O‘zbekiston | 14:07 / 18.01.2019
41434
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Hindistonda qator takliflar bilan chiqdi

Gujarat shtatining Gandinagar shahri «Mahatma Mandir» ko‘rgazmalar majmuasida «Jo‘shqin Gujarat – 2019» IX xalqaro investitsiya sammiti bo‘lib o‘tdi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, shuningdek,  Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Daniya, Chexiya, Malta, Tailand, BAA kabi mamlakatlardan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va  transmilliy korporatsiyalar boshliqlari, ekspertlar ishtirok etdi.

Yirik iqtisodiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan.

U Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud bo‘lib kelgani, mazkur sammit ana shu an'analarni davom ettirib, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilayotganini ta'kidladi.  

Davlat rahbari Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash - O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

«Eramizdan avvalgi III – II asrlarda hind zaminini Markaziy Osiyo bilan Buyuk Hindiston yo‘li bog‘lagani yaxshi ma'lum. Bugun ham Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari o‘rtasidagi ishonchli savdo va transport kommunikatsiyalarini yaratish har qachongidan dolzarbdir.

Biz Transafg‘on temir yo‘li loyihasini muhokama qilyapmiz. Istiqbolda bu yo‘l Janubiy Osiyoga, jumladan, Choxbahor porti orqali Hindistonga chiqish imkonini beradi», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbari informatsion texnologiyalar, dasturiy ta'minot, qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya hamda ushbu sohalar mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Bu bo‘yicha dastlabki harakatlar boshlangan, Toshkent shahrida qo‘shma texnopark tashkil etiladi. 

Sarmoyadorlarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilishini alohida qayd etdi. 

O‘zbekiston, avvalo, kimyo sanoati va energetika, farmatsevtika, tekstil, charm-poyabzal, turizm sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. 

– Gujaratning ulkan iqtisodiy salohiyati va Andijon viloyati bilan sheriklik aloqalaridan kelib chiqib, shoh Bobur tug‘ilgan va ulug‘ Akbarshoh ajdodlarining vatani bo‘lmish Andijonda O‘zbekiston-Hindiston mintaqalari biznes-forumini shu yili o‘tkazishni taklif qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbari 2020 yilda Hindistonda «O‘zbekiston madaniyati yili»ni hamda O‘zbekistonda «Hindiston madaniyati yili»ni o‘tkazish, joriy yilda yurtimizda o‘zbek-hind Yoshlar festivalini tashkil qilishni taklif etdi. 

Prezident so‘zining yakunida yurtimizning sanoat, investitsion va sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyati haqida tanishish imkonini beruvchi sammit doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston ko‘rgazmasiga barchani taklif qildi. 

«Jo‘shqin Gujarat» sammitida so‘zga chiqqanlar hamkor mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba, texnologiya almashish, yangi hamkorlar va investitsiyalarni jalb etish yo‘llarini topish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini bayon etdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Narendra Modi bilan uchrashgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid