Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari: «Inson shunday sharoitda ham yashashi mumkinmi?»
Kun.uz tahririyatiga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tomonidan murojaat kelib tushdi. Uni o‘rganish maqsadida Toshkent shahri, Chilonzor tumani, “Qozirobot” mahallasi, Nurxon 4-tor ko‘chada joylashgan 20-b uyga tashrif buyurdik. Ushbu yotoqxonada Mehribonlik uyida tarbiyalangan fuqarolar yashab kelmoqda. Yotoqxonaga borganimizda tashqi tarafdan qayta ta'mirlangan, hamma narsa joyidaga o‘xshab ko‘rindi. Kameramizni sozlamay turib, oldin ularni eshitishni maqsad qildik. Chunki murojaatlarni o‘rganishda oldin vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, keyin murojaat haqiqatan asosli bo‘lsa kameramizni sozlaymiz.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Bizni kutib turgan fuqarolarni qiynayotgan muammolariga quloq tutdik. Shu yotoqxonada sabr bilan yashab kelayotgan Nargiza Jumayeva bizga muammolarni aytib berdi:
"Men 2016 yildan beri shu yotoqxonada yashab kelaman. Bizga uy o‘rniga shu joyni 5 yilga ijaraga berishgan. Yotoqxonaga kelganimizda hech qanaqa sharoit bo‘lmagan. Tashqi tomoni chiroyli ta'mirlangan, faqat yuzaki, qo‘l uchida qilingan. Biz suv, gaz, elektrni ishlatishni boshlaganimizda elektr, gaz, suv o‘cha boshladi. Yotoqxona tomlaridan suv tomchilab o‘tadi. Hozirgacha bu yerda umuman yashashga sharoit yo‘q. Shu vaqtgacha murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hokimiyat, prokuraturaga yordam so‘rab murojaat qilib chiqqanmiz. Ular har doim kelib ko‘rishadi, rasmga tushirib ketishadi. Sharoit yo‘qligini sababini ko‘rib chiqishib, lekin sharoitni yaxshilab berishmaydi. Faqat og‘zaki va'da berishadi, lekin bu va'dasini ustida hech qachon turishmagan va chiqishmagan. Asosiy qismimiz oilali, yosh bolalarimiz bilan yashaymiz. Podvalimizda chayon, suvaraklar ko‘p. Bolalarimiz kasaldan boshlari chiqmayapti. Bizlarga shahar hokimi Jahongir akani shaxsan o‘zlari kelib 45 kunda uy-joy beramiz deb va'da qilgan.Chunki yashash sharoitimizni ko‘rib, o‘zlari ham qo‘rqib ketgan. Bu og‘ir ahvolda ham odam yashaydimi?,- deb hayron qolganlar. Shundan so‘ng uy beramiz deb va'da qilishgan.Bizda gaz yo‘q, bu svet bilan bir nima qila olmaymiz. Elektr lampochkaning o‘zini ham ko‘tarmaydi. Sababi nol yo‘q deyishdi. O‘shani ta'mirlaymiz deb undan battar ahvolga keltirishdi. Hozir ko‘p xonadonlar svetsiz o‘tiribdi. Ko‘p xonadonlar na lampochka yoqa oladi, na choy na plita. O‘zi 66 xonadondan iborat. Lekin odam yashayotgan xonadonlar 20-25 ta. Sababi sharoit yo‘qligi uchun bu yerda ko‘p odamlar yashamaydi".
Shundan so‘ng yotoqxonadagi haqiqiy ahvolni ko‘zdan kechirishni boshladik. Devorlar yorilgan yotoqxona eshiklari yaxshi yopilmaydigan qilib qo‘yib ketilgan. Yerto‘laga tushishga qo‘rqdik. "Qorong‘i, zax sababli u yerda turli xil zaharli hashoratlar ko‘paygan",- deydi shu yerda yashayotgan fuqarolardan biri.
Ko‘rinishidan ta'mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan yoki shunday tashlab ketilgan. Devorlar suv o‘tib, zax bo‘lganligi bois ko‘chib ketgan.
Ikkinchi qavatda joylashgan oshxona yangi ta'mirlangan ekan. Fuqarolarning ta'kidlashicha, 1 oy ta'mirlangan oshxonada biron ish qilib bo‘lmaydi. Afsuski faqat shift qismi o‘zgartirilgan. "Jo‘mraklarda suv bosimi juda kam. Bu suvda biz qanday idish-tovog‘imizni yuvamiz?",- deydi o‘kinch bilan Nargiza Jumayeva
Haqiqatdan oshxona ta'mirlanganga o‘xshamaydi.
Yuvinish xonalari ham ayanchli ahvolda. O‘rnatilgan qo‘l yuvish rakovinasining suv oqib tushadigan joyi yo‘q. Isitish moslamalaridan doim suv oqib turibdi. Elektr moslamalari umuman talabga javob bermaydi.
Yotoqxona rostdan qayta ta'mirlanganmi yoki yo‘q? Savolimizga javob olish maqsadida Toshkent shahar hokimiyatiga bordik. Shundan so‘ng bizni Chilonzor hokimiyati bilan bog‘lab berishdi. Vaziyatni tushuntirdik. Ishlash tartibimiz shunaqa: biron materialni e'lon qilishdan oldin, albatta ikkinchi tarafning izohini olishimiz kerak.
Ushbu yotoqxonaning ta'mirlash ishlariga javobgar hisoblangan Chilonzor tumani Ta'mirlash xizmati rahbari Ravshan Ergashevdan izoh so‘radik. Ravshan Ergashev bizga quyidagilarni ma'lum qildi:
- Bu uylar yotoqxona uylari hisoblanadi. 66 ta xonadondan iborat. Bu yotoqxona shahrimizdagi mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga xona qilib berilgan. 2015 yil bu yotoqxona to‘liq ta'mirdan chiqarilib 2016 yil uylarga tarbiyalanuvchilar kiritilgan. 2016-2018 yillar davomida uylarning ahvoli judayam tang ahvolga kelib qolgan. Bu uylarga kelganlar har xil mehribonlik uylaridan chiqqanliklari sababli bir-biri bilan chiqisha olmagan hamda uylarni nochor ahvolga keltirishgan. Oldingi hokimimiz tomonidan shahar hokimiyatidan pul so‘rab olingan va bu uyni ta'mirlash uchun pudratchi tashkilot bilan 457 millionlik shartnoma qilingan.
Lekin ta'mirlash ishlari oxirigacha bajarilmagan. Asosan elektr tarmog‘i bo‘yicha ta'mirlash ishlari qolgan edi. Lekin to‘liq umumiy xojatxonalar, yuvinish xonalari, koridorlar ta'mirdan chiqarilgan, ammo hali topshirilmagan edi. Faqat elektr tarmog‘i bilan bog‘liq ishlar bajarilmagan. Orada uzilish bo‘ldi. Sababi birinchi qavatda joylashgan devorlarni qurishini kutdik, ikkinchidan shu yerda yashovchi aholidan e'tirozlar bildirilganligi sababli ishimiz to‘xtab qoldi. Ta'mirlash ishlari o‘tgan yili noyabr oylariga yakunlanishi kerak edi. Ammo o‘rtada aholi bilan kichik tushunmovchiliklar kelib chiqqanligi sababli to‘xtatib qo‘yilgan edi. Hozirda pudratchi tashkilot bilan yana aloqaga kirishdik. Aholi bilan gaplashib,vaziyatni tushintirdik. Ular ham ta'mirlashga rozi. Xudo xoxlasa 10 kun ichida barcha ta'mirlash ishlari to‘liq bajariladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, yotoqxonani ta'mirlash uchun kerakli mablag‘ ajratilgan. Pudratchi tashkilot topilgan va shartnoma ham imzolangan. Ammo nazoratga olinmaganligidanmi yoki boshqa sababmi ishlar oxirigacha bajarilmay qolib ketgan. Ta'mirlash xizmati rahbarining 10 kun ichida ishlar hammasi bajariladi degan va'dasiga ishonib, murojaatni o‘rganishni yakunladik. Bu kabi va'dalar yotoqxonada yashovchilarga bir necha bor berilgan. Endi va'dani bajarish vaqti kelmadimikin?
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi va ushbu murojaatning natijasini kutib qoladi.
Mavzuga oid
16:21 / 11.11.2024
Toshkent shahri havosini eng yomon deb ko‘rsatgan stansiya buzilib qoldi
14:14 / 24.10.2024
Poytaxt drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratildi
13:30 / 20.08.2024
Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinadi
07:29 / 08.07.2024