba kuni kelib, savdo qilishga o‘rgangan. Hanuzgacha, Dushanbe shahridagi Barakat bozori sayyohlar uchun e'tiborga molik joylardan biri sanaladi. Shaharda ko‘hna bozorlarning ko‘chirilishi, diqqatga sazovor binolarning buzilishi tez-tez uchrab tursa-da, Dushanbe qiyofasi yorqin, u bir qarashda ko‘chasi baland binolar bilan to‘lgan Dubay, uzoqdan Ararat tog‘i ko‘rinib turgan Yerevan, eski mahallalarda qaynab turgan odamlari bilan Toshkentni eslatadi.
Shaharning markaziy ko‘chasida ko‘plab haykal va muzeylarni uchratish mumkin. Shuningdek, opera teatri va sayyohlarning ko‘nglini xush etuvchi bir qancha kafe, yemakxonalar bor. E'tiborlisi shundaki, Tojikiston men uchun olisdagi yurt bo‘lib tuyulmadi. Negaki, aeroportdan chiqishim bilan soatlarni sozlashga hojat yo‘q, O‘zbekiston Tojikiston bilan bir vaqt poyasi ostida yashaydi. Bu tabiiy mantiqdir, ammo dasturxonimiz ham bir xil. Mazali sho‘rva, palov, shakarob, tandirda pishirilgan non sizni uydan uzoqda bo‘lganingizni his etishga imkon bermaydi.
Aytgancha, xalqlarimiz o‘xshash deganda bir jihatni eslab o‘tay: marosim, to‘y va bayramlarni nishonlash, unda yoziladigan dasturxon bilan bog‘liq mashmasha tojiklarni ham qiynab kelgan. Shuning uchun marosimlarni o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilangan. Tavsiyaga amal qilmagan kishilar javobgarlikka tortiladi. Ovqatlanib o‘tirib, ana shu tartib bitilgan kitobcha barcha yemakxonada mavjudligiga ishonch hosil qildim. Asosiy ovqatlar so‘zsiz go‘shtdan tayyorlanadi. Cho‘chqa go‘shti umuman ishlatilmaydi.
Deyarli barcha qiziqarli binolarni shaharning Rudakiy ko‘chasidan topasiz. Me'moriy obidalar bo‘yicha ikkita fikrni aytish mumkin: birinchidan, u Sankt-Peterburg arxitekturasidan ilhomlangan, ikkinchidan, shahar Stalin davri me'morchiligi va sharqona shakllar uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan. Bejiz shaharni 1929 yili Stalinobod deb nomlashmagan, axir.
Shaharning yana bir e'tiborli joyi - barcha oliy ma'muriy binolar jamlangan maydon va uning markazidagi ulkan flagshtok. Bayroq dunyodagi eng baland flagshtokka ilingan edi. Ayni paytda u dunyodagi ikkinchi maqomini saqlab turibdi. Umuman olib aytganda, maydonda mahoratli quruvchilar bino etgan milliy kutubxona ham bor. Bu haqda alohida maqolada aytamiz.
Kezi kelsa, Tojikiston yo‘lsozlarini olqishlab qo‘yish lozim. Bunaqa ravon yo‘lni faqat Germaniyada ko‘rgandim. Lekin sayyohlar Tojikistonga asori-atiqalarni tomosha qilishga, me'moriy obidalardan hayratlanish uchun kelmaydi. Ular deyarli yo‘q. Bu mamlakatning ko‘zni hayratdan dong qotiruvchi tog‘lari, tabiati, uzoq suhbatlarda ham sizni zeriktirmaydigan xalqi bor. Mana nima uchun Tojikiston jozibador. Pomir tog‘lari, Hisor etaklari, Badaxshon va Hatlon, So‘g‘d... Bularning barchasi o‘zgacha submadaniyat namunasi sanaladi. Har bir hududning o‘z urf-odati borki, uni tomosha qilish uchun uzoq yurtlardan ham ajnabiylar keladi. Men vaqt tig‘izligi tufayli, afsuski, bu haqda faqat odamlardan eshitdim. Masalan, Markaziy Osiyoda eng katta an'anaviy bozorlardan biri - Payshanbaga (Xo‘jand shahrida) borib, uning g‘ala-g‘ovurida odamlarni kuzatish qanchalar maroqli. Men esa Hisor qal'asida bo‘ldim. Bu yerning tarixini surishtirganimda, mahalliy aholidan Iskandar Buyukning Roksana bilan nikohi mana shu qal'ada bo‘lganini bilib, moziyga uzoq boqib turdim.
Qishki pallada Dushanbe atrofidagi tog‘lar qor ziynati bilan yanada go‘zallashib qoladi. Safed-Dara tog‘ chang‘i kompleksidagi hordiq, shaksiz, hech yodimdan chiqmaydigan bir xotira bo‘lib qoladi. Tog‘da oila bilan dam olish uchun kelgan jahongashta sayohatchi Farhod Kalonov bilan tanishib qoldim.
U tojikistonlik mashhur sayyoh bo‘lib, deyarli butun dunyoni aylanib chiqqan. Rafiqasining ota-onasi so‘lim Farg‘ona tomonlardan... Xullas, Tojikistonda har kim bilan suhbat qilganingizda, suhbatdosh ochiq va samimiy bo‘ladi. Qiziqarlisi, ularning aksariyati, O‘zbekistonga aloqador, kimningdir bobosi, boshqasining onasi O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, keyinchalik Tojikistonga kelgan. Ana shunday qarindosh tutinib ketgan tojik do‘stlarimiz biroz o‘zbekcha ham gapirib xushomad qilib qo‘yishdi.
Tojiklar uchun mehmon, O‘zbekistonda bo‘lganidek, aziz va mo‘'tabar sanaladi. U - muqaddas kishi. Yegulik bilan mehmonning qornini to‘qlash, uni tinglash va qiziq hikoyalar aytib berish, albatta, bajariladigan ritualdir. Xalq vakillarning ganchkorlik ishlari tahsinga sazovor. Umuman hunarmandchilik bo‘yicha uzoq va xo‘p gapirish mumkin. O‘zbek va tojiklarni ikki tilda gaplashuvi bir xalq deya bejiz e'tirof etishmagan. O‘zbekistonliklar, ayniqsa Tojikistonda o‘zligini topaveradi.
Alisher RO‘ZIOXUNOV
Mavzuga oid
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
12:26 / 15.11.2024
Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
19:32 / 31.10.2024