Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Manchester Siti» finalga chiqdi, ikkinchi finalchi «Chelsi» yoki «Tottenhem» bo‘ladi
Angliya ligasi Kubogi yarim finali javob uchrashuvlari doirasida «Byorton Albion» «Manchester Siti»ni qabul qildi. Byorton-apon-Trentdagi «Pirelli» stadionida kechgan uchrashuv mehmonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘yindagi yagona golni «Manchester Siti» hujumchisi Serxio Aguero 26-daqiqada urdi. Birinchi o‘yinda «shaharliklar» «Byorton Albion»ni o‘z maydonida 9:0 hisobida taslim qilgandi.
Bu orqali «Siti» turnirning yarim finallaridagi rekordni yangiladi, hali hech qaysi jamoa finalga yarim finaldagi ikki o‘yinda jami 10:0 hisobini qayd etib chiqmagandi. «Man Siti» o‘zi tomonidan 2014 yilda o‘rnatilgan rekordni yangiladi, o‘shanda jamoa «Vest Hem»ga ikki o‘yinda jami 9 gol urib, bitta ham gol o‘tkazmagandi.
Shu tariqa, Xosep Gvardiola jamoasi Angliya Ligasi Kubogi finaliga yo‘l oldi. «Manchester Siti»ga finalda «Chelsi» va «Tottenhem Hotspur» juftligi g‘olibi ro‘baru keladi. Ushbu jamoalarning yarim finaldagi birinchi uchrashuvida «Tottenhem» 1:0 hisobida ustun kelgandi. Javob uchrashuvi bugun, 24 yanvar kuni o‘tkaziladi.
Qayd etish kerakki, «Manchester Siti» o‘z tarixida ilk marta qatorasiga ikki mavsumda turnir finaliga chiqdi. O‘tgan mavsum finalida jamoa «Arsenal»ni mag‘lub etgandi (3:0).
Angliya Ligasi Kubogida oxirgi marta qatorasiga ikki mavsumda g‘olib chiqqan jamoa «Manchester Yunayted» hisoblanadi (2008/09, 2009/10).
Angliya Ligasi Kubogi
Yarimfinal
Javob o‘yini
Byorton – Manchester Siti 0:1 (0:1, 0:0)
Gol: 0:1 – 26 Aguero.
Berton – Kollinz, Makfazin, Terner (Xatchinson, 40), Makkrori, Uolles, Mayyers-Xarness, Miller, Eykins, Kuinn (Foks, 46), Templton, Boys (Deniel, 77).
Manchester Siti – Murich, Erik Garsiya, Danilo, Sandler, Delf, de Bryuyne (Mendi, 63), Zinchenko (Nmecha, 67), Mahrez, Foden, Poveda, Aguero (Gabriel Jyezus, 63).
Birinchi o‘yin: 0:9.