Jamiyat | 21:40 / 27.12.2018
18703
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkonsert» rahbari: «Bir yil ichida fonogrammani yo‘qotishni rejalashtirmoqdamiz»

Bugun, 27 dekabr kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasi tomonidan milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va 2018 yil yakunlari doirasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda estrada san'ati sohasida uchrayotgan ba'zi kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish maqsadida bir qator vazifalar belgilab olindi.

Bular:

− milliy qadriyatlar asosida estrada qo‘shiqchilik san'atini yanada rivojlantirish;

− iste'dodli estrada xonandalarini aniqlash;

− milliy estrada qo‘shiqlari namunalari asosida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlar, konsertlar va gastrollarni tizimli tashkil etish;

− «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi huzuridagi «O‘zbekiston xalq artistlari klubi» faoliyatini yanada rivojlantirish va boshqa qator vazifalar.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda muassasa direktori Odiljon Abduqahorov O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining faoliyatida dasturilamal deya tan olinishi haqida aytib o‘tgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan chekka hududlardagi yosh iste'dod egalarini izlash, ularni katta sahnaga chiqarish maqsadida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan tanlov e'lon qilingani haqida ma'lumot berib o‘tildi. Yig‘ilishda hududiy bo‘linmalar taqdirlandi, pul mukofotlari sertifikat tarzida taqdim etildi.

«Har bir izlab topilgan iste'dodli yosh uchun bo‘limlarga 5 million so‘mdan berilishi aytilgan edi. Bu ishlarning bajarilishida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Sirdaryo va Toshkent viloyati hududiy bo‘linmalarimiz rahbarlarini lavozimidan ozod etdik.

Bizga ushbu konsepsiya tayyor pishirilgan osh bo‘ldi. Barcha vazifalar belgilab o‘tilgan. Bu bizga yanada ko‘proq mas'uliyat yuklaydi. Kontseptsiyaga binoan, chekka hududlarda yoshlar bilan ishlash, «ustoz-shogird» an'analarini davom ettirish masalasi mavjud. Biz o‘zimizga vazifa oldik. Ya'ni, jonli ijroda konsertlar tashkil etish, bir yil ichida fonogrammani bosqichma-bosqich yo‘qotish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqdik. Bu qonun loyihasi tasdiqdan o‘tishi kutilmoqda. Hozirgi kunda olib borilayotgan ishlar yanada mas'uliyat yuklamoqda. Bizda kliplarning sifati nazorati bo‘yicha tuzilgan maxsus Kengash mavjud. Bir yil davomida tajriba asosida ko‘rdik. Bu Kengash 18 marta yig‘ilish o‘tkazdi. Jami bo‘lib 185ta videoklipni ko‘rib chiqdik. Ulardan 46tasi rad etildi. Oxirgi paytda jonli ijroda konsert berish imkoniyatiga ega san'atkorlar ham fonogrammaga o‘tib ketgan edi. Hozir yana hamma o‘zining ustida ishlashni boshladi», deydi «O‘zbekkonsert» rahbari yig‘ilish davomida.

«Avvalari bizning tizim faqat ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanar edi. Kim ariza bilan kelsa, ro‘yxatga olib qo‘yaverar edik. Hozir endi holat umuman o‘zgardi. Biz juda ko‘p ta'kidladik. Jonli ijroga o‘tinglar, o‘tinglar deb. Shunda hammasi saralanardi. Lekin, bu bilan ularga darrov taqiq qo‘ymayapmiz. Ularga imkon beryapmiz», deya ta'kidladi ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi raisi Avaz Mansurov.

Tadbir nihoyasida «O‘zbekkonsert» direktori Kun.uz muxbiriga Jahongir Poziljonov ijrosidagi #SelfiMeningPrezidentim qo‘shig‘i bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangani, buning natijasi albatta OAVda e'lon qilinishi haqida aytib o‘tdi.

«Bojalar» guruhi solisti Jahongir Poziljonovning prezident madh qilingan qo‘shig‘i dekabr oyining ikkinchi yarmidan ZO’R TV telekanali orqali efirga uzatilmoqda.

Bundan avvalroq ushbu qo‘shiq «O‘zbekkonsert» badiiy kengashidan rasmiy ruxsat olmagani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid