Jamiyat | 14:42 / 01.02.2019
15589
7 daqiqa o‘qiladi

Navoiy va Buxoroda xorijga chiqish pasportlarining berilishi qanday amalga oshirilmoqda?

2019 yil 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun 2 yillik OVIR stikerlari berish to‘xtatildi. Buning o‘rniga fuqarolarga qulayliklar taqdim etish hamda ovoragarchiliklarga barham berish, dunyo tajribasini O‘zbekistonda ham qo‘llash maqsadida xorijga chiqish pasporti joriy qilindi. Mamlakatning o‘zida esa, bosqichma-bosqich fuqaro shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalar tizimiga o‘tish belgilandi.

Kun.uz sayti respublika IIV tizimidagi Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarma hamda bo‘limlarida yangi xorijga chiqish pasportini berish bilan bog‘liq holat qaydarajada yo‘lga qo‘yilgani, fuqarolarga bu borada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganmoqda. Bu borada Toshkent shahridagi dastlabki o‘rganish natijasi Kun.uz saytida joriy yilning 29 yanvar kuni e'lon qilindi.

Yangi xorijga chiqish pasportini berish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha keyingi o‘rganishlar Navoiy va Buxoro viloyatlarida olib borildi.

Navoiy viloyati

Ayni vaqtda Navoiy viloyati IIBB Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida xorijga chiqish pasportini berish bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Boshqarma binosining birinchi qavatida xorijga chikish pasportlarini rasmiylashtirish xonasi joriy etilgan. Xonada isitish, sovutish sharoitlari mavjud bo‘lib, yumshoq o‘rindiqlar va fuqarolar uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Ushbu yo‘nalishda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun boshqarmaning 3 nafar xodimi biriktirilgan.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish ishlari 2019 yilning 5 yanvar kunidan boshlangan. Hozirgi kunga qadar viloyatning 1000dan ziyod fuqarosidan xorijga chiqish pasporti uchun hujjatlar qabul qilingan. Shundan 200 nafarga yaqini voyaga yetmagan bolalarni xorijga chiqish hujjatlarini tashkil etadi. Ayni kunlarga qadar 164 dona yangi xorijga chiqish pasporti fuqarolarga tarqatildi.

Yangi namunadagi xorijga chiqish pasportlari rasmiylashtirilgandan keyin 10 kun muddatda tayyorlanmoqda. Boshqarmada fuqarolarning xorijga chikish pasportlarini rasmiylashtirish bo‘yicha kunlik qabuli 70-75 nafarni tashkil etadi. Tartibsiz navbatlarni oldini olish maqsadida xodimlar tomonidan murojaat etgan fuqarolarga hujjatlar tartibi va ketma-ketligi tushuntirilmoqda.

Fuqarolarga hujjatlarni to‘ldirilishi uchun sharoitlar yaratilib, to‘ldirilmagan blankalar namunalari qo‘yilgan, fuqarolarni hujjatlarini topshirishga kerakli blankalarini rasmiylashtirish uchun bino yonida O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi «Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlar ko‘rsatish markazi» DUK Navoiy filiali xizmat ko‘rsatadi va uning to‘lovlari belgilangan preyskurant asosida amalga oshiriladi.

«Barcha shahar-tuman IIB MvaFRBda fuqarolar to‘siqsiz blankalari olishi (tekinga) va o‘zlari to‘ldirishi uchun sharoitlar yaratilib, tegishli e'lonlar peshtaxtasi tayyorlandi va ko‘rinarli joylarga o‘rnatildi. Boshqarmamiz binosi yonida «Qishloqqurilishbank» maxsus kassa filiali shoxobchasi joylashgan bo‘lib, xodimlar bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatishi belgilab olindi», – deydi Navoiy viloyati IIBB Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Hojiyev.

O‘rganishimiz davomida boshqarmada fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilganligiga guvoh bo‘ldik. Yana bir muhim yangilik shuki, Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida telegram kanali ochilgan. Viloyat fuqarolari ushbu telegram kanali orqali pasport bilan bog‘liq barcha savollariga javob olishi mumkin.

Buxoro viloyati

Buxoro viloyati IIBB Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidagi yangi xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish jarayoni bilan tanishar ekanmiz, bu yerda ham fuqarolarga yetarli sharoitlar yaratilganligiga guvoh bo‘ldik.

Betartib navbatlar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida boshqarma xodimlari fuqarolarga tartib bilan, tez va sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

Boshqarmada bir kunda 300-320 nafar xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaat qilgan fuqarolar qabul qilinmoqda. Ayni kunlarda 3000dan ziyod fuqarolarning hujjatlari rasmiylashtirilgan. Shundan 700tasi tayyor bo‘lgan va 400dan ortig‘i fuqarolarga tarqatilgan.

«Fuqarolarni ertalab soat 7:00dan boshlab qabul qilish boshlanadi va qabul to oxirgi fuqaro qolmaguncha davom etadi. Fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda uzoq navbatda turib qolishlarning oldini olish choralari ko‘rilgan. Homilador, yosh bolali, nogiron va keksa fuqarolar navbatsiz qabul qilinmoqda», – deydi Buxoro viloyati IIBB Migratsiya va Fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek G‘oyibov.

O‘rganish jarayonida xorijga chiqish pasportini olgan fuqarolar bilan ham suhbatlashdik.

«O‘n kun muddatda xorijga chiqish pasportiga ega bo‘ldim. Hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadim. Barcha sharoitlar yaratilgan. Boshqarma xodimlari tez va sifatli xizmat ko‘rsatmoqda», – deydi Rustam Chinqulov.

Eslatib o‘tamiz, xorijga chiqish pasportini olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 120 foizini tashkil qiladi (243 276 so‘m). 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga xorijga chiqish pasportini berish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 80 foizini tashkil qiladi (162 184 so‘m).

O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi yo‘q shaxslarga, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga xorijga chiqish pasportini berish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 100 foizini tashkil qiladi (202 730 so‘m).

Yangi pasport to‘q qizil rangda va 48ta sahifadan iborat. Uni olish uchun fuqarolar yashash joyidagi ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishi, ish joyi, o‘qish joyi yoki mahalliy boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlanadigan anketa-arizani topshirishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, 3,5x4,5 sm o‘lchamdagi fotosurat, pasport nusxasi, harbiy bo‘limdan ma'lumotnoma (harbiy xizmatga majburlar uchun) ham taqdim qilinadi. Pasport 10 yil muddatga beriladi. 

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid