Jamiyat | 16:50 / 30.12.2018
4173
3 daqiqa o‘qiladi

Xiva 2020 yil madaniyat poytaxti deb e'lon qilinishi mumkin

Foto: Anado‘li

2018 yilning 3 sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan Turk kengashining 6-sammitidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro turk madaniyati tashkiloti  - TURKSOYning 2012 yildan beri davom ettirib kelayotgan «Turk dunyosi madaniyat poytaxti» tanlash an'anasiga binoan, 2020 yil madaniyat poytaxti uchun Xiva shahri nomzodligini taklif qilgan edi.

Shu taklifga binoan tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan Dusen Kaseinov boshchiligidagi TURKSOY hay'ati O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga tashrif buyurdi. TURKSOY Bosh kotibi Dusen Kaseinov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev bilan suhbat chog‘ida ushbu uchrashuvni ko‘pdan buyon kutayotganini va endilikda o‘zaro aloqalarda yangi davr boshlanganini aytib o‘tdi. 

Professor Dusen Kaseinov O‘zbekistonning tashkilotdagi faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan davrida ham o‘zbek san'at arboblari bilan hamkorlikni davom ettirganini alohida ta'kidlab shunday dedi: «O‘zbekistonsiz turk dunyosi yarim. Uning boy tarixi va madaniyati nafaqat turk dunyosining, balki butun dunyo madaniyatining xazinasidir».

Kaseinov O‘zbekistonning TURKSOYdagi faoliyatini qayta tiklashining juda muhimligiga e'tibor qaratib yana shunday dedi: «TURKSOYdagi joyingiz turibdi. Bayrog‘ingiz ham osib qo‘yilgan. O‘zbekiston Madaniyat vazirining TURKSOYdagi vakili uchun ajratilgan xona ham sizlarni kutyapti. Qachon istasangiz kelishingiz mumkin. Biz bu qaroringizni kutyapmiz. TURKSOY Uzbekiston bilan yanada kuchlanadi».

O‘z navbatida, Sayfullayev ham O‘zbekiston a'zo bulgan TURKSOY tashkiloti bilan hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirdi.

«Hech kim bizni TURKSOYdan haydamadi. Bayrog‘imiz ham haligacha osig‘liq turibdi. Biz shunchaki TURKSOYdagi faoliyatimizga qisqa bir tanaffus bergan edik», dedi Sayfullayev.

Foto: Madaniyat vazirligi

Uchrashuv yakunida Sayfullayev va Kaseinov bir-birlariga esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi. 31 dekabr kuni TURKSOY hay'ati Xiva shahrini ziyorat qilishi rejalashtirilgan. 

Ma'lumot uchun, Xalqaro turk madaniyati tashkiloti – TURKSOY turkiy xalqlarning do‘stligi va o‘zaro hamjihatligini mustahkamlash, umumiy turk madaniyatini kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida faoliyat olib boradi. 

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid