Sport | 15:33 / 24.01.2019
24837
10 daqiqa o‘qiladi

Osiyoda VAR va O‘zbekistondagi internet. Yirik turnirlarni qabul qila olamizmi?

2019 yilgi Osiyo Kubogida ilk marta VAR tizimi (videotakrorlardan foydalanish) joriy qilindi. Bu tizim turnirning boshidan emas, faqat chorak finaldan qo‘llanilishi ko‘pchilikni hayron qoldirgan bo‘lishi tabiiy. Buning ham o‘ziga xos obektiv sabablari bor.

Nega chorak finaldan?

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yillarda FIFA ham bu tizimni qo‘llashga shoshilmagan, bu yangilikka ancha skeptik yondashgandi. Rossiyada o‘tgan jahon chempionati kelajakda qanday yo‘ldan borish kerakligini uzil-kesil hal qildi. O‘sha turnirda bu tizim ijobiy baho oldi, sinovdan juda yaxshi o‘tdi. Shundan keyingina, FIFA bu borada o‘z yo‘lini belgilab oldi, konfederatsiyalarga tavsiyalar berdi. Shuning uchun ham OFK, menimcha, bu yo‘nalish uchun investitsiya qilishga shoshilmagan, JCh-2018 turnirini va FIFAning xulosasini kutgan. Chunki tizim jahon chempionatida o‘zini oqlamasligi va noma'lum muddatga kechiktirilishi ham mumkin edi.

O‘tgan olti oy davomida OFK ham bu yo‘nalishda ish olib bordi, Osiyo kubogi uchun VAR tizimini ishga tushirishga harakat qildi. Faqat bugungi kunda, bu tizim bilan maydonda ishlay oladigan va VAR hakami sifatida ishlash malakasi bo‘lgan va tegishli litsenziyaga ega hakamlar soni cheklangan. Osiyo kubogidagi hakamlar ichida VAR hakami sifatida ishlashi mumkin bo‘lganlar soni 16 nafar. Ular ichida boshqa konfederatsiyalardan taklif etilganlar ham bor. Ular – Sezar Arturo Ramos (Meksika), Paolo Valeri (Italiya) va Danni Makkeli (Niderlandiya). Bu ro‘yxatda Ravshan Ermatov ham bor.

Yordamchi VAR hakami bo‘la oladigan mutaxassislar soni esa – 20 nafarni tashkil etar ekan. Ular ichida Ermatovdan tashqari, boshqa bir hamyurtimiz Jahongir Saidov ham o‘rin olgan. Masalan, Ravshan Ermatov chorak finalning birato‘la ikki o‘yiniga tayinlanganiga e'tibor bering. Janubiy Koreya – Qatar o‘yinini u maydonda boshqarsa, (VAR hakami sifatida Ermatovga Paolo Valeri yordam beradi), Xitoy – Eron o‘yinida u VAR hakami Danni Makkeliga assisentlik qiladi. 

Xullas, bu son bilan guruh bosqichini o‘tkazish nazariy tomondan imkonsizdir. Chunki hakam tayinlashda, bosh hakam, uning yordamchilari, VAR hakam va uning yordamchilari ishtirokchi terma jamoalar bilan bir mamlakatdan bo‘lmasliklari, o‘sha guruhdagi boshqa jamoalarga ham «begona» bo‘lishlari, va hatto o‘sha guruh jamoalariga keyingi bosqichda raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan mamlakatlardan bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, o‘yinlar turli shaharlarda va qisqa vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Bu sharoitlarda, kam sonli VAR hakamlarini taqsimlash imkonsiz bo‘lib qoladi. Chorak finaldan boshlab o‘yinlar soni kamayadi, variantlar oshadi. Ruyxatdagi hakamlar o‘yinlarni boshqarish uchun yetarli bo‘ladi.

Shu o‘rinda, aslida butun turnir davomida VAR tizimi test (offlayn) rejimda ishlaganini ham aytib o‘tish kerak. Barcha o‘yinlarda VAR tizimi ishladi, faqat o‘yinga ta'sir ko‘rsatilmadi xolos.  

Xo‘sh, videotakrorlar qanday vaziyatlar uchun qo‘llaniladi?

FIFA tashkilotining rasmiy saytida bu aniq va sodda shaklda tushuntirib berilgan. Videotakror asosan qo‘yidagi to‘rt xil holatni aniqlashtirishda qo‘llanilishi belgilangan.

Golning haqqoniyligini aniqlash. Misol uchun, futbolchi ofsaydda qolgan holatda yoki qoida buzish orqali raqib darvozasini ishg‘ol qilsa, videotakrordan foydalangan holda, hakam qaror chiqarishi, dastlabki qarorini o‘zgartirishi mumkin. To‘p darvozaga kirgach, o‘z-o‘zidan o‘yinda uzilish sodir bo‘ladi, ya'ni bu yerda o‘yin sur'atining tushishi haqidagi gaplar ortiqcha.

Penalti bor yoki yo‘qligini aniqlash. Penaltining belgilanishi yoki belgilanmasligi ham o‘yin natijasiga ta'sir qiladigan muhim qarorlardan biri. Jarima maydonida qoida buzilgani yoki buzilmagani videoassisent yordami bilan aniqlashtirilishi mumkin.

Qizil kartochka. Qizil kartochkaga loyiq qoida buzilishi yoki vaziyatning qizil kartochkaga «tortmasligi»ni aniqlash uchun ham, videotakrorga murojaat qilinishi mumkin. Bu yerda faqat to‘g‘ri-to‘g‘ri qizil kartochkalar nazarda tutilgan, ikkinchi sariq kartochka emas. Masalan, Eronga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronalduga videotakrordan keyin sariq kartochka ko‘rsatilgandi. Aslida, tizim sariq kartochka ko‘rsatish uchun emas, qizil kartochka bor yoki yo‘qligini aniqlashtirish uchun qo‘llanilgan edi. Qizil kartochkaga tortmasligi ma'lum bo‘lgach, sariq kartochka bilan kifoyalanildi. 

Futbolchilarni chalkashtirib yuborish. Misol uchun, hakam qoida buzgan yoki raqibini urgan bir futbolchi qolib, yonida turgan sherigini jazolab yuborishi, butunlay boshqa odamga sariq yoki qizil kartochka ko‘rsatib yuborishi mumkin. Bu holat ham videotakror yordamida tuzatiladi.

To‘p maydon tashqarisiga kimdan chiqib ketdi? Maydon markazida qoida buzildimi yoki yo‘qmi? Bu futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatish kerakmi yoki yo‘qmi? Shu va shu kabi boshqa savollar bilan videoassisent shug‘ullanmaydi.

Tizim qanday tamoyillar asosida ishlaydi?

Maydon atrofidagi turli nuqtalarga yigirmadan ortiq kameralar joylashtiriladi. Har bir kameradagi tasvir VAR hakami va uning yordamchilari tomonidan kuzatiladi. Vaziyat sodir bo‘lganda, uni turli kameralardan kuzatib, baholash uchun eng maqbul kameralarni topish ham VAR yordamchilari tomonidan amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich: Bosh hakam yuqoridagi to‘rtlikka kiradigan ma'lum bir vaziyatda videotakrorga muhtoj bo‘lib qolsa, ishora beradi. Yoki videoassisent biror vaziyatda hakam adashganini ko‘rsa, hakamga ushbu vaziyatni videotakrorda qayta ko‘rishni tavsiya qiladi.

Ikkinchi bosqich. Bir necha kameradan lavhalarni kuzatib o‘tirgan yordamchi eng maqbul rakursdagi videoni maydon chetidagi monitorga jo‘natadi.

Uchinchi bosqich. Hakam videoni ko‘rib, o‘z qarorini aytadi. U videotakrorni ko‘rgandan so‘ng, dastlabki fikrida qolishi ham, videoassisentning ma'lumoti asosida qarorini o‘zgartirishi ham mumkin.

Misol uchun. To‘p darvozaga kiritildi, hakam ofsayd bor yoki yo‘qligiga shubhalansa, videotakrorni ko‘rib, qaror qilishni istashi mumkin. Yoki bosh hakam gol deb hisobladi, lekin video oldida o‘tirgan yordamchi ofsayd bo‘lganini ko‘rdi. Yordamchi bosh hakamga ofsayd bo‘lganini aytadi. Bosh hakam yordamchi tavsiyasi bilan takroriy lavhani ko‘radi. Va qarorini o‘zgartirishi yoki o‘zgartirmasligi mumkin.

Bu yerda eng muhim va e'tibor berilishi kerak bo‘lgan nuqta shundaki, baribir yakuniy qaror bosh hakam zimmasida qolmoqda. VAR unga texnik tomondan ko‘mak beradigan, vaziyatni ko‘rmay qolish, baholay olmay qolish kabi muammolarga duch kelganda qo‘llaydigan vosita xolos. Xuddi hakamlarning yon chiziqdagi yordamchilari bilan muloqot qiladigan vositalar kabi tushunish mumkin. Ya'ni VAR natijasida, futbolni tushunish, maydonni his qilish yo‘qoladi, hammasi robotlashib ketadi degan xulosaga borish xatodir.

O‘zbekiston yirik musobaqalarga mezbonlik qilishi mumkinmi?

Bu ham tez-tez tilga olinadigan va muxlislarimiz orzu qiladigan voqealardan biri. Prezident ham yaqinda mamlakatimizda Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga harakatlar boshlanishi kerakligi haqida aytib o‘tdi. Osiyo kubogi kabi jiddiy musobaqaning ham qachondir Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona va boshqa shaharlarimizda qabul qilsak juda yaxshi bo‘lardi. Biz bunga tayyormiz, amalga oshirsa bo‘ladigan ish, deyiladi ko‘pincha.

Buning uchun bizda sharoitlar bormi? Aynan VAR tizimi haqidagi maqolada bu mavzuni ochganimning sababi bor. Albatta, stadionlarni turnirga tayyorlash, shaharlar infratuzilmasini, mehmonxona va yo‘llarni moslashtirish tajribasi bizda yetarli bo‘lishi mumkin. Eplarmiz ham. Ammo bugungi davrda faqat qurilishlar bilan kerakli darajaga chiqa olish imkonsiz bo‘lishini ham aytib o‘tish kerak.

Masalan, BAAdagi Osiyo kubogida VAR markazi Abu Dabida joylashgan ekan. Al Ayn, Dubay, Sharjadagi stadionlarga o‘rnatilgan 20dan ortiq kameralar yordamida tasvirga olingan videokadrlar onlayn tizimda Abu Dabidagi markazga uzatib turiladi. U yerdan VAR yordamchilari vaziyatlarni tahlil qilib borishadi. Ya'ni, bu tizim ishlashi uchun, sekundiga gigabaytlab hajmdagi materiallar internet yordamida davomli tarzda yetkazib turilishi kerak. Endi tasavvur qilib ko‘rdingizmi?

Albatta, VAR tizimini quvvatlaydigan tizim uchun imkoniyat yaratish, obektlarni qandaydir yopiq sistema orqali bog‘lash qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin, lekin aytaylik, yuzlab, balki minglab xorijiy jurnalistlar va muxlislarning bizda faoliyat ko‘rsatishlari, ularning o‘zaro kommunikatsiyalari uchun qoniqarli sharoitlarni taqdim etish oson bo‘lmasligi turgan gap.

Buning uchun internet tezligimiz o‘n barobar emas, yuz barobar va rostan ham oshishi kerak bo‘ladi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid