Iqtisodiyot | 11:11 / 01.01.2019
37146
20 daqiqa o‘qiladi

Yuliy Yusupov soliq islohoti haqida: yutuq va muammolar

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashuv markazi (CED) rahbari Yuliy Yusupov O‘zbekiston Respublikasida soliq siyosatini mukammallashtirish konsepsiyasida belgilangan dastlabki rejalar bilan soliq sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlarni taqqoslab, ularga baho berdi va Kun.uz sayti uchun maqola tayyorladi.

Davlat moliyasi sohasiga taalluqli ikkita muhim hujjat e'lon qilindi.

- «2019 yil uchun soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining ba'zi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»;

- «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjyet mo‘ljallari to‘g‘risida»;

Bu hujjatlarni prezidentning iyun oyida imzolagan «O‘zbekiston Respublikasida soliq siyosatini mukammallashtirish konsepsiyasi haqida»gi qarorida belgilangan tamoyillarni amalga oshirilishi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqamiz.

Soliq islohoti boshlandi

Bu hujjatlarning qabul qilinishi 2019 yil 1 yanvardan soliq islohotining boshlanganini anglatadi. Islohotlarning zarurligi postsovet O‘zbekistondagi mavjud soliq tizimi iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga hech qanday imkoniyat qoldirmay, jahon iqtisodiyotining abadiy xomashyo quvuri bo‘lib qolishiga mahkum qilayotgani bilan shartlangan edi.

Soliq islohoti mavjud soliq tizimidagi 3ta muhim muammoni hal qilishga qaratilgan. Bu muammolarni va 2019 yilda ular qanday hal qilinishini ko‘rib chiqamiz.

1. Mehnatga haq to‘lash fondiga nisbatan yuqori soliqlar.

Ular bandlikka ko‘maklashmay, aksincha, soyali iqtisodiyotni rag‘batlantirayotgan edi.

2019 yilda mehnatga soliqlar keskin qisqaradi:

- ish haqidan byudjyetdan tashqari Pensiya fondiga ushlab qolinadigan 8% sug‘urta badali bekor qilinadi;

- soliqqa tortishning eng yuqori shkalasi 22,5% bo‘lgan progressiv turi o‘rniga, daromad solig‘ining 12% miqdordagi «tekis» shkalasi joriy qilinadi;

- soliqqa tortishning umumiy tartibida 25%, soddalashtirilgan tartibida 15% bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov 12% qilib belgilanadi;

2. Soliq yukining notekis taqsimlanishi

Birinchi navbatda gap soliqqa tortishning soddalashtirilgan va umumiy tartibi orasidagi juda katta farq haqida ketmoqda (ya'ni kichik va yirik korxonalar orasida). Bir tartibdan ikkinchisiga o‘tganda soliq yuki bir necha marta oshib ketishi mumkin. Bu esa biznesning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi va milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini keskin pasaytiradi.

Shundan kelib chiqqan holda, soliq yukini keskin qisqartirish va soliqqa tortishning umumiy tartibidagi qoidalarni soddalashtirish nazarda tutildi, jumladan:

- mehnatga haq to‘lash fondi soliqlari qisqartirildi (yuqoriga qarang);

- umumiy tartibdagi korxonalar uchun davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar bekor qilindi (tushumdan 3,2%);

- yuridik shaxslarning foyda solig‘i miqdori 14% dan 12% ga pasaytirildi (tijorat banklari uchun – 22% dan 20% ga, uyali aloqa kompaniyalari uchun 14% dan 20% ga oshdi va rentabellikning ma'lum darajasidan o‘tganda to‘lanadigan soliq bekor qilindi, sement va polietilen granula ishlab chiqaruvchilar uchun 14% dan 20% ga oshirildi);

- dividend solig‘i 10% dan 5% ga pasaytirildi;

- yuridik shaxslarning mulk solig‘i stavkasi 5% dan 2% ga pasaydi, shuningdek, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning barcha yuridik shaxslar tomonidan to‘lanishi shartligi joriy qilindi;

3. Xalqaro tajribaga zid ravishda, O‘zbekistonda tushumdan (aylanmadan) olinadigan soliqning mavjudligi

Ya'ni, qo‘shilgan qiymat, foyda, daromad emas, balki barcha xarajatlarni o‘z ichiga olgan tushumning soliqqa tortilishi. Bu umumbelgilangan soliqqa tortish tizimi korxonalari uchun davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar, kichik korxonalar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq to‘lovidan iborat edi.

Tushumdan olinadigan soliq, shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash zanjiridagi uzilishlar (QQS amalda o‘zining aksi bo‘lgan tushum solig‘iga aylangan holatlar) ijtimoiy mehnat taqsimotiga, qo‘shilgan qiymatni yaratish uchun uzun zanjirni shakllantirishga juda salbiy ta'sir qilayotgan edi. Chunki, zanjir qanchalik uzun bo‘lsa, soliq yuki shunchalik ortib, ikki va uch marotaba soliqqa tortish yuzaga kelayotgandi. Bunday sharoitda xomashyodan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotga qadar to‘laqonli ishlab chiqarish siklini yaratishning iloji yo‘q edi.

Bunday vaziyatda yechim yagona: tushum soliqlaridan voz kechib, qo‘shilgan qiymat solig‘ini joriy qilish. Buning uchun islohotlar doirasidagi quyidagilar ko‘zda tutilgan:

- umumbelgilangan soliqqa tortish tizimi korxonalari uchun davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalarni bekor qilish;

- umumbelgilangan soliqqa tortish tizimi korxonalari uchun soliq yukini pasaytirish, bu bilan kichik korxonalarni bu tizimga o‘tishga qiziqtirish;

- yil yakuniga ko‘ra, tushumi (aylanmasi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan marradan o‘tgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish;

Bu choralarni amalga oshirish soliq tizimini keskin o‘zgartirish imkoniyatini beradi. Islohot O‘zbekiston iqtisodiyotiga soliqqa tortishning zamonaviy modeliga o‘tish, soliq tizimini rivojlangan davlatlar standartlariga yaqinlashtirib, nomutanosiblik va tengsizlikni bartaraf qilish, yakunda esa iqtisodiyotni inklyuziv barqaror rivojlanishiga ko‘mak beruvchi samarali ijtimoiy institutlarni yaratish imkoniyatini beradi.

Biroq, hammasi ajoyib va juda yaxshi deyolmaymiz. Islohotlarni amalga oshirishda muammolar bor va ular zinhor kichik emas.

Islohotlarni amalga oshirishdagi eng katta xato

Soliq islohotini amalga oshirayotgan hukumatning eng katta xatosi, menimcha, QQS stavkasini 20% qilib qoldirilishi bo‘ldi (to‘g‘ri, 2019 yil yakuniga ko‘ra u pasayishi mumkin). Gap shundaki, soliq islohoti konsepsiyasining dastlabki variantida stavka 12% qilib belgilanishi ko‘zda tutilgan edi.

Birinchidan, konsepsiya mualliflari qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda mavjud bo‘lgan 12% stavkani mo‘ljallagan edilar. Ikkinchidan, aynan 12% stavka ko‘plab kichik korxonalarga soliqqa tortishning umumiy tartibiga og‘riqlarsiz o‘tish imkoniyatini berar edi.

Endi esa:

- biznesning legallashuvi va soliqqa tortishning umumiy tartibiga o‘tishi kutilganidan kamroq ko‘lamda bo‘ladi. Biznes QQSga o‘tmaslikka faol tarzda harakat qiladi, jumladan, biznesni maydalashtirish, tushumni yashirish, yangi yuridik shaxs sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tish shaklida; 

- mahalliy tovar va xizmatlarning ba'zi turlari qo‘shni mamlakatlarga nisbatan kamroq raqobatbardosh bo‘lishi mumkin;

- soliqqa tortiladigan bazaning qisqarishi natijasida, byudjyet daromadlari kamayishi mumkin.

Soliqqa tortishning yangi tizimiga o‘tishdagi biz duch kelayotgan ko‘plab muammolar aynan QQS stavkasini pasaytirishni istamaslik bilan bog‘liq. Umid qilamizki, bu qaror soliq islohotlari ildiziga bolta urmaydi.

QQS stavkasini pasaytirish o‘rniga soddalashtirilgan QQS tizimi joriy qilinmoqda. Menimcha, bu soliq islohotini amalga oshirish jarayonini sekinlashtiradi va qiyinlashtiradi, chunki, bu soliqni to‘lashda to‘laqonli hisobga olishni amalga oshirish imkoniyatini bermaydi.

Soddalashtirilgan QQS tizimiga o‘tish imkoniyati yillik aylanmasi 3 milliardgacha bo‘lgan korxonalar uchun mavjud va bu rejimda 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lish mumkin.

Bu tartibning asosiy xususiyati soliq stavkasini pastligi, shuningdek, xarid qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha QQS summasini hisobga olish imkoniyatining yo‘qligidir. Bunda to‘langan QQS mahsulotni sotib oluvchi standart QQS to‘lovchi tomonidan hisobga olinishi mumkin.

 

Soddalashtirilgan QQSning bazaviy stavkasi – 7%. Ammo iqtisodiyotning alohida sohalari uchun boshqacha stavkalar ko‘zda tutilgan: qurilish korxonalari – 8%, savdo korxonalari – 6%, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xo‘jaligi korxonalari – 10%, professional xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (auditorlik xizmatlari, soliq maslahati xizmatlari, konsalting, brokerlik xizmatlari va b.) – 15%, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi yuridik shaxslar (o‘zi ishlab chiqargan mahsulotdan tashqari) – 4%.

Soliq konsepsiyasini amalga oshirishdagi boshqa muammolar

Afsuski, prezidentning iyun oyidagi qarorida ko‘rsatilgan ba'zi vazifalarni bajarish qaysidir ma'noda barbod qilingan.

1. Soliq kodeksining yangi talqini ishlab chiqilmagan. Vaholanki, buni amalga oshirish uchun yarim yil vaqt bor edi. Dekabr oyida kodeksga kiritilayotgan o‘zgarishlar yangi soliq tizimini joriy qilishdagi ko‘plab muammolarni hal qilmaydi. Bu islohotlarga berilgan katta zarba.

2. O‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga taalluqli QQS bilan bog‘liq muammo hal qilinmagan. Muammoning mohiyati shundaki, agrar korxonalar QQS to‘lamaydi, natijada, ularning mahsulotini xarid qiluvchi va qayta ishlovchi umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari qo‘shilgan qiymatni yaratuvchi zanjirning ishtirokchisi sifatida uni hisobga ololmaydi. Natijada, bu korxonalarning soliq yuki ortadi. O‘z navbatida, bu muammoni hal qilish uchun yaxshi variantlar bor edi, ammo, ular e'tiborga olinmadi.

To‘g‘ri, Soliq kodeksining 208-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan ba'zi oziq-ovqat mahsulotlarining QQSdan ozod qilinishi, ularning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi ko‘rsatilgan. Ammo, bu ro‘yxat qayerda va nega u Kodeks bilan emas, balki Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanishi kerak? Bundan tashqari, nooziq-ovqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchilar, masalan to‘qimachi korxonalari nima qilishi kerak? Ular uchun muammo umuman hal qilinmagan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha QQSning hisobga olinishi muammosining yechim topmagani – soliq islohoti uchun xavfli bo‘lgan yana bir (QQSning 20% qilib belgilanishi bilan bir qatorda) muammolardan biridir. Umid qilamanki, 2019 yilda bunga qandaydir yechim topiladi.

3. QQS va foyda solig‘ini hisoblab chiqish va to‘lashning soddalashtirilishi haqidagi Kontseptsiyada belgilangan reja amalga oshirilmadi. Bu soliqlar hisobini yuritish soliq to‘lovchilar uchun ham va soliq idoralari uchun ham murakkabligicha qolmoqda. Bu esa soliq islohotini muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga halal beradi.

4. Soliq imtiyozlari optimizatsiya qilinmadi. Ko‘plab soliq imtiyozlarining mavjudligi samarasiz va zararlidir: ular raqobatni o‘ldirmoqda (kimdir imtiyozga ega, kimdir yo‘q) va davlat byudjyeti daromadlarini pasaytirmoqda. Prezident 2018 yil 29 dekabrdagi murojaatida optimizatsiya masalasini yana bir marotaba ko‘ndalang qo‘ygani bejiz emas: «Soliq yukini pasaytirish hisobiga, barcha uchun adolatli bo‘lgan soliq tizimini joriy qilish kerak, soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilish lozim».

Hukumat bunday optimizatsiyani byudjyet daromadlarining pasayishidan cho‘chib amalga oshirmagani ajablanarli. Janoblar, mana marhamat – byudjyetni to‘ldirish manbalari! Nima uchun ulardan foydalanishni istamaysizlar? Bu savolga javob olishni istardik. Shunday bo‘lsa-da, o‘zim bu savolga quyida javob berishga harakat qilaman.

5. Soliq islohotlari Kontseptsiyasiga zid ravishda (unda yagona soliq to‘lovi stavkasi 4% bo‘lishi ko‘zda tutilgandi) iqtisodiyotning turli sohalari uchun yagona soliqning turli stavkalari belgilandi («O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjyet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi qarorning 7-ilovasiga qarang). Xususan, aholi soni 100 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlardagi umumiy ovqatlanish korxonalari 8% stavka bo‘yicha yagona soliq to‘laydilar. Moliyaviy idoralarimizning iqtisodiyotning bu sohasiga bo‘lgan «g‘alati munosabati» haqida keyinroq suhbatlashamiz.

6. Soliq qonunchiligining bir qator muhim normalari hech qanday muhokamasiz tasdiqlandi. Ular quyidagilar:

- soddalashtirilgan QQS tizimi,

- mobil aloqa xizmatiga aksiz solig‘ining joriy qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan sigaretalarga aksiz solig‘i stavkasining oshirilishi,

- Tovar aylanmasi 100 milliondan ortiq, ammo 1 milliarddan kam bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga yagona soliq to‘lovining joriy qilinishi. Bu toifadagi tadbirkorlarni yagona soliq to‘lovchilari qatoriga o‘tkazilishi nima uchun kerak ekan? Vaholanki, islohotning muhim maqsadlaridan biri – aylanmadan olinadigan soliq sohalarini qisqartirish edi (bu holatda esa u kengaymoqda).

Lobbistlar yutib chiqdimi?

Soliq imtiyozlarini optimallashtirishga qaytamiz. Bu vazifani bajarishning murakkabligi xususiy, guruh va idoraviy manfaatlarni lobbi qilish bilan bog‘liqligini taxmin qilish mumkin.

Har bir imtiyoz ortida nufuzli kuchlar turib, biznes uchun sharoitlarning tenglashtirilishiga qarshi chiqmoqda. Chunki barcha uchun bir xil va shaffof bo‘lgan o‘yin qoidalari ularning biznesdagi raqobatda yutib chiqish imkonini beruvchi ustunlikdan mahrum qilmoqda. Bunday lobbistlarni tushunish mumkin. Biroq, umid qilamanki, hukumat ularning ta'siri ostiga tushib qolmaydi va ijtimoiy manfaatlarni amalga oshirishga harakat qiladi.

Lobbi kuchlari ta'sirining misoli sifatida bojxona to‘lovlari bilan bog‘liq vaziyatni keltirish mumkin.

2018 yil iyun oyida «O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va bojxona-tarif nazorati tizimini takomillashtirish haqida»gi prezident qarori qabul qilingan, unda 2019 yil 1 yanvardan bojxona to‘lovlarining keskin qisqarishi ko‘zda tutilgan edi.

Qarorning dastlabki versiyasidagi rejalar va unga dekabr oyida kiritilgan o‘zgarishlarni taqqoslab («O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjyet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi qarorga 33-ilovaning 10-punktiga qarang), u yoki bu lobbi guruhlarining kuchi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Albatta, bu ro‘yxatda avtosanoat so‘zsiz peshqadamlik qilmoqda. U 20 yildan beri turli taqiqlovchi bojxona to‘lovlari orqali, har qanday raqobatdan himoya qilingan. Natija esa – tannarxning yuqori ekani, assortimentning kamligi, mahsulot sifatining pastligi va iste'molchilar uchun narxning yuqoriligi (rasmiy narxlarning yuqoriligi, navbatlar, «shapkalar»).

Qizig‘i shundaki, byudjyet bu sohadan deyarli hech narsa olmaydi, chunki unga juda katta soliq imtiyozlari berilgan. 2019 yilda soliq imtiyozlarining bir qismi bekor qilindi. Ammo, avtosanoatning monopoliyasini inobatga oladigan bo‘lsak, u yangi soliq yukini osonlik bilan iste'molchi gardaniga yuklaydi. Demak avtomobillar narxining yanada oshishini kutavering.

Qaysi tovar ishlab chiqaruvchilar bojxona to‘lovlarining yuqori bo‘lishini lobbi qilmoqdalar?

Bojxona to‘lovlari 15%dan ortiq bo‘lgan va/yoki import uchun aksiz mavjud bo‘lgan o‘rinlarga qaraymiz:

- qandolat mahsulotlari;

- qayta ishlangan meva/sabzavot mahsulotlari;

- muzqaymoq, pishloq, tvorog, tuxum;

- gazli va alkogol ichimliklar, sigaretalar;

- ba'zi qurilish materiallari (sement, ohak, gips, plastmassa materiallari), sopol buyumlar;

- tayyor tekstil mahsulotlari, gilamlar;

- alyumin profillar va alyumindan boshqa mahsulotlar;

- cho‘g‘lanma lampalar, gazplitalar va elektroplitalar, suv isitish moslamalari, mikroto‘lqinli pechlar, konditsionerlar, televizorlar, monitorlar, muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, changyutgichlar, dazmol va boshqa maishiy texnika,

- traktorlar, g‘alla o‘rib oladigan kombaynlar.

Bu o‘z manfaatlarini hukumat orqali himoya qilishga erishgan lobbistlarning ro‘yxati. Boshqa soha vakillariga esa kamroq ulush tekkan.

Umumiy ovqatlanish korxonalarining aybi nima?

Agar kimdadir lobbi kuchi umuman yo‘q deydigan bo‘lsak, bu umumiy ovqatlanish sohasidir.

Bu sektor har doim moliyaviy idoralarning diqqat-eʼtiborida turgan. Masalan, yagona soliq to‘lovining bazaviy stavkasi 2018 yilda - 5%, chakana savdoda – 4%, umumiy ovqatlanishda esa – 10%. Nega? Qandaydir mantiqiy asos topishga urinib ko‘ring, ammo u mavjud emas. Shunchaki kimdir shuni xohlab qolgan.

Qayd qilish joizki, 2019 yilda ham sektorga nisbatan bunday munosabat saqlanib qolgan: yagona soliq to‘lovining bazaviy stavkasi – 4%, umumiy ovqatlanish sohasida – 8% (Soliq islohoti konsepsiyasiga zid ravishda).

Soddalashtirilgan QQS bazaviy stavkasi – 7%. Ammo umumiy ovqatlanish korxonalari va mehmonxona xo‘jaligi korxonalari uchun albatta – 10%. Biz turizmni shunday rivojlantirmoqchimiz. Shunchaki fantastika. Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalari soliq islohotidan oldin yoppasiga soliq idoralari tomonidan ommaviy tekshiruvlarga ham uchragan edi.

Umumiy ovqatlanish korxonalari uyushmasi va turizm sohasi rahbarlarini o‘z manfaatlarini muvaffaqiyatli tarzda himoya qilayotgan sohalar rahbarlari oldiga malaka oshirishga yuborish kerak, ro‘yxatni yuqorida sanab o‘tganmiz.

Noaniqlik va noshaffoflik – biznesning asosiy dushmanlari

Yakunda investitsiya muhiti haqida gapiramiz.

Yaqinda ikkita katta mulozimning qiziqarli suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, senator Jahongir Ortiqxo‘jayev Qozog‘istonni investitsiya jalb qilish yo‘lidagi asosiy raqibimiz ekanini, biroq soliqlarimiz investitsiya jozibasini yetarli darajada ta'minlash imkonini bermasligini aytdi.

Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov unga e'tiroz bildirib, raqobat faqat soliq stavkalarining pastligiga bog‘liq emasligini aytdi.

Bunday paytda Xo‘ja Nasriddinning «xotin, sen ham haqsan», degani to‘g‘risidagi latifa esga tushib ketadi (internetdan izlab ko‘rishingiz mumkin). Har ikkala mulozim ham haq.

Investorlar (mahalliysi ham, xorijiysi ham) albatta soliq yuklamasiga nazar solishadi va uni Fransiya yoki Latviyaniki bilan emas, bizga qo‘shni mamlakatlar bilan taqqoslab ko‘rishadi. Bizda mavjud bo‘lgan 20% QQS bilan (soliq konsepsiyasini muhokama qilishda Moliya vazirligi shunday bo‘lishi kerakligini ta'kidlab, yakunda bunga erishdi) biz o‘z tadbirkorlarimiz uchun ham investitsiya tomondan jozibador bo‘lishimiz juda og‘ir.

Boshqa tomondan olib qaralganda, mamlakatning investitsion jozibasini faqat soliqlar belgilab bermaydi. Biznesni iqtisodiyotning deyarli barcha jabhalari qiziqtiradi: mulk huquqining himoya qilinishi, ma'muriy to‘siqlar, moliyaviy sektorning faoliyati, barcha uchun bir xil bo‘lgan o‘yin qoidalari va hokazolar. Va albatta investitsion jozibaning muhim omillaridan biri – siyosat va qonunchilikning ochiq va shaffofligidir, kutilmagan harakatlardan holi ekanidir.

Aynan shu mavzuda ko‘proq bahslashish kerak deb hisoblaymiz. 2019 yilda biznes o‘ziga taalluqli bo‘lgan soliqqa tortish qoidalarini yangi yilga bir necha kun qolganida bilib oldi. Hatto, hujjatlar e'lon qilinganidan keyin ham ko‘p narsa mavhumligicha qolmoqda.

Xo‘sh, bunday noaniqlik va noshaffoflik sharoitida qanday qilib biznes ishini rejalashtirish va investitsiyalarni amalga oshirish mumkin? Va qanday qilib, yangi investorlarning jalb qilinishiga umid qilish mumkin? Biroq, bu ritorik savollar edi xolos.

Mavzuga oid