O‘zbekiston | 08:36 / 15.01.2019
26277
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ikkita yangi agentlik va bitta qo‘mita tashkil etildi

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Farmon bilan quyidagilar belgilandi:

a) Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifalari etib:

davlat aktivlarini samarali boshqarish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish;

o‘ziga berilgan davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari (ulushlari) bo‘yicha aksiyador (ta'sischi va ishtirokchi) huquqlarini amalga oshirish;

ilg‘or xorijiy tajriba asosida davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv shakl va usullarini joriy qilish, ularni boshqarishda kuzatuv kengashi va aksiyadorlarning rolini tubdan oshirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari tavsiyalari asosida bosqichma-bosqich ichki va tashqi bozorlarda raqobatlasha oladigan, samarali korxonalarga aylantirishga ko‘maklashish;

davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligi va shaffofligini ta'minlash, boshqaruv tuzilmasini optimallashtirish, yuqori daromadlilik va kapitalizatsiyani oshirish, sohasiga kirmaydigan va foydalanilmayotgan aktivlarini chiqarib tashlashga qaratilgan rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va tasdiqlashni muvofiqlashtirish;

davlat manfaatlarini ta'minlagan holda, shu jumladan, davlat aksiya paketlarini (ulushlarini) ishonchli boshqaruvga berish orqali investitsiya faoliyatini amalga oshirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarning obligatsiya va aksiyalarini chiqarish va realizatsiya qilish, shu jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO/SPO bo‘yicha emissiyalarni joylashtirish hisobiga shu jumladan, xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shuningdek, portfel investitsiyalarni jalb qilish;

davlat aktivlarini realizatsiya qilish (xususiylashtirish) va ijaraga berishning ochiq va shaffof mexanizmini ta'minlash, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bajarilishi ustidan monitoring qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etish;

tahlil asosida davlat ishtirokidagi faoliyat yuritmayotgan, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni aniqlash, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

bankrotlik ishi bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat ishtirokidagi korxonalarda samarali dividend siyosatini amalga oshirish;

baholash faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini ta'minlash, mol-mulkni baholash standartlarini tasdiqlash, shuningdek, rieltorlarni sertifikatlashtirish;

b) Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining asosiy vazifalari etib:

tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini ta'minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holatini tizimli tahlil qilish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning ustun mavqeini suiiste'mol qilishi, “kartel” bitimlari va til biriktirishi, nohalol raqobatchiligini aniqlash va oldini olish;

savdolar, iqtisodiy konsentratsiya va davlat ko‘magini monopoliyaga qarshi tarzda tartibga solish;

bozor ishtirokchilari, shu jumladan, tabiiy monopoliya sub'yektlariga yuqori likvidli tovarlardan (ishlar, xizmatlar) foydalanishda teng sharoitlarni ta'minlash;

qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik;

v) Kapital bozorini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari etib:

qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish va korporativ boshqaruv sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

qimmatli qog‘ozlar amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi investorlar hamda qimmatli qog‘ozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash;

qimmatli qog‘ozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini nazorat qilish;

mahalliy kapital bozorining rivojlanish holati va uning professional qatnashchilari to‘g‘risida investorlar va jamoatchilikni xabardor qilish;

investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun zarur resurslarni jalb etish imkoniyatini beruvchi yangi moliyaviy vositalar turlarini joriy qilishda ko‘maklashish;

fond birjalarining, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional ishtirokchilarning faoliyatini litsenziyalash;

kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solish masalalari bo‘yicha xorijiy va xalqaro institutlar bilan samarali hamkorlik qilish.

Mavzuga oid