Jahon | 17:30 / 06.01.2019
66792
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya qiroli taxtdan voz kechdi. U noyabrda «Moskva go‘zali»ga uylangandi

Foto: Reuters

Malayziya qiroli Muhammad V taxtdan voz kechdi. Bu haqda qirollik saroyi bayonotiga asoslangan holda Reuters agentligi xabar bermoqda. Agentlik ma'lumotida iste'fo sababi keltirilmagan.

«Hazrati oliylari belgilangan tartiblar asosida taxtdan voz kechish bo‘yicha rasmiy maktub yo‘lladi», deyiladi xabarda.

Qirol o‘zini saylagan Konfederatsiya kengashi a'zolariga minnatdorchilik bildirgan.

Qayd etilishicha, monarxning kutilmaganda taxtni topshirishi mamlakat tarixida ilk marta kuzatilmoqda. 

Star nashri xabariga ko‘ra, u  Malayziya federal konstitutsiyasining 32-moddasiga ko‘ra muddatidan avval lavozimini tark etgan. Qonunchilikka ko‘ra, Malayziyadagi sultonlar orasidan har besh yilda qirol va uning yordamchisi — vitse-qirol tanlanadi.

1969 yilda tug‘ilgan Muhammad V Buyuk Britaniyada tahsil olgan. U 2016 yilda hokimiyat tepasiga kelgan va 5 yil muddatga Malayziyaning hukmdoriga aylangandi. U endi o‘zining sultonligiga - Kelantanga qaytadi.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda 49 yoshda bo‘lgan Muhammad V 2018 yilning noyabrida rossiyalik 25 yoshli model Oksana Voyevodinaga, «Miss Moskva-2015» tanlovi g‘olibiga uylangani shov-shuv bo‘lib ketgandi.

Mavzuga oid