Navoiyda haydovchi YPX xodimlari tomonidan kaltaklandi
Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi Guliston mahallasida yashovchi Isroil Xudoynazarovdan murojaat kelib tushdi.
U o‘z murojaatida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani, tan jarohatlari tufayli shifoxonada davolanayotganini bayon etgan.
Ushbu holatni joyida o‘rganish maqsadida Navoiy viloyati, Xatirchi tumaniga yo‘l oldik.
Xatirchi tumani markaziy shifoxonasining travmatologiya bo‘limida davolanayotgan I.Xudoynazarov bilan uchrashib, uning so‘zlarini tingladik.
Uning aytishicha, 2019 yil 21 yanvar kuni soat 18:00dan keyin «Neksiya-2» rusumli avtomashinasida uyiga qaytayotganida, tuman markazida YPX xodimlari unga to‘xtash ishorasini ko‘rsatishadi. Spirtli ichimlik iste'mol qilgani uchun I.Xudoynazarov YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, harakatni davom ettiradi. Shundan keyin YPX xodimlari uni ta'qib qilishgan.
Xatirchi tumani, Xo‘jaqo‘rg‘on mahallasidagi «Navro‘z» kafesi oldida unga yetib olgan YPX xodimlari haydovchi I.Xudoynazarovga nisbatan kuch ishlatishadi va unga tan jarohati yetkazishadi.
I.Xudoynazarov oradan ikki kun o‘tgandan keyin sog‘ligi yomonlashgani bois shifoxonaga murojaat qilgan.
Jabrlanuvchining ahvoli va unga yetkazilgan tan jarohatlari haqida ma'lumot olish uchun Xatirchi tuman markaziy shifoxonasining bosh travmatologi Uchqun Haqqulov bilan suhbatlashdik.
«Bemor shifoxonaga kelganda uning ahvoli o‘rta og‘ir darajada edi. Zarur tibbiy ko‘riklar amalga oshirildi. Unda chap tomonlama 5 va 8- qovurg‘alar yopiq sinishi, ikkala yonoq ko‘karishi, zarba tufayli boshining chap tomoni lat yeyishi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan tegishli organlarga xabar berdik. Ayni vaqtda davolash jarayoni davom etmoqda», – deydi shifokor.
O‘rganishimiz davomida mazkur voqeaga guvoh bo‘lgan, «Shixlar» qishlog‘ida yashovchi Anvar Qozoqov bilan suhbatlashdik.
«Kechki payt «Navro‘z» kafesi yonidan o‘tib ketayotganimda, devor ortida baqir-chaqir tovushlarni eshitdim. Borib qarasam, ichki ishlar xodimlari bir kishini ayovsiz kaltaklamoqda. Formada bo‘lishgani uchun aralasholmadim», – deydi A.Qozoqov.
Voqeaning yana bir guvohi, «Navro‘z» kafesi egasi, o‘zini Ulug‘bek deb tanishtirgan shaxs esa savollarimizga javob berishni istamadi.
Ushbu holat yuzasidan Xatirchi tuman prokurori Nurmurod Avazov bilan uchrashdik. Shunday holat yuz berganini tasdiqlagan tuman prokurori ayni vaqtda bu voqea yuzasidan dastlabki tergovgacha tekshiruv harakatlari olib borilayotgani, Navoiy viloyati IIBB YHXBning ikki nafar xodimiga (ism-familiyalari tahririyatga ma'lum) nisbatan xizmat tekshiruvi belgilangani, qonuniylik ta'minlanishini bildirdi.
Xo‘sh, YPX xodimlarining xatti-harakatlari qanchalik to‘g‘ri?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda «ta'qib qilish» deganda jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslar salonida bo‘layotgan transport vositasi haydovchisi yo‘l patrul xizmati xodimining to‘xtash to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmaganda, transport vositasining harakatiga chek qo‘yish hamda gumonlanuvchini ushlash maqsadida transport vositasining ortidan quvish tushunilishi belgilangan.
Bu holatda YPX xodimlarining harakatini to‘g‘ri baholash mumkin. Ammo mazkur Nizomning 14-bandida YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarishda har qanday vaziyatda yo‘l harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e'tiborli bo‘lish, ularga hurmat bilan hamda «Siz» deb murojaat qilish, yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilish alohida belgilab qo‘yilgan.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
17:02 / 12.11.2024
Piskentda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida qariyb 16 ming tup olxo‘ri daraxti yonib ketdi
14:15 / 12.11.2024
BAA o‘zbekistonlik haydovchilarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda
14:11 / 11.11.2024