Sport | 12:10 / 24.01.2019
49265
9 daqiqa o‘qiladi

Qishning eng yirik transferi. «Barsa» Neymar uchun «PSJ»dan qasos oldi

Yevropa futbolidagi eng asosiy talantlardan biri faoliyatini «Kamp Nou»da davom ettiradi. Shu yilning yozida «Ayaks»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi Frenki de Yong «Barselona»ga o‘tadi.

An'analarning davom etishi
O‘tmishda ham ko‘plab niderlandiyalik futbolchilar «Ayaks»dan «Barselona»ga kelishgan. Yoxan Kroyf boshlab bergan an'ana keyinchalik Ronald Kuman, Frank Raykard, Uinston Bogard, Ruud Xesp, aka-uka Frank de Bur va Ronald de Bur, Filipp Koku, Mikael Raytsiger, Budeveyn Zenden, Mark Overmars, Patrik Klyuyvert, Jovanni van Bronxorst kabi futbolchilar tomonidan davom ettirilgan. Endi ular safiga 21 yoshli Frenki de Yong ham qo‘shiladi.

23 yanvar kuni kechqurun «Barsa» uning transferi haqida rasman e'lon qildi, de Yong 2019 yilning 1 iyulida ko‘k-anorranglilar safiga borib qo‘shiladi. U bilan 5 yillik shartnoma tuzildi, uning transferi uchun «Ayaks» 75 million yevro oladigan bo‘ldi, yana 11 million yevro qo‘shimcha bonuslar sifatida to‘lanishi mumkin.

U tarixdagi eng qimmatbaho golland emas
Frenki tarixdagi eng qimmat golland futbolchisiga aylanishi ham mumkin edi, «Barselona», «Manchester Siti», «PSJ» va «Yuventus» kabi puldor jamoalar so‘rab turgan vaqtda «Ayaks» uni 90 milliondan kamiga sotmasligi ham mumkin edi. Futbol jurnalistlari u Niderlandiya futboli uchun rekord qiymatda transfer qilinishini kutishayotgandi, bu holda u bir yil muqaddam «Sauthempton»dan «Liverpul»ga 78,8 million yevro evaziga o‘tgan Virjiyl van Deykning rekordini yangilashi mumkin edi. Ammo futbolchining o‘zi nisbatan kamxarjroq «Barselona»ni tanladi, «Ayaks» ham uni qistovga olib o‘tirmadi va narxni tushirishga rozi bo‘ldi.

U «Ayaks» tarixidagi eng qimmatbaho sotuv
Shu bilan birgalikda, uning transferi amsterdamliklar klubi tarixidagi eng qimmat kelishuv bo‘ldi, u klubning avvalgi rekordini qariyb ikki barobarga yaxshiladi. «Ayaks»ning bungacha eng qimmatbaho futbolchisi bir yarim yil muqaddam «Tottenhem»ga 40 million yevroga sotilgan kolumbiyalik himoyachi Devinson Sanches bo‘lgandi. Sanchesning o‘zi «Atletiko Nasonal»dan 5 million yevroga sotib olingani hisobga olinsa, uning transferidan jamoa 35 million yevro ishlagan bo‘ladi, bu holda de Yongning transferi klub uchun supermuvaffaqiyatdir. Frenki 2015 yilda amsterdamliklar jamoasining o‘rinbosarlar tarkibiga «Villem II»ning yoshlar jamoasidan 300 ming yevro evaziga kelib qo‘shilgandi.

Oldindan kelishuv
«Barsa» avvaldan ushbu futbolchini kuzatib kelardi. O‘tgan yilning aprelidayoq ko‘k-anorranglilar jamoasining sobiq sport direktori Robert Fernandes futbolchining otasi va agenti bilan uchrashgan, tomonlar bir-birlari bilan yaxshi munosabat o‘rnatishgandi. 2018 yilning dekabrida futbolchining otasi Voetbal Premium nashri muxbiriga bergan intervyusida gapning bir uchini chiqargandi: «Qaror bahorda qabul qilinadi. Frenki «Ayaks»dan ketishi 95 foizga hal bo‘lgan. Uning uchun eng yaxshi variant «Barselona»dir».

Mahbubaning iqrori
Bugunga kelib de Yong bolalikdan «Barsa»ga o‘tishni orzu qilgani ma'lum bo‘lmoqda. Uning mahbubasi Mikki Kimeni buni tasdiqlaydi. U ko‘k-anorranglilar stadionida uch yil muqaddam olingan suratni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirdi: «Shunchalik faxrlanamanki! 2015 yilning 30 dekabri, 3 yil oldin. Biz «Kamp Nou»ga muxlis sifatida borgandik va sening orzuingdagi jamoa o‘yinini tomosha qilgandik. 2019 yilning 23 yanvari, sen butun dunyoga bu jamoa uchun o‘ynashingni ochiq aytishing mumkin, sen ulkan orzuingga erishding».

2015 yilning 30 dekabrida «Barselona» chempionat o‘yinida «Betis»ni yirik hisobda mag‘lub etgandi (4:0).

Parijdan tahdid
Barcha orzular va chiroyli so‘zlarga qaramasdan Frenki boshqa klubga o‘tib ketishi ham mumkin edi. Kataloniyaliklarga eng jiddiy raqobat «PSJ» tomonidan bo‘ldi. Fransuzlar klubi yosh futbolchini qo‘lga kiritish uchun oxirigacha borishga qaror qilgandi. Parijliklar de Yonga bosim o‘tkazishda bahslashib bo‘lmaydigan masala - do‘stlikdan ham foydalanishga urinishdi.

Gap shundaki, «Ayaks»ning hozirgi avlodidagi yana bir talant uchun Yevropa klublari «ovga chiqqan». Bu jamoaning 19 yoshli markaziy himoyachisi, amsterdamliklar sardori Mattays de Ligtdir. U Frenkining yaqin do‘sti bo‘lib, bu futbolchilar bitta klub safiga o‘tish istagida edi. Bunday variant «Barselona» bilan ro‘y berishi amrimahol edi, chunki Matteysning agenti bo‘lmish Mino Rayola kataloniyaliklardan komissiya puli sifatida qo‘shimcha 10 million yevro, shuningdek, yosh mijozi uchun yiliga 12 million yevro maosh talab qilgandi. Shu bilan birga, kataloniyaliklar futbolchi transferi uchun «Ayaks»ga 75 million to‘lashi lozim bo‘lardi.

Rayola bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan «PSJ» esa uning talablarini qondira olardi va klub «Ayaks»ga ikki futbolchi uchun 150 million yevrolik taklif jo‘natdi. De Yong orzusi va do‘stlik tanlovida qolgandi, lekin ayriliqdan qochib qutulib bo‘lmadi.

Prezident boshchiligidagi delegatsiya

Qolaversa uni uzil-kesil ko‘ndirish uchun Amsterdamga ulkan delegatsiya yetib keldi - katalonlar klubi prezidenti Jozep Bartomeuning o‘zi bu guruhga boshchilik qildi. U Frenki ikkilana boshlaganini, uning agenti Ali Dursun ham Parij tanlovini ma'qul ko‘rayotganini bilganida «temirni qizig‘ida bosish» uchun hal qiluvchi muzokaralarga o‘zi borishga qaror qildi. Yakunda esa tomonlar tabassum bilan suratga tushishdi, qog‘ozlarga qo‘l qo‘yishdi, «PSJ» sport direktori Antero Enrike esa dog‘da qoldi.

Mish-mishlarga ko‘ra, «Barselona»ning bunchalik qat'iyatiga Neymarning «PSJ»ga ketib qolishi voqeasi uchun javob qaytarish istagi sabab bo‘ldi. Shu tariqa, kataloniyaliklar raqobatchining burni ostidagi «o‘ljani ilib ketishdi».

De Yong qayerda o‘ynaydi?
Yozda katalonlar jamoasining yarimhimoyasi markazida boshqa o‘zgarish bo‘lishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu chiziq uchun futbolchilar keragidan ortiq yig‘ildi. De Yongning sotib olinishi shuni anglatadiki, Denis Suaresga jamoada joy yo‘q. Shuningdek, o‘rinbosarlar jamoasidagi Karles Alenya va Rikki Puchu uchun ham asosiy jamoa uchun yo‘llar berk. Hatto, Serxio Buskets va Ivan Rakitich 31 yoshni qoralagani hisobga olinsa ham, ular rotatsiyalar vaqtida Alenya va Puchuga o‘rinlarini berib qo‘yishmaydi.

Buskets hali pensiyaga chiqishni xayoliga keltirmayotgan bo‘lsada, a'lo darajada driblingga ega va pas berish mahorati yuksak bo‘lgan de Yong asta-sekin uning o‘rnini egallab boradi. Frenki maydon markazida ham, tayanch yarimhimoyasida ham o‘zini tiniq suvdagi baliqdek erkin his qiladi. U ikkala qanotda ham birdek harakatlanishi mumkin. U universal. U bexato o‘ynaydi. U hujumlarni boshlab berishni yaxshi ko‘radi, «Ayaks»da u ko‘pincha chuqur himoyadan joy olib, de Ligt bilan yonma-yon turib to‘pni raqibdan olib qo‘yardi va hujumlarni boshlardi. O‘tgan mavsumda u Erediviziyada 8ta golli pas bergandi, joriy mavsumda u 4 gol urib, 4 golga hammualliflik qildi.

Hozircha qog‘ozda hammasi shunday ko‘rinmoqda. Afsonaviy Kroyf shunday izdoshi «Kamp Nou»ga kelganidan mag‘rurlanishi mumkin edi. De Yong «Ayaks» tarixida qisqa vaqt ichida o‘zidan iz qoldirdi, endi u bemalol Kataloniya poytaxtida ham o‘z o‘rnini topa oladi. Buyuk an'ana davom etadi, uni buzib bo‘lmaydi.

 

Mavzuga oid