Jahon | 11:00 / 08.01.2019
28265
2 daqiqa o‘qiladi

Skripallarning zaharlanishdan keyingi hayoti haqida tafsilotlar paydo bo‘ldi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

GRU sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliya, katta ehtimol bilan, zaharlashga urinish holatidan keyin Buyuk Britaniyada qolishgan. Bu haqda The Telegraph xavfsizlik xizmatlaridagi o‘z manbalariga asosan yozmoqda.

Ularning taxminicha, Skripallar Angliya janubida joylashtirilgan. U yerda ular tor doiradagi tibbiy ekspertlar nazorati ostida yashamoqda. Ehtimol, Yuliya hatto ish topgan ham bo‘lishi mumkin - nashr suhbatdoshlari fikricha, uning rus tilini bilishi bunda qo‘l keladi.

Shu bilan birga, guvohlarni himoya qilish dasturiga qaramasdan, oila Rossiya va Buyuk Britaniyadagi qator yaqin do‘stlari bilan aloqalarni saqlab turibdi, ba'zilari esa yozda Skripallarni ko‘rgani ham borgan, deya ta'kidlaydi The Telegraph manbalari.

Yuliya Skripal 10 aprel kuni shifoxonadan chiqarildi, otasi 18 may kuni u yerni tark etdi. O‘shandan beri sobiq polkovnik matbuot yoki rasmiylar bilan aloqa qilmadi. Uning qizi Reuters agentligiga intervyu berib, uzoq muddatli istiqbolda Rossiyaga qaytishni rejalashtirayotgani, biroq hozircha Londondagi maxfiy boshpanada qolishga majbur ekanini aytdi.

Skripallar 4 mart kuni Solsberida zaharlandi. London rasmiy versiyasiga ko‘ra, ularga qarshi SSSRda kimyoviy qurol sifatida ishlab chiqilgan «Novichok» asab-falajlovchi moddasi qo‘llanilgan, suiqasd ortida esa Rossiya rahbariyati turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Skripalga qilingan suiqasdning barcha tafsilotlari aniqlangandi.

Mavzuga oid