O‘zbekiston | 09:56 / 28.12.2018
11933
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot muassasalarida yetishmayotgan yuqori malakali xodimlar soni ma'lum qilindi

Foto: parliament.gov.uz

2018 yil 27 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida respublikadagi tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida tibbiyot sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalalarining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan tibbiyot muassasalarida yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan kuchli ehtiyoj, kadrlar yetishmovchiligi hali-hamon dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bugungi kunda respublikadagi 7 ta oliy ta'lim muassasasi va ularning 4 ta filialida 27352 nafar (75,3 foizi to‘lov kontrakt asosida) talaba ta'lim olmoqda. Ularga 3159 nafar professor-o‘qituvchi dars bermoqda. Ularning o‘rtacha yoshi 46 yosh. Ilmiy salohiyat 34 foizni tashkil etib, ilmiy darajalilarning o‘rtacha yoshi 48-50 yoshni tashkil etadi.

Tibbiyot muassasalarida yetishmayotgan yuqori malakali tibbiyot xodimlari soni 4200 dan ortiqni tashkil etadi. Respublika bo‘yicha joriy yilda 5000 ga yaqin yigit-qiz tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtini tamomlashi kutilayotgan bo‘lsa-da, ularning soni hududlar bo‘yicha mavjud ehtiyojga mos kelmaydi. Masalan, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha bitiruvchilar soni ushbu viloyatlardagi tibbiyot mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojning atigi 30 foizini qoplagani holda, Toshkent viloyati va Toshkent shahri bo‘yicha bitiruvchilar soni amaldagi ehtiyojdan 8-10 barobar ko‘pni tashkil etmoqda. Bunday tahlilni mutaxassisliklar hamda tuman va shaharlar kesimida olinadigan bo‘lsa, masala bundan ham o‘tkirlashadi.

Bugungi kunda tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida olib borilayotgan amaliy, laboratoriya mashg‘ulotlarining zarur moddiy-texnika bazasi umumiy amaliyot shifokori egallashi lozim amaliy ko‘nikmalarni to‘liq egallash imkonini bermaydi. Amaliy ko‘nikmalarni egallash uchun zarur asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari ham ma'naviy, ham jismonan eskirgan. Aksariyat o‘quv binolari qayta ta'mir va rekonstruksiyaga muhtoj, ma'ruza xonalari yetishmaydi. Tibbiyot OTMlari Axborot-resurs markazlarining fanlar bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta'minlanish darajasi talabga javob bermaydi.

Shuningdek, mamlakatdagi jami 78 ta tibbiyot kollejidagi jami 7541 nafar pedagogdan 4 nafari fan doktori, 39 nafari fan nomzodidir. 2019-2020 yillarda tibbiyot kollejlarini 64344 nafar o‘quvchi bitirib, mehnat bozoriga kirib kelishi kutilmoqda. Kollejlarning 31 tasi moslashtirilgan binoda joylashtirilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda barcha tibbiyot kollejlari kapital ta'mirga muhtoj.

Yig‘ilishda yangi tibbiyot mutaxassisliklarini ochish, professor-o‘qituvchilar malakasini xorijiy davlatlarda amalga oshirish tizimini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, sohaga oid huquqiy bazani zamon talablari asosida takomillashtirish masalalari ham chuqur muhokama etildi.

Mavzuga oid