Jinoyat kodeksi yangi modda bilan to‘ldirildi. U tilanchilik to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi”da e'lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritildi:
1) 17-moddaning to‘rtinchi qismi «127» raqamidan keyin «127-1» raqami bilan to‘ldirildi;
2) 127-modda birinchi qismining dispozitsiyasidagi «tilanchilikka» degan so‘z chiqarib tashlandi;
3) quyidagi mazmundagi 127-1-modda bilan to‘ldirildi:
«127-1-modda. Tilanchilik qilish
Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta'sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste'mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab;
v) boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste'mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, –
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».
Mavzuga oid
16:55
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
09:59 / 13.11.2024
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi
15:01 / 05.11.2024
Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi
20:58 / 04.11.2024