Jahon | 15:40 / 28.12.2018
19842
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyalik harbiylar kurdlarni turklardan himoya qilish uchun Manbijga kirdi

Foto: © RIA Novosti

Suriya qurolli kuchlari mamlakat shimolidagi, Turkiya bilan chegaralardan 25 kilometr masofadagi Manbij shahriga kirishdi. Bu harakat hududda istiqomat qiluvchi kurdlarning Turkiyadan himoya qilish bo‘yicha murojaatiga javoban amalga oshirildi.

Harbiylar shahar markaziga Suriya Arab Respublikasi bayrog‘ini o‘rnatishgan.

SANA agentligi tomonidan xabar qilinishicha, hukumat armiyasi Manbijdagi «Suriya fuqarolari va boshqa aholi xavfsizligini to‘liq kafolatlaydi». 

Suriyaliklar bayonotida «milliy suverenitetni saqlab qolish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirilgan». Suriyalik harbiylar har qanday bosqinchini yo‘q qilishga tayyorligi qayd etilgan.

Bundan avvalroq suriyalik kurdlarning «Xalq mudofaasi kuchlari» otryadi (YPG) Turkiya bosqini xavfi ostida qolgan hududlarni Suriya armiyasi egallashini taklif qilgan holda bayonot bergandi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya shu haftada tanklari va zirhli texnikalarini Suriya chegarasi yaqiniga keltirgandi. Anqaradagilar Frot daryosi g‘arbidagi «terrorchilarni yo‘q qilish uchun imkon qadar tezroq harbiy amaliyot boshlash» niyatida ekani aytilgandi. Turkiya tomoni Suriya shimolidagi kurdlarning «Xalq mudofaasi kuchlari» otryadini ham, «Demokratik ittifoq» partiyasini ham jangarilar sifatida tasniflaydi.

Kurdlar ko‘p yillardan buyon AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelayotgandi. Ammo dekabr oyi oxiriga kelib AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyadagi harbiylar olib chiqib ketilishini ma'lum qildi va kurdlar Turkiya qarshisida himoyasiz qoldi.

Mavzuga oid