Iqtisodiyot | 17:30 / 27.12.2018
87148
18 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shilgan qiymat solig‘i yaxshimi yoki yagona soliq? QQS haqida qisqacha

Nihoyat 2019 yil uchun asosiy soliq parametrlari rasman e'lon qilindi va tabiiyki, nafaqat soliq tizimidagi xodimlar yoki hisobchilar, balki eng pastki qatlamdagi yakka tadbirkorlar uchun ham muhim o‘zgarishlar kutilmoqda.

Yangi soliq stavkalari, asosiy shartlar va majburiyatlar haqida to‘liq ma'lumotlarni topishingiz mumkin, bu yerda esa, shu paytgacha aksariyat iqtisodiy sub'yektlar uchun begona, endi esa, tushunarsiz bo‘lib qolayotgan QQS haqida qisqacha ma'lumot beramiz.

QQS nima o‘zi?

O‘z nomi bilan - «qo‘shilgan qiymat solig‘i», ya'ni ma'lum tayyor mahsulot uchun qiymat yaratadigan har bir sub'yekt o‘zi qo‘shgan qiymati miqdoridangina soliq to‘laydi.

Misol uchun. Bolalar kiyimi ishlab chiqariladigan bir tizimda faoliyat ko‘rsatadigan barcha tadbirkorlar QQS emas, «Yagona soliq», ya'ni tovar aylanmasidan soliq to‘laydi, deb tasavvur qilaylik. Ip yigiruvchi korxona 800 so‘mlik ip ishlab chiqaradi, undan ipni sotib olib, mato to‘qiydigan korxona mato narxini 1200 so‘m deb belgilaydi. Matoni olib, boshqa korxona undan kiyim tikadi va 1500 so‘mga ulgurji savdo firmasiga sotadi. Ulgurji savdo bilan shug‘ullanayotgan korxona tovarni 1800 so‘mdan chakana savdo shoxobchalariga sotadi. Magazin o‘zining foydasini qo‘yib, aytaylik 2000 so‘mdan bolalar kiyimini xaridorga sotadi.

Endi bu korxonalarning har biri yagona soliq to‘lovchisiligini inobatga olsak, (800+1200+1500+1800+2000 = 7 300) umumiy tovar aylanmasi 7300 so‘mni tashkil qilib, undan to‘lanadigan Yagona soliq 5 foiz, ya'ni, 365 so‘mni tashkil qiladi. Gap faqat yakuniy summada emas, e'tibor bergan bo‘lsangiz, dastlabki korxona ishlab chiqargan ip narxi keyingi hosil bo‘lgan har bir mahsulotning ichida o‘tiribdi va aslida, o‘sha 800 so‘mlik ip qiymatidan 5 marta 5 foizlik Yagona soliq olinyapti. Ip yigiruvchi korxona, mato tuquvchi, kiyim tikuvchi va savdo korxonalarining har biri «ipning qiymati» uchun ham 5 foiz soliq to‘lashmoqda. O‘z o‘zidan bu soliqlar yakunda xaridorning gardaniga tushadi.

«Qo‘shilgan qiymat solig‘i» esa, sub'yektlarning faqat o‘zi qo‘shgan qiymati miqdoridan soliq hisoblashni taqozo qiladi. Bu yerda QQSning 20 foiz stavkada bo‘lishi vahimaga solmasligi kerak. Yuqoridagi misoldan kelib chiqsak, ip yigiruvchi korxona 800 so‘mdan, mato to‘quvchi korxona esa, o‘zi qo‘shgan qiymat, ya'ni, 400 so‘mdan, kiyim tikuvchi korxona 300 so‘mdan, misolimizdagi savdo korxonalari esa, 200 so‘mdan soliq hisoblaydilar. Umumiy hisoblaganda, o‘sha 2000 so‘mdan sotilgan bolalar kiyimidan 330 so‘m, balki undan kamroq soliq chiqadi. Ya'ni, foiz ko‘rinishida katta ko‘ringani bilan, soliq miqdori hatto «Yagona soliq»dan ham kamroqqa tushishi mumkin (albatta, QQS to‘lovchilarning yana mol-mulk, foyda solig‘i kabi qo‘shimcha soliqlari ham borligini esdan chiqarmadik, bu endi alohida mavzu va xos hisob-kitobni talab qiladi)

Bu qanday ishlaydi?   

Amalda bu jarayonning hisob-kitobi va hisoboti qanday amalga oshadi? Korxona bir oy mobaynida sotgan mahsulotlar (yoki ko‘rsatgan xizmatlar) bo‘yicha barcha schet-fakturalarni yig‘ib chiqadi. Barcha schet-fakturalarning umumiy qiymati 120 million so‘m deylik. Undan 20 millioni o‘sha fakturalarda «QQS» sifatida aks ettirilgan. Bu - hisobot bo‘yicha Byudjyetga to‘lanadigan QQS qiymati.

Keyin esa, o‘z navbatida, korxona tomonidan qabul qilingan mahsulot (xom ashyo, xizmatlar) bo‘yicha schet-fakturalar jamlanadi. Bu yerda sotib olingan xom ashyolar, elektroenergiya xarajatlaridan tortib, boshqa xizmat turlari ham bo‘lishi mumkin. Bu fakturalarda aks etgan QQS qiymati jamlanadi va bu qiymat, yuqorida hisoblangan Byudjyetga to‘lanishi kerak bo‘lgan QQS summasidan chegirib tashlanadi. Ya'ni, masalan, korxona o‘sha oyda 96 million so‘mlik xom ashyo va xizmatlar sotib olgan bo‘lsa, uning qo‘shilgan qiymat solig‘i - 16 millionni tashkil etadi.

Demak, o‘sha oyda byudjyetga to‘lanishi kerak bo‘lgan QQS miqdori 20 – 16 = 4 million so‘mdir.

QQSning «haqiqiy» stavkasi

Albatta, 20 foiz, bu yangi tizimdagi eng aniq ma'lumotlardan biri. Ammo bir nozik jihatni e'tiborga olishimiz kerak. Bu tushuncha azaldan soliq tizimimizda bor bo‘lsa-da, iqtisodiyotimizning juda katta qismi Yagona Soliq to‘lovchisi bo‘lib kelgan. O‘zim ham anchadan beri hisobchi bo‘lib ishlasam ham, QQSga oxirgi marta 15 yil oldin, qurilish tashkilotida ishlab yurganimda «ishim tushgan». 

Demak, asosiy soliqni tovar aylanmasidan to‘lab kelgan bugungi «avlod» uchun QQSda ko‘rsatilgan 20 foiz biroz boshqacha tushunilishi mumkin. Yagona soliqdagi 5 foiz bilan solishtirganda farq 15 foizni tashkil qiladimi?

Yo‘q. QQS tovarning narxi ustiga «minishi» tufayli, tovar narxidan yoki aylanma mablag‘dan QQSni chiqarib olish uchun 20 foiz emas, 16.66 foiz hisoblashga to‘g‘ri keladi. Ya'ni, masalan narxi 600 so‘mlik tovarning ichidagi QQS 20 foiz – ya'ni, 120 so‘m emas. Tovarning narxi aslida 500 so‘m bo‘lib, 20 foiz ustiga «mindirilgan» va 600 so‘m hosil bo‘lgan. QQS summasi bu yerda – 100 so‘m.

O‘zimiz o‘rganib qolgan umumiy tovar aylanmasidan QQSni chiqarib olish uchun demak, summani 5ga emas, 6ga bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi. Bu esa, 16.66 foizni tashkil etadi.

Sodda qilib aytganda, QQS mahsulotlar realizatsiyasining umumiy hajmidan 16.66 foizni tashkil qiladi. 

QQS yaxshimi yoki yagona soliq?

Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar uchun bunaqa tanlovning o‘zi mavjud bo‘lmasa-da, solishtirish, o‘tgan yilga nisbatan soliq yuki oshadimi yoki yo‘qmi, buni bilish uchun ham bu savol o‘rinli.

Bu savolning umumiy javobi yo‘q. Masalan, yuqoridagi holatimizda korxona «Yagona soliq to‘lovchisi» bo‘lganida 6 million so‘m to‘lardi, QQSda esa, 4 million so‘m to‘laydi. Lekin buning aksi bo‘ladigan holatlar ham bor. Chunki korxona xom ashyoni qo‘shimcha qiymat solig‘isiz sotib olayotgan bo‘lishi ham mumkin, u holda avvalgiga nisbatan soliq yuki bir necha barobar oshib ketadi.

Ya'ni, qaysi biri afzal ekanini bilish uchun har bir korxona o‘z faoliyatidan kelib chiqishi, xarajatlari va tushumlarini, hamkorlik qiladigan boshqa korxonalarning qaysi soliq to‘lovchisi ekanini ham e'tiborga olishiga to‘g‘ri keladi. 

Hisob-kitob natijasida agar QQS to‘lovchisi bo‘lish soliq xarajatlarini kamaytiradigan bo‘lsa, hatto aylanma 1 milliarddan kam bo‘lsa ham, ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchisiga aylanish foydaliroq bo‘ladi.

Soddalashtirilgan yoki standart? Qaysi birini tanlash kerak?

Soliq konsepsiyasining dastlabki taqdim etilgan variantda mavjud bo‘lmagan tushuncha ham kiritildi – QQSning soddalashtirilgan varianti. Agar siz 2018 yilda 3 milliarddan kam tovar aylanmasiga ega bo‘lsangiz, bemalol, ariza bilan QQS to‘lashning soddalashtirilgan variantiga o‘tishingiz mumkin (agar 2019 yil davomida aylanmangiz bu limitdan oshib ketadigan bo‘lsa, o‘sha oshib ketgan oydan boshlab, standart QQSga o‘tasiz).

Bir qaraganda, bu hisob-kitobni ham va hatto soliq yukini ham birmuncha kamaytiradigan imkoniyatga o‘xshab ko‘rinadi. Chunki, jadvalda ko‘rganingizdek, bu yerda soliq stavkalari pastroq, o‘ylanib o‘tirmasdan o‘tib kutish mumkindek. Lekin sodda bo‘lmang, soddalashtirilgan variantning ham o‘ziga xos noqulayliklari bor.

Bu tizimda qabul qilingan schet-fakturalar, ya'ni xom ashyo va xizmatlarni sotib olayotganda aks etgan QQSlar inobatga olinmaydi. Bu xuddi «Yagona soliq»ning oshirilgan stavkasi kabi ishlaydi, siz tovar aylanmadan o‘sha belgilangan foizda QQS to‘laysiz, tamom.

Ya'ni, aslida bu soliq nomi bilan QQS bo‘lgani bilan, ishlash prinsipi va mantig‘i bo‘yicha, oborotdan to‘lanadigan soliqdir.

Yana o‘sha savolga qaytamiz, har bir korxona o‘zi uchun afzal variantini hisoblab ko‘rishi kerak bo‘ladi. Agar siz xom ashyo sotib olayotganingizda yetkazib beruvchining schet-fakturalarida QQS aks etayotgan bo‘lsa, yoki import bo‘lgani uchun bojxonada QQS to‘layotgan bo‘lsangiz, bu to‘lovlarni inobatsiz qoldirmang va standart QQSga o‘tganingiz durustroq. 2019 yilda sizga mahsulot yoki xom ashyo yetkazib beruvchilar qanday soliq to‘lashlarini ulardan so‘rab, bilib olish va shunga ko‘ra harakat qilish mumkin.

Tadbirkor qaydnomasiga:

·       Agar korxonangiz import mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullansa, standart QQS bo‘yicha ishlash samaraliroqdir. Chunki import mahsulotlarining aksariyat qismida bojxona rasmiylashtiruvi paytida shundoq ham QQS to‘laysiz. Bu summa esa, soliq hisobotlarida aks ettirilib, to‘lovingizni kamaytiradi.

·       Agar import xom ashyosi yordamida ishlab chiqarish bilan shug‘ullansangiz ham xuddi shu sabab bilan QQS tizimi «yagona soliq»qa nisbatan samaraliroq bo‘ladi. Ammo hozirda ba'zi tarmoqlar kabi, xom ashyo uchun bojxona imtiyozlariga ega bo‘lsangiz, «Yagona soliq»da qolganingiz durust. Chunki bojxonada imtiyoz tufayli QQS to‘lamaysiz, Lekin DSI sizdan to‘liq QQSni undirib oladi. Ya'ni yakunda hech qanday imtiyozga ega bo‘lmagan bo‘lib chiqasiz.

·       Agar ishlab chiqaradigan mahsulotingiz yoki xizmatingiz asosan yirik korxonalar va zavodlar uchun bo‘lsa, QQS to‘lovchisi bo‘lishingiz muhim. Chunki, endi iqtisodiyotda QQS to‘lovchilari ko‘payishini e'tiborga olsak, o‘sha yirik korxonalar ham mana shunday korxonalar bilan ishlashni afzal ko‘radi. Chunki sizga to‘layotgan QQS miqdorida ularning ham solig‘i kamayishini inobatga oling. 

·       Agar siz QQS to‘lovchisi bo‘lsangiz, xom ashyo yoki tovarlarni sotib olishda boshqa QQS to‘lovchilari bilan ishlashga harakat qiling. Chunki ularning tovarlari biroz qimmat bo‘lsa-da, qiymatning 16.66 foizi QQS bo‘ladi va bu summa sizning solig‘ingizni kamaytiradi.

·       Buning iloji bo‘lmasa, ya'ni siz mahsulotlarni asosan chakana yoki kichik korxonalardan sotib oladigan bo‘lsangiz, QQS to‘lovchisi bo‘lishingiz sizning zararingizga ishlaydi. Zinhor ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchisi bo‘lmang.

·       Yaxshisi har uch holatda (Yagona soliq, soddalashtirilgan QQS va standart QQS) korxonangizning soliq xarajatlarini hisoblab ko‘ring. Bu sizga qaysi tizim maqbulroq ekanini tanlash, agar tanlash imkoniyatingiz bo‘lmasa-da, o‘zgarishlar xarajatlaringizga qay tariqa va necha so‘m miqdorda ta'sir o‘tkazayotganini bilish imkoniga ega bo‘lasiz. Narx siyosati uchun muhim. 

Xulosa

Aslida soliq stavkalari yoki tizimlarining o‘zgarishi haqiqiy biznes raqobatida, erkin iqtisodiyotda tadbirkorlar uchun katta ta'sir o‘tkazmasligi kerak. Chunki bu o‘zgarishlar iqtisodiyotning barcha sub'yektlariga ta'sir qiladi, jumladan raqobatchi korxonalarga ham. Natijada, hammaning xarajati bir deyarli bir xil sur'atda o‘zgaradi va bu o‘zgarish narxlar belgilanishida bir xil aks etadi. Bu yerda yutadigan yoki yutqazadigan tomon faqat xaridor bo‘ladi xolos.

Ammo bizning holatimizda bu o‘zgarishlar yanada og‘riqliroq yuz berishi haqiqatga yaqin bo‘lib turibdi. Sababi, QQS tizimiga o‘tganimiz bilan, baribir, «aylanma mablag‘lardan soliq», ya'ni «Yagona soliq»dan butkul voz kechganimiz yo‘q. Bir paytning o‘zida, bir-biridan keskin farq qiladigan ikki xil tizimning bo‘lishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi, chalkashtiradi.

Bir korxonaning avvalgi va bugungi kundagi soliq yukini solishtirishdan ko‘ra, ayni bir paytdagi ikki korxonaning (ular raqobatchi bo‘lsa) ikki xil prinsipda ishlashi narxlar hosil bo‘lishiga, raqobatga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi va balki juda ko‘p korxonalarni moliyaviy qiyin ahvolga tushirishi, ularning raqobatga dosh bera olmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tasavvur qiling, ayni ish bilan shug‘ullanadigan ikki korxonaning biri QQS, boshqasi «Yagona soliq» to‘lasa? Va o‘sha soha uchun hisob-kitoblar «Yagona soliq» bo‘yicha ishlash soliq yukini sezilarli darajada kamaytirishini ko‘rsatsa? Biri bir yilda 900 million, ikkinchisi esa, 1,1 milliard so‘mlik aylanmaga ega bo‘lsa, deyarli bir xil ish yuritadigan korxonalarda farqli soliq yuklari bo‘lishi raqobatni o‘ldirmaydimi? Yoki ba'zi korxonalar belgilangan limitni saqlash uchun ba'zi aylanma mablag‘larni yashirish yoki keyingi yilga qoldirishga urinmaydimi? Yoki QQSdan qochish maqsadida ayni ta'sischi tomonidan alohida va bir nechta kichik korxonalarga bo‘linish holatlari ro‘y bermaydimi?

Iqtisodiyotning boshqa (ishlab chiqarish, savdo) sohalari bilan deyarli kesishmaydigan, ya'ni moddiy qiymatliklar yaratishda aktiv ishtirok etmaydigan sohalar bor. Masalan, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, konsalting, mehmonxona biznesi va shunga o‘xshash. Mana shu kabi sohalarda alohida tizimni joriy qilish o‘zini oqlaydi. Bu sohalarga aylanma mablag‘lardan soliq belgilash, «Yagona soliq» to‘lovini saqlab qolishning zarari yo‘q. Ammo bir qozonda qaynayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining ikki xil yo‘nalishdagi, ikki xil prinsiplar asosida soliqqa tortilishi amalga oshirilayotgan va oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlarning «beliga tepadi», samarasini pasaytiradi. Aksincha, erkin va shaffof raqobatga putur yetkazadi. Soliqqa tortishning realizatsiya hajmiga qarab farqlanishi tadbirkorlarni yana haqiqiy tovar aylanmasini yashirish ehtiyojini paydo qiladi. So‘nggi yilda (konvertatsiyadan so‘ng) anchagina ochiqqa chiqqan «yashirin iqtisodiyot» yana ko‘paya boshlaydi.

Albatta, har qanday tizimning to‘liq ishlashi uchun soliqchi va soliq to‘lovchilarning vijdoni, shaffoflik va halollik shart qilinadi. Ammo buning uchun halol va shaffof ishlovchi korxonaning erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida sog‘lom raqobatga chidamliligini ham ta'minlashga ehtiyoj seziladi. Buni ta'minlash esa, avvalo, soliq tizimi zimmasidagi vazifadir. Aytmoqchimanki, tadbirkorlardan insof bilan ishlashni talab qilish uchun, avvalo, ularning erkin ishlashlari va halol raqobat qilishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilishi shart.

Shuning uchun, shaxsan men iqtisodiyotdagi barcha sub'yektlar uchun, uning ishlash prinsiplari, aylanma mablag‘i, ishchilar soni, umuman har qanday ko‘rsatkichlaridan qat'i nazar, bir xil tizimdagi soliq to‘lashlari tarafdori bo‘lib qolaveraman. Faqat shu orqali biz kichik korxonalarni ham, katta korxonalarni ham, halol korxonalarni ham bir paytda asrab qola olamiz.

O‘zgarishlar esa, yakunda o‘sha hamma uchun bir xil bo‘lgan tizimga o‘tish uchun tashlangan qadam ekaniga ishongim keladi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid