Sport | 21:43 / 17.01.2019
12191
3 daqiqa o‘qiladi

Hadzime Moriyasu: «Xotirjamlikni saqlab qola olganimiz yutug‘imiz bo‘ldi»

Foto: KUN.UZ

Osiyo Kubogi guruh bosqichining so‘nggi turi doirasidagi Yaponiya–O‘zbekiston uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi Hadzime Moriyasu ishtirokida o‘tdi.

«Biz o‘z maqsadlarimizdan biriga yetdik – dastlabki bosqichdagi barcha o‘yinlarda 3 ochko ishlab, guruh g‘olibi bo‘ldik. Endilikda butun musobaqani ana shunday barqaror holda o‘tkazmoqchimiz», dedi Moriyasu anjumanning kirish qismida.

Yaponiya termasi bosh murabbiyi jamoa bugungi o‘yinda avvalgi ikki bahsdan farqli o‘laroq ancha tartibli va jismonan tetikroq o‘yin ko‘rsatgani haqidagi fikrga qo‘shilishini ham qayd etib o‘tdi. «Avvalo, bugungi bahs uchinchisi ekani ham ahamiyatga ega bo‘ldi. Bugun futbolchilar hisobda oldinda borayotgan vaziyatda xotirjamlikni saqlab qola olishdi. Shuningdek, jamoam jismoniy jihatdan ham yaxshi darajada o‘yin o‘tkazdilar. Bugungi o‘yinga test-sinov sifatida qaraganimiz yo‘q», – dedi yaponlar ustozi.

Hadzime Moriyasu nimchorak finaldagi raqiblar to‘g‘risida berilgan savolga quyidagicha javob qildi: «Qatar ham, Saudiya Arabistoni ham kuchli raqiblar. Qay biriga qarshi tushmaylik, nimchorak finalgacha kuchli tayyorgarlik ko‘rib borishimiz kerak».

Murabbiyning ta'kidlashicha, Yaponiya termasi o‘yinning ikkinchi bo‘limida himoyadan hujumga o‘tishda yaxshiroq harakat qilgan. «Bugun birinchidan namoyish etgan o‘yinimizning saviyasi, qolaversa birinchi goldan keyin o‘zimizni yo‘qotib qo‘ymagan holda darhol hisobni tenglashtirib olganimiz yakunda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi», – deya qo‘shimcha qildi yaponiyalik mutaxassis.

Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi O‘zbekistonga qarshi bahsda jamoaning asosiy futbolchilarini zaxirada qoldirishiga quyidagicha izoh berdi. «Birinchidan, avval ham ta'kidlaganimdek, musobaqa orqali bir jamoa sifatida hamjihatlik bilan o‘ynashni shakllantirib borishni ham maqsad qilganmiz. Ikkinchidan esa men tarkib tanlashda futbolchilarning joriy holatini ham hisobga oldim va ba'zi masalalarda tavakkal qilishni istamadim».

Eslatib o‘tamiz, guruhdagi uchala o‘yinni ham o‘z foydasiga hal qilgan Yaponiya terma jamoasi pley-offdagi ilk raqibini ayni daqiqalarda davom etayotgan Saudiya Arabistoni–Qatar o‘yinidan so‘ng bilib oladi. Yaponlar ushbu bahsda mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan, durang qayd etilgan taqdirda esa Saudiya Arabistoni bilan 21 yanvar kuni Sharja shahrida bahslashadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid