O‘zbekiston | 14:51 / 06.01.2019
28071
3 daqiqa o‘qiladi

Orol dengizining qurigan hududlari o‘rmonlashtirilyapti

Agar mustaqillik yillarida O‘zbekiston bo‘yicha 1 million 220 ming gektarga yaqin o‘rmonzor yaratilgan bo‘lsa, shundan 400 ming gektardan ortig‘i aynan Orolbo‘yi hududida barpo etilgan. Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga ko‘ra, Orol dengizining qurigan hududida kelgusi yilning o‘zida yana 500 ming gektar yerda sho‘rga chidamli daraxt ko‘chatlari va saksovullardan o‘rmonzor barpo etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatida gapirib, Orol dengizi atrofini o‘rmonzorga aylantirish bo‘yicha taklif bildirgandi. 

«Tasavvur qilinglar, agar biz bir yilda 500 ming gektar o‘rmonzor tashkil qilsak, 10 yilda qanday bo‘ladi? Tasavvur qilinglar, 27 yilda shuni tashkil qilganimizda hozir qanday ahvol bo‘lardi?» – deya ta'kidlagan edi O‘zbekiston Prezidenti.

Xalqaro press-klubning Mo‘ynoqdagi sayyor-sessiyasi davomi XPK raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev «Orolni o‘rmonlashtirish ishlarida barcha ko‘ngilli jamoalar, xususan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari faol» bo‘layotganini bildirdi. 

Foto: Xalqaro press-klub

«Xalqimiz saxiy, pul bo‘lmasa, boshqa jihatdan yordam qilmoqda», - deya qurilish ishlariga materiallarni yetkazib bermoqchi bo‘layotgan tadbirkorlarni sanab o‘tdi Qudratxo‘jyev.

Ma'lumot uchun,  Orolning qurigan hududlarida saksovul va sho‘rga chidamli butazorlardan o‘rmonzor tashki etish masalasi 700 ming gektar yerni qamrab olishi nazarda tutilgan. Orol halokati oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 2013 – 2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko‘pi milliy loyihalardir.

Foto: Xalqaro press-klub

2017 – 2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy holatni, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ekologik falokat asoratlarini yumshatish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.  ​

Mavzuga oid