O‘zbekiston | 07:46 / 23.12.2018
74370
10 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar qancha maosh olishlari lozim?

So‘nggi paytlarda o‘qituvchi kasbining obro‘sini ko‘tarish masalasi ko‘p muhokama qilindi va ularning maoshi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Ammo byudjyetning o‘ta muhim yana bir qatlami borki, ular ham alohida e'tiborga muhtoj. 

Shifokorlarning davlatdagi, jamiyatdagi o‘rni beqiyos, bu shubhasiz. Lekin so‘nggi yillarda bu soha bo‘yicha ham ziddiyatli fikrlar ko‘p uchramoqda. Tizim xodimlari maoshlar kamligidan, moddiy texnik baza sustligidan, aniq belgilanmagan va og‘ir ish vaqti kabi muammolardan shikoyat qilishsa, bemorlar shifokorlarning poraxo‘rligidan, yetarli e'tibor qaratmasligi va malakasi pastligidan nolishadi. Bir qarashda har ikki tomon ham o‘zicha haq. Keling, har ikki tomonning fikrlarini o‘rganamiz.

Bemor nuqtai nazari

Shifoxonaga ishingiz tushsa, tamom bo‘ldim deyavering. Tanish-bilishingiz bo‘lsaku yaxshi, agar hech kimga suyanmay borsangiz navbat kutib umringiz o‘tib ketadi. Bir amallab shifokorga kirganingizda ham qo‘l uchida ko‘radi va olamjahon dorilarni yozib berib, qo‘lingizga tikilib turadi. Ataganingizni qistirib, dorixonaga jo‘naysiz. U yerda shifokor belgilagan dorilarning narxini eshitib, kapalagingiz uchadi. 

Yana kamiga diagnostika uchun besh-olti joyga jo‘natadi va kerak-nokerak apparatlarga tushib, bor-budingizdan ayrilasiz. Nahotki, shifokorlar turli-tuman uskunalarga shu qadar suyanib qolgan bo‘lsalar?

Ayniqsa tug‘ruqxonalarda vaziyat chatoq. Bola eson-omon dunyoga kelsin deb so‘raganini berasiz, yana kamiga chiqib ketayotganingizda ham suyunchi deb allaqancha pulingizni shilib olishadi. Bermayman desangiz iloji yo‘q, qator bo‘lib turgandan keyin, bolangiz ularning qo‘lida bo‘lganidan keyin nima ham qilardingiz?..

Og‘ir operatsiyalar paytida jarrohlarning kuni tug‘adi. Avval kelishib, beradiganingizni berib qo‘ymasangiz, operatsiyangiz ham cho‘ziladi, sog‘-salomat chiqishga ham kafolat yo‘q. 

Eng alam qilarlisi, ko‘pchiligi o‘z kasbining sirlarini bilmaydi, tavakkaliga dori yozib beraveradi. Sizning salomatligingiz ikkinchi darajali.

Foto: iStock

Shifokor nuqtai nazari

Agar hayotimni qayta boshlash imkoniyati bo‘lganida, shu kasbni tanlamasdim! Mutlaqo jiddiy aytyapman. To‘g‘ri, ko‘cha tozalash, paxta terish, yagana qilishga ochiqdan-ochiq majburlashlaridan qutuldik. Ammo haliyam byudjyetning pulini bekordan-bekorga yeb yotibsan, degan minnatli gaplardan xalos bo‘lganimiz yo‘q. O‘sha byudjyet bizga maosh uchun ajratayotgan pulning o‘zi kulgili. Xo‘p, aytaylik men pora olmayman va halol ishlayman. 1,3-1,5 million so‘m oylik olaman. Xo‘sh, bu pulga oilamni, o‘sib kelayotgan uch bolamni boqishim mumkinmi? Lekin shugina maoshning ham osmon qadar javobgarligi bor — bemor uchun siz shifokorsiz, oylikni olyapsizmi, davlat sizni o‘qitganmi, vazifangizni bajarishingiz shart! Balki siz kontrakt to‘lab, o‘z pulingizga o‘qigandirsiz, maoshingiz tirikchilikka yetmas, lekin buning kimga qizig‘i bor?

Oxirgi paytlarda maoshlar oshishi haqida yaxshi xabarlar eshitdik, umid bilan kutyapmiz...

Bir kunda 10 soatgacha ishlayman, yana kunora navbatchilik. Ammo bemorlarning noroziligi tinmaydi. Hozirgi bemorlar zo‘r usulini topib olishgan – portal! Bir kuni hamshira bir bemor bola uchun otasiga ikkita «pampers» olib kelishni aytibdi. Boyagi otaning hammayoqni boshiga ko‘tarib do‘q urishini ko‘rsangiz edi. Nima emish, davlat hamma narsani ta'minlab qo‘yganmish, hammasini bepul berishimiz kerak emish. To‘g‘ri, oxirgi yillarda ta'minot ancha yaxshilandi, lekin hali hamma narsani davlat ta'minlab qo‘yishiga ancha bor. Umuman, o‘zi hech qachon bunday bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. 

Qishloqdagi shifokorning holiga bir qarang — mol ham boqadi, dehqonchilik ham qiladi, kerak bo‘lsa paxsa ham uradi. Axir u ham ne umidlar bilan 7-8 yil suyagu-o‘lik titkilab o‘qigan. Shu qishlog‘imga foydam tegsin deb qaytib kelgan. Yaganada ham, paxta terimida ham u bor. Qishloqda odam yo‘talsa ham unga qarab chopadi. Yaxshiyam xalqimiz xizmatini quruq qo‘ymaydi. Ukol qildi deya ikkita non qistirib jo‘natadi. Lekin oxirgi paytlarda mana shu berganini minnat qilganlarning bir toifasi paydo bo‘lyapti. 

Poliklinikadagi do‘xtirlarga yanayam qiyin. Eshigining oldi hamisha gavjum, lekin tuzalib ketaqolmaydigan bemorlarning daftarlari bir xirmon. Har tashrifga sahifa-sahifa to‘ldirib tashlanadi. Bu yerda endi non berish urf emas — saxiyroqlar besh-o‘n ming so‘m tashlab ketishadi, boshqalari shunchaki rahmat. Shifokor shunga ham xursand, shunday tushumlarga ham shukr qilib ko‘cha tozalash, binoni ta'mirlash, obuna, ishidan tashqari uyma-uy yurib hammaning holidan majburiy xabar olishlarni ham ichiga yutib bajaradi.

Tez yordam shifokorlari ishi hammanikidan ham og‘ir, mast-alastni eplagan ham, depressiyani amallagan ham, kamiga borgan joyida kaltak yegan ham shular. To‘g‘ri, maoshi ko‘proq, bandligi kamroq. Lekin ular o‘tkazgan bitta tun boshqalarning bir necha kuniga teng.

Shunday qiziq odamlarimiz borki, to‘y qilsa qoplab pul sochadi. Lekin salomatligiga kelganda xasisligi tutadi. Belgilangan muolajalar o‘zi uchun, lekin shuni ham pul sarflamaslik uchun qabul qilmaslik payida bo‘ladi. Dori buyursang arzonligiga uchib sifatsizini xarid qiladi, keyin shuncha ichib nega tuzalmayapman deb e'tiroz ham bildiradi.

Sog‘lom turmush tarzi, badantarbiya degan tushunchalar umuman yot bo‘lib ulgurgan!

Lekin organizm ma'lum darajaga kelib, bir dard tutganidan keyin shifokorning huzuriga chopadi va darhol davo topmasa, butun tizimni yomonlay boshlaydi. Xo‘sh, shu paytgacha qayerda edingiz? Ichmaslik, chekmaslik kerakligini bilmasmidingiz? Ertalab turib biroz yugurish kerakligidan bexabarmidingiz? Endi qanday qilib darrov tuzatib yuborishni talab qilasiz?

Yuqorida maosh to‘g‘risida gapirdim. Albatta, ko‘p sohalarda muammolar bor, davlat iqtisodi hali u qadar baquvvat emas. Lekin biz ham bugun yashayapmizku! Harbiylar, MIB xodimlarining maoshlariga havas qilamiz. Hatto quruvchilaru, kompyuter dasturchilarining oyligi ham shifokorlarnikidan yuqori. To‘g‘ri, MIBchilar pora olmasligi uchun baland maosh belgilangan. Xo‘sh, shifokorchi, unga pora olish mumkin ekanda demak?!

Umuman, asrlar davomida xalqimizda hakimlarga berib kelingan nazr-niyozni pora deb atash mumkinmi? 

Sohadagi qiyinchiliklardan zerikkan ko‘pchilik xususiy tibbiyotga o‘tib ketyapti, yanada ilg‘orlari xorijga jo‘nashyapti. Hatto xalqi qashshoq mamlakatlarda ishlagan hamkasblarimiz ham oyiga kamida 1000 dollar maosh olishyapti, 3-5 ming olayotganlari ham talaygina. Hamma o‘z ishini tashlab ketaversa, bu soha kimlarga qoladi? 

Tor mutaxassislikdan voz kechib, hammani umumiy amaliyotga o‘tkazishda shifokorlar obro‘si va daromadlari bir to‘kilgandi. Qachon tiklanadi, hayronman.

Foto: Depositphotos

Xullas savollar bisyor...

Qissadan hissa

Ko‘rib turganingizdek, har ikki tomonning ham o‘ziga yarasha e'tirozlari bor va har biri o‘zicha haq. Biz ham qaysidir tarafning pallasiga tosh bosish fikridan voz kechib, dunyoning turli davlatlaridagi shifokorlarning moddiy ahvoli bilan qiziqamiz, xulosa esa o‘zingizdan (raqamlar byudjyet tashkilotlarining o‘rtacha statistik ko‘rsatkichlarga asoslangan).

Yevropa

Niderlandiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 253 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 117 000 $

Belgiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 188 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 61 000 $

Buyuk Britaniya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 150 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 118 000 $

Fransiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 149 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 92 000 $

Irlandiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 143 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 90 000 $

Shveytsariya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 130 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 116 000 $

Daniya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 91 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 109 000 $

Norvegiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 77 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 69 000 $

Shvetsiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 76 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 66 000 $

Finlyandiya

Yillik o‘rtacha maosh (mutaxassislar): 74 000 $

Yillik o‘rtacha maosh (umumiy amaliyot shifokorlari): 68 000 $

Shimoliy Amerika

Kanada: 100-120 ming $

AQSh: 180-245 ming $

Markaziy Osiyo

Qozog‘iston: 4-7 ming $

Tojikiston: 1-1,3 ming $ 

Qirg‘iziston: 2-2,5 ming $ 

Arab davlatlari

Yaman: 12-18 ming $

Jazoir: 10-14 ming $

Saudiya Arabistoni: 60-85 ming $

Abror Zohidov.

Mavzuga oid