Sport | 12:29 / 17.01.2019
25645
9 daqiqa o‘qiladi

Yondashuv. Yaponiya bilan qanday o‘ynaymiz?

Bugun Osiyo kubogida guruh o‘yinlari o‘z yakuniga yetadi va milliy jamoamiz so‘nggi uchrashuvida maydonga tushadi. Shu o‘rinda tashkilotchilarning taqvimni tuzishda biroz noto‘g‘ri yondashganliklarini ta'kidlash joiz. Ya'ni, taqvimga ko‘ra, har bir guruhdagi reytingi kuchli ikki jamoa dastlabki ikki turda reytingi past ikki jamoa bilan navbati bilan o‘ynashi ko‘zda tutilgandi. Tabiiyki, aksariyat guruhlarda favoritlar g‘alaba qozonishdi va rasman keyingi bosqich masalasini hal qilishdi. Ammo masalan, favoritlar to‘qnashuvi avvalgi turlarga mos kelganda yoki reytingi pastroq klub favorit bilan zaxiradagi ochkolari bilan to‘qnash kelganida, o‘ylaymanki, o‘yinlar qiziqroq bo‘lardi. Masalan, O‘zbekiston va Yaponiyaning 1-turda ro‘para kelishini tasavvur qiling.

Hozir esa, O‘zbekiston va Yaponiya keyingi bosqich yo‘llanmasini hal qilib bo‘lishgan. Ammo intriganing butunlay yo‘qligini aytib bo‘lmaydi, zero guruhdagi birinchi va ikkinchi o‘rinlar taqsimlanadi, bu esa, albatta, jamoalarning keyingi taqdirlariga ham ta'sir qiladigan omil. Xo‘sh, bu o‘rinlar bizga nima beradi?

Birinchi o‘rin egasi nisbatan osonroq raqiblarga tushadi.

Bizning guruh g‘olibi Ye guruhidagi ikkinchi jamoaga qarshi maydonga tushadi. Bu raqib Saudiya Arabistoni va Qatar bo‘lishi mumkin. Saviya jihatidan bir-biriga mos jamoalar. Saudiya Arabistoni terma jamoasini biz o‘tgan Osiyo kubogida mag‘lub etganmiz. Qatar ham biz uchun juda qulay raqib, Jahon chempionati saralash o‘yinlari va Osiyo Kuboklarida bir necha bor to‘qnash kelib, umumiy ustunlik biz tarafda.

Guruhda 2-o‘rinni oladigan bo‘lsak esa, Avstraliya bilan o‘ynaymiz. Albatta, bu safar Avstraliya u qadar dahshatli ko‘rinmayapti, ammo biz bu jamoaga qarshi o‘yinlarda shu paytgacha ochko olish, g‘alaba qozonish tugul, birorta gol ham ura olmaganimizni ta'kidlagan bo‘lardim. Ya'ni nimchorak finaldagi raqiblar nuqtai nazaridan guruh g‘olibi bo‘lish birmuncha qulay.

Faqat 1/8 final emas, keyingi yurish haqida o‘ylasak ham, shu xulosada qolamiz. Sababi, agar guruh g‘olibi bo‘lib, 1/8 ni ham yutadigan bo‘lsak, chorak finalda bizni xuddi Osiyo Kubogi-2011 kabi, Iordaniya qarshi olish ehtimoli katta. Xullas, guruh g‘olibi bo‘lish bizga hatto yarim finalga borguncha osonroq “yo‘lak”ni taqdim etadi. Faqat yarim finalda bizni katta ehtimol bilan Eron terma jamoasi kutib turishi mumkin.

2-o‘rinni olsak, ya'ni Yaponiyaga yutqazadigan bo‘lsak, chorak finalda ham kuchli raqibga qarshi o‘ynaymiz. Avstraliyani yutib, u yerga borganimizda bizga maydon egalari BAA terma jamoasi ro‘para keladi. Tarixda maydon egalariga qarshi o‘yinlarda yaxshi statistikaga ega bo‘lsak-da, baribir, pley-off bosqichida mezbonlarga duch kelish ancha noqulay.

Nimchorak finalda raqibga nisbatan noqulay sharoitda qolmaslik kerak

Bu ham guruhda g‘olib bo‘lishimizni talab qiladigan holat. Guruhda 2-o‘rinni oladigan bo‘lsak, o‘z o‘yinimizni 21 yanvar kuni o‘tkazar ekanmiz. Ya'ni guruhdagi so‘nggi uchrashuvdan keyin 3 kunlik o‘rtada tanaffus bor. Yomon tomoni, raqibimiz Avstraliya guruh o‘yinlarini bizdan 2 kun avval tamomlagan. Ya'ni bu vaziyatda Avstraliya 5 kunlik tanaffusga va tayyorgarlik uchun qulayroq sharoitga ega bo‘lmoqda.

Guruhimiz g‘olibiga raqib bo‘ladigan Qatar yoki Saudiya Arabistoni esa, o‘z guruh o‘yinlarini bugun, hatto bizdan ikki soat kechroq o‘tkazadi. Demak, bu vaziyatda raqibimiz bilan teng sharoitga ega bo‘lamiz. 

Al Ayn yoki Sharja?

Guruhda 2-o‘rin bo‘lishimizning birgina qulay tarafi bor. Jamoamiz bu holatda Al Aynda qoladi va nimchorak finalni shu yerda o‘tkazadi. Nafaqat 1/8 final, balki chorak final ham shu shaharga muljallangan. Vakillarimiz hech qayerga ko‘chmay, yarim finalgacha bir joyda qolishlari mumkin. Ammo yuqorida aytilganidek, ikki soatlik yo‘l yomonmi yoki raqibga nisbatan ikki kun kam dam olishmi?

Guruh g‘olibi bo‘lsak, Al Ayndan yana Sharjaga qaytib boriladi. Chorak final esa, Dubayda bo‘lib o‘tadi.

Kuper qarshisidagi dilemma

Kecha matbuot anjumanida Ektor Kuper keyingi bosqichda bizga aynan kim raqib bo‘lishi u uchun umuman farqsiz ekanini aytdi va hatto Yevropa Chempionlar Ligasida “Valensiya” bilan ishtirok etganida, bu haqida uncha qayg‘urmaganini aytdi. Bilasizmi, bu nimani anglatadi?

Nazarimda, murabbiy guruh g‘olibi bo‘lish, shu orqali, bizning nazdimizdagi “osonroq” raqiblarga qarshi o‘ynash haqida qayg‘urmayapti. Uni ko‘proq terma jamoamizning o‘yinlarga tayyorgarligi, futbolchilarning holati ko‘proq tashvishga solmoqda. Bu degani, Kuper bugun maydonga aralash tarkibni tushirishi va bir qator yetakchi futbolchilarga dam berishi mumkin. Shu orqali, pley-off bosqichi oldidan tiklanib olinadi.

Bir tomondan Kuperning ehtimoliy shu qarorini ham quvvatlash mumkin. Tasavvur qiling, guruh g‘olibi bo‘lish uchun bor kuch va imkoniyatimizni Yaponiya bilan o‘yinga sarflaymiz va masalan, maqsadga erisha olmadik. U holda uch kundan keyin, ancha tiklanib olgan Avstraliyaga ro‘para kelishimizga to‘g‘ri keladi.

O‘ziga xos dilemma qarshisida turibmiz, yo bor imkoniyatni ishga solib, oson “yo‘lak” uchun kurashib, yakunda ko‘p narsani yo‘qotishimiz riski yoki tiklanib olib, qiyinroq uchrashuvlarga tayyorlanib olish. Zero, kuchli tarkib Yaponiyani yutadi yoki aralash tarkib aniq mag‘lubiyatga uchraydi, deb ham aniq aytib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, tajribada ko‘p kuzatilgan holat bor. Terma jamoamiz Turkmaniston bilan o‘yinda juda chiroyli o‘ynab, pozitiv notaga tushib oldi. Jamoa o‘tgan o‘yinga nisbatan o‘sishga erishgani ko‘rildi, futbolchilar va murabbiylarning aytishicha, o‘sish davom etadi. Ammo aynan shunday paytda o‘rtada “yarim o‘rtoqlik” maqomidagi o‘yinning bo‘lishi jamoa tonusiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. 3-turga panja ortidan qaragan juda ko‘p jamoalar pley-offning birinchi o‘yinidayoq katta qiyinchilikka duch kelganini e'tirof etish darkor. Musobaqani bitta katta o‘yin sifatida qarasak, oradagi bo‘shashishlik, tanaffus, aksincha, salbiy oqibatlarga ham olib kelish ehtimoli bor.

Qarorni murabbiy qabul qiladi va aynan bugungi holatda qaysi qaror eng to‘g‘risi ekanini hech kim bilmaydi. Yakunda bizni olib boradigan oqibatga ham, qarori tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarga ham yechim topish Kuperning bo‘ynida. Biz esa, har qanday holatda ham futbolchilarimizni quvvatlab turishga tayyormiz.

Esingizda bo‘lsa, JCh-2014 saralash o‘yinlari 3-bosqichida Yaponiya bilan safardagi o‘yinimiz xuddi shunday vaziyatga to‘g‘ri kelgan va biz 2-tarkib bilan borib 1:0 hisobida g‘alaba qozonib qaytgandik. Taqdir bizga yana bir bor shunaqa bonus taqdim etsa ne ajab?

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid