O‘zbekiston | 09:37 / 29.12.2018
19858
4 daqiqa o‘qiladi

Navbahor tumanidagi noqonuniy qurilishlar. Muammo yechim topishi nimaga bog‘liq?

Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi «Qalqon ota» mahallasida istiqomat qiluvchi G.Turdiyevadan murojaat kelib tushdi.

«Biz yashaydigan Mustaqillik ko‘chasida ayrim xonadon egalari tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy qurilishlar tufayli yo‘llar tor holatga kelib qolgan. Yog‘ingarchilik kunlarda loy va tor yo‘lda harakatlanish qiyinlashadi. Bu ko‘chaga texnika vositalari kirishiga ham imkon yo‘q. Bu ko‘plab noqulayliklar tug‘diradi. Ushbu holat yuzasidan necha yillardan buyon tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Tuman mutasaddilari kelib vaziyatni bir necha marta o‘rganishdi. Holatni tasdiqlab, chora ko‘rishga va'da berib ketishadi. Ammo murojaatimiz 7 yildan buyon ijobiy yechim topmayapti», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

Haqiqatan ham murojaatda holati tasvirlangan ko‘cha ayrim xonadon egalari tomonidan noqonuniy qurilgan devorlar natijasida tor holatga kelib qolgan. Ba'zi devorlar nurab, xunuk manzara hosil qilgan.

G.Turdiyeva xonadoni yonidan qad ko‘targan devor avval mavjud bo‘lgan ariq ustiga qurilgan. Bu holat ham haqli e'tirozlarga sabab bo‘lgan. Murojaatchining aytishicha, shu orqali qo‘shni xonadonlar egalari tomonidan yo‘lning bir qismi egallab olingan.

Murojaatchi uyning kadastr hujjatlari va chizmalarini taqdim etdi. Devorlar chindan ham noqonuniy qurilgan. Tegishli tashkilotlar tomonidan holat yetarlicha o‘rganilmagan. O‘rganilgan bo‘lsa-da, masala o‘z yechimini topmagan.

Ushbu holat yuzasidan Navbahor tumani hokimligi mutasaddilari bilan uchrashdik. Bizni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Bahrom Rahmonov qarshi oldi. Mazkur nizoli vaziyat yuzasidan tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Xo‘jayev izoh berdi.

«Bu masaladan xabarimiz bor. G.Turdiyeva bu holat yuzasidan bir necha marta murojaat qilgan. Albatta, e'tiroz o‘rinli. Ammo qishloqda bu kabi noqonuniy qurilishlar ko‘p. Qurilishlar tegishli tartibda loyihalashtirilmagan. Shu tufayli bu kabi muammolar yuzaga kelgan. Ammo bu muammolar yaqinda o‘z yechimini topadi. Sababi, «Qalqon ota» qishlog‘i 2019 yilgi «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Dastur asosida bosh reja tasdiqlangan. Unga ko‘ra, barcha noqonuniy qurilishlar buziladi. Yo‘llar kengayadi», – deydi A.Xo‘jayev.

Navbahor tumani hokimligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardan ushbu qishloq haqiqatan ham dasturga kiritilganiga guvoh bo‘ldik.

Ammo bu muammo bir necha yildan buyon ijobiy yechim topmay kelgan. Bu kabi masalalar hal bo‘lishi uchun qishloq «Obod qishloq» dasturiga kiritilishini kutish shartmidi? 2019 yilda mabodo «Qalqon ota» emas, boshqa qishloq dasturga kiritilganda, muammo yana qancha vaqt o‘z yechimini kutardi?

Tuman hokimligi mutasaddilari bu kabi muammolar bo‘yicha jiddiy bosh qotirishi maqsadga muvofiq. Aks holda boshqa qishloqlarda bunday masalalar hal bo‘lishi uchun fuqarolar o‘z qishlog‘i «Obod qishloq» dasturiga kiritilishini kutishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid