Sport | 19:45 / 27.01.2019
18159
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘qolib qolgan futbolchining oilasi uni qidirishni o‘z qo‘llariga oldi

Nantdan Kardiffga xususiy samolyotda uchayotganda bedarak yo‘qolgan argentinalik futbolchi Emiliano Salaning oilasi u bo‘lgan samolyotni qidirish bo‘yicha o‘z operatsiyasini boshladi. Bu haqda 27 yanvarda Daily Mail nashri o‘z saytida ma'lum qildi.

26 yanvardan qidiruv ishlari futbolchi parvoz qilgan PA 46 Malibu samolyoti qulagani ehtimol qilinayotgan hududda ikki kema yordamida olib borilmoqda. Qidiruv ishlarini davom ettirish uchun mablag‘larni GoFundMe xayriya sayti yordamida topishga muvaffaq bo‘lingan.   

Ikki kundan kamroq vaqt ichida 3,8 ming kishi futbolchi va samolyot uchuvchisi Deyv Ibbotsonni qidirish uchun mablag‘larni qoplashga 300 ming yevrodan ko‘proq pul o‘tkazib bergan. Jumladan, mablag‘larni yig‘ish kampaniyasida jahon futboli yulduzlari, xususan fransiyalik hujumchi Kilian Mbappe ishtirok etdi. U saytga 30 ming yevro o‘tkazib bergan.

Futbolchi bo‘lgan samolyot 21 yanvarda Fransiyaning Nantidan Uelsning Kardiffga uchayotganda Normand orollari hududida radarlardan yo‘qolib qolgan. Shundan keyin Fransiya, Buyuk Britaniya va Normand orollari mutasaddi idoralari tomonidan boshlangan qutqaruv operatsiyasi natija bermagach, 3 kundan keyin to‘xtatilgan. Qutqaruvchilarning aytishicha, o‘sha vaqtga kelib yo‘qolganlarni tirik topish ehtimoli juda oz bo‘lgan.

Shunga qaramay futbolchining yaqinlari, hamkasblari va turli davlatlardan muxlislar qidirish ishlarini davom ettirish kerakligini talab qilishgan.

28 yoshli futbolchi “Nant” klubidan “Kardiff siti”ga qishki transfer vaqtida o‘tgandi. U yangi klubi bilan 19 yanvarda 3,5 yillik shartnoma imzolagan.

Mavzuga oid