Sport | 23:53 / 29.01.2019
19079
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada murabbiy o‘z hamkasbini nokautga jo‘natdi (video) 

Italiya chempionatining kuchliligi bo‘yicha 3-divizioni – S1 seriyada ishtirok etuvchi “Lukkeze” futbol klubi bosh murabbiyi Jankarlo Favarin raqib jamoa murabbiyini urgani uchun 5 oylik diskvalifikatsiya oldi.

Voqea “Alessandriya” klubiga qarshi uchrashuvda yuz bergan.

Favarin raqib jamoa murabbiylar shtabi bilan tortishgani uchun maydondan chetlatilgan. U raqib jamoa o‘rindig‘i oldidan o‘tayotganda “Alessandriya” bosh murabbiyi yordamchisi Gaetano Manchino bilan janjallashib, uning yuziga boshi bilan zarba bergan. Jabrlanuvchi gazonga yiqilib, anchagacha o‘ziga kelmagan.

Favarinning aytishicha, uning bunday qilishiga raqib jamoa o‘rindig‘idan aytilgan haqoratlar sabab bo‘lgan. Materiallar o‘rganilgandan keyin intizom qo‘mitasi Manchinoni ikki o‘yinga chetlashtirgan.

Favarin ancha tajribali murabbiy hisoblanib, Italiya chempionatining quyi divizionlaridagi 20 ga yaqin jamoaga murabbiylik qilgan. Ta'kidlanishicha, 60 yoshli mutaxassis avvalroq o‘yinchilaridan birini raqibning oyog‘ini sindirishga chaqirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid