Jamiyat | 14:37 / 14.01.2019
20535
5 daqiqa o‘qiladi

«Maynaning o‘limi» – yuraklar rangini ajratolmagan bolalar qissasi

«Maynaning o‘limi» AQShning deyarli barcha boshlang‘ich maktablarida o‘qitiladi. Lekin menda bu asar bilan tanish bo‘lgan, uni mutolaa qilgan o‘rtoqlarim yo‘q. Asar amerikalik kitobxonlarning jon-u dili ekanligiga yarasha o‘qishga arziydimi, degan savolga ham javob yo‘q edi. Har doimgidek kitob savdosi gavjum bo‘lmay, yakkam-dukkam kitobxonlar borib turadigan «Ko‘k gumbaz» oralab, «Maynaning o‘limi» asariga ko‘zim tushdi. Vaqt yetib keldi. Allaqachon uni o‘qishim kerak edi. 

Ochig‘i, asardan katta hayrat kutmagandim, lekin uni tugatgach, ko‘ksimda kuchli og‘riq qoldi. 

XX asr 30-yillar o‘rtasi. Shimoliy shtatlardan farqli o‘laroq irqchilik masalasi hali hukm surayotgan Alabama shtati. «Hech kim hech qayerga shoshilmaydigan» osuda Meykomb shaharchasi.

Muallif Harper Li syujyet kaleydoskopini olti yoshli qizaloq – Jin-Luiza Finchning qo‘liga tutqazadi, kaleydoskopni aylantirish jamiyatning izmiga topshiriladi. Tasvirlar rang-barangdek: qo‘shni bolalar iborasi bilan aytganda «tuturuqsiz prinsiplardan qochgani joy topolmagan», uyidan ostona xatlamaydigan Artur Redli, oqbilak qizning chirkin istagiga nishon bo‘lgan afro-amerikan Tom Robinson, otasi bilan maqtanadigan, lekin uning qayerdaligini ham bilmaydigan kichkina Dill. Lekin ularni birlashtirib turgan narsa bitta  – jamiyatnining mog‘or bosgan qonuniyatlari: «oqsan-qorasan», «boysan-kambag‘alsan», «shaharliksan-qishloqisan»...

«Pulitser» mukofotiga loyiq ko‘rilgan romanda o‘sha davr jamiyatining, xususan, hozirgacha mavjud xilma-xil muammolari – afro-amerikan shaxslarning irqiy kamsitilishidan boshlab,  atrof-muhitni anglash, tarbiya masalalarigacha bayon etilgan. Unda irqiy kamsitish, merkantalizm, zo‘ravonlik holatlari badiiy bo‘yoq bilan tasvirlanganiga qaramay, u o‘quvchini gohida kuldirib, goh xush kayfiyatda mutolaani davom ettirishga undaydi. Eng kamida sizni bolalikning shirin xotiralariga qaytaradi.

Muallifning bolaligidagi voqealarga asoslanib yaratilgan asarda ota va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar shunchaki oilaviy aloqalar emas, balki haqiqiy do‘stlik va ishonchga bog‘langan, ustoz va shogird rishtalari yanglig‘ tasvirlangan. 

«Har kimda ommaning istagiga bo‘ysunmaydigan nimadir bor va u – vijdon». Vijdon amriga bo‘ysungan Attikus barchaning fikriga qarshi chiqib, «gunoh» qiladi – zo‘ravonlikda ayblanayotgan qora tanlini sudda himoya qiladi.

«– Balki, sen haq emasdirsan. 

– Nega? 

– Chunki barcha haqiqatni aytyapmiz, deydi. Sen esa unday emas...

– Shunday fikrlashga ularning haqqi bor va ularning fikrini, so‘zsiz, hurmat qilishimiz lozim». 

To‘g‘ri, Attikus sudda yengildi, suddan topilmagan adolatni qidirish yo‘lidagi so‘nggi umidini yo‘qotmagan Tom esa o‘ldi. U irqiy adovatlar, sudning nohaq qarori, eng yomoni – befarqlarning kasriga vafot etdi. 

Haqiqatni qidirgan, lekin yakkaligi pand bergan Attikus jamiyatdagi xatolarni ko‘radigan, lekin hech narsa qilolmaydiganlarni eslatadi. Lekin uni ham ayblolmaymiz. Axir «kishini haqiqatan tushunish uchun uning o‘rnida yashab ko‘rish kerak».

Quroldan otishni o‘rganayotgan Attikusga otasi bir vaqtlar shunday degandi: «...aslo maynani nishonga olma. U beozor qush, bizning kayfiyatimiz chog‘ bo‘lishi uchun sayraydi. Uni otish gunoh bo‘ladi...».

Sayroqi, kayfiyatni xush etuvchi, og‘irni yengil qiluvchi qush timsolida tasvirlangan, balki Tom yoki eng dolzarb lahzada bolalarning hayotini saqlab qolgan Artur, shaxslar yashashga doimo haqli. Lekin gunoh baribir sodir bo‘ldi. Beozor inson oq tanlilar qarashlarining qurboni bo‘ldi.

Irqchilik, mahalliychilik kecha yoki o‘tgan asrda paydo bo‘lgan muammo emas. U insoniyat yaralgandan buyon mavjud. Va u qora tanli odam AQShning 44-prezidenti bo‘lgani bilan yechim topmaydi. Jamiyat kimnidir rangli terisi uchun, kimnidir cho‘ntagi qappaymagani uchun, kimnidir chekkaroq hududda tug‘ilgani uchun safdan turtkilab chiqarsa, uzoqqa bormasligini tushunib yetgandagina muammoga yechim topish mumkin.

Jamiyat esa kim? Jamiyat men, siz, u, biz...

Kitobxon
Harper Li, «Maynaning o‘limi»