O‘zbekiston | 19:53 / 12.01.2019
32619
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mavjud elektrostansiyalar yarim quvvat bilan ishla​yapti –​ ekspert

​O‘zbekistonda qish mavsumi boshlanishi bilan aholini ko‘p o‘ylantiradigan asosiy masala – uzluksiz elektr energiya ta'minoti bu mavsumda kafolatlanadimi? Negaki, respublikaning nafaqat olis hududlari, balki viloyat markazlari, hattoki, Toshkent shahrida ham uzilishlar kuzatilishi odatiy holga aylanmoqda. 

Soha atrofida yig‘ilib qolgan muammolar, energetika kelajagi haqida energetik-muhandis Zafar Safoyev bilan fikr almashib, ushbu intervyuni Kun.uz o‘quvchilariga havola etamiz.

– Zafar aka, aholi tomonidan energetikaga oid muttasil berilayotgan savollarga javob bormi?

– Albatta, doim kuzatib kelamiz. Tashqarida yursam ham, O‘zbekistondagi vaziyatdan doim boxabar bo‘lishga harakat qilaman. O‘zbekistonda kuzatilayotgan uzilishlar tabiiy hol edi. «O‘zbekenergo» AJ «uzluksiz berishga va'dalar» beradi. Aslida, buning imkoniyati yo‘q. Chunki, uzluksiz energiya bilan ta'minlash uchun, shuncha ishlab chiqarish quvvati ham bo‘lishi kerak. 2016 yo 2017 yil e'lon qilingan statistikaga ko‘ra, 59 mlrd kVt/s elektr energiya ishlab chiqarilgan. Buning hisobini qilganimda, O‘zbekistonda mavjud elektrostansiyalar yarim quvvat bilan ishlayotgani oydinlashdi. [Elektrostansiyalarning] eng yoshi ham 20 yil avval qurilgan. Yangilari esa qurilmagan. Aksincha, mustaqillik yillarida aholi sonida o‘sish davomiy kuzatilyapti, ularning daromadi oshgandan keyin, elektrotexnikaga bo‘lgan ehtiyoj oshadi: uyga sovutgich, televizor, kompyuter sotib oladi. 

Bundan tashqari, yangi fabrika, zavodlar ochilmoqda. Bularning barchasi elektroenergiya bilan ishlaydi. Ular energiya bilan ta'minlanmasa, aholining iste'moli uchun nazarda tutilgan energiya hissasidan olishga to‘g‘ri keladi. Mana shu sababdan ham, ko‘p joylarda elektroenergiyada uzilishlar bor. 

– Siz ta'kidlayapsizki, [elektrostansiyalar] yarim quvvat bilan ishlayapti. Ko‘pincha, bu – yoqilg‘i masalasiga bog‘liq, ko‘mir yo gazning yetishmasligi, o‘z vaqtida, sifatli mahsulot yetkazilmasligi. Shuningdek, joylarga ham yetkazib berilmayotgan gazning o‘rnini issiqlik energiyasi sifatida bosish elektroenergiya zimmasida qolmoqda. Tabiiyki, yana-da ko‘proq energiya talab etilyapti. Biz an'anaviy energetikadan voz kechib, zamonaviy uslublarga o‘tishimiz kerakmi?

– An'anaviy energiya ishlab chiqarishdan voz kechishimiz kerak emas. Takomillashtirish zarur. Elektrostansiyalarning ko‘pi juda eski. Transformatorlar ma'nan eskirgan. Unda muammo chiqsa, ta'mir ishlari ko‘p vaqt talab etadi. Tuzatsangiz, boshqasi buziladi. Mana shunaqa muammolar ko‘pligi ham uzilishlarga ta'sir qiladi. 

Bundan tashqari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan energiyaning 90 fozi IESda paydo bo‘ladi. U yerda, asosan, gaz va ko‘mir yoqishadi. Lekin gaz yoqib energiya olish – eng qimmat energiya ishlab chiqarish turi. Jahon bozorida gazning narxi oshib boryapti. Rivojlangan mamlakatlarda ham IESlarda ko‘mir yoqib, energiya ishlab chiqarish keng joriy etilgan. [O‘zbekistonda] gaz tarmoqlarining eskirganligi uchun, unda ham uzilish bor. Yana bir narsa aniq emaski, IESda katta miqdorda ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi qayerga yo‘naltirilishi ham noma'lum. 

– O‘zbekiston energetikasi to‘g‘risida so‘z yuritsak, undagi tizim zamon talablariga javob beryaptimi?

– Savolga javob berishdan avval, «O‘zbekenergo» faoliyatiga nazar tashlasak. Barcha jabhada vakolatlar yagona tashkilot – «O‘zbekenergo»ga berilgan. U aksionerlik jamiyati hisoblanadi, ya'ni tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanishi kerak. Bundan tashqari, tashkilotga rasmiyatchilik, ya'ni litsenziya berish, nazorat qilish, faoliyatni tartibga solish vakolatlari ishonib topshirilgan. Mana shu tizim sovet paytidan qolgan. Uni tag-tomiridan isloh qilmasa, o‘zgartish qilish juda qiyin. «O‘zbekenergo» avvaldan eskicha ishlash uslubidan voz kechmagan. Yangi elektrostansiyalar qurilgani, tarmoqlarda rivojlanishni ko‘rganimizda, aytsa bo‘lardi: bular ish qilyapti, deb. Shu paytgacha ish qilinmadi. Energetik sifatida taklif qilgan bo‘lardim: «O‘zbekenergo»ni yopish yoki unga boshqa vazifani yuklash kerak.

Chunki, «O‘zbekenergo»ga energiyani ishlab chiqaruvchi korxonalar ham kiradi. GESlarni ajratib berishdi, ammo tashkilot elektrotarmoqlarning nazoratini saqlab qolgan. Tarmoqlarning hududiy boshqaruvi ham «O‘zbekenergo»ga tegishli. Barpo etish masalasi ham ularning vakolatida. Bozor iqtisodiyoti sharoitiga o‘tayotgan davlatda mana bu tizimning ishlashi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. 

Germaniyada elektrotarmoqlarni monopol kompaniyalar nazorat qiladi. Masalan, 4ta yirik monopol kompaniya mamlakatdagi yuqori voltli barcha tarmoqlarni nazorat qiladi. Ular o‘zining hududida monopol. Kichik yo past voltli tarmoqlarni hududiy elektrotarmoq boshqarmalari nazoratga olgan. Ammo ularning hech biri rasmiyatchilik bilan shug‘ullanmaydi. Hammasi tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar sanaladi. Aholiga energiyani yetkazib berish uchun tarmoqlar quradi, ishlab chiqarilgan ortiqcha energiyani boshqa davlatlar sotishga imkoniyat qidiradi. Ya'ni, biz monopolmiz, istasa-istamasa, bizga keladi, degan tamoyil bilan ish olib borilmaydi. 

Intervyuni video formatda to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Mavzuga oid