Light | 15:50 / 03.02.2019
47899
5 daqiqa o‘qiladi

«Or, zor, ozor –​ Bozor». Siz bilmagan «Bozor» haqida​

Siz bozor deganda nimani ko‘z oldingizga keltirasiz? Narxni tushirolmay joni halak xaridor-u, molini ikki tanga qimmatroqqa sotish ilinjidagi savdogarnimi? Hamma narsa chiroyli terib qo‘yilgan zamonaviy supermarketni xayol qilsangiz ham ajablanmayman. 

Xurshid Do‘stmuhammad esa bozorni sal boshqacharoq tushunadi: bozor deganda kishilarni o‘zi istagan maqomga o‘ynata oladigan izdihomni tushunib, yozuvchi u haqidagi mulohazalarini ayni nomdagi asarida o‘quvchiga taqdim etadi. 

Uch kundan beri qabrga kira olmay sarson o‘lik, yerga cho‘kib borayotgan bozor, odamlar unutayozgan qiroatxona, jarga qulagan birovning moli, tug‘ilmay nobud bo‘layotgan bolalar, qurilmay buzilayotgan oilalar...  Yozuvchi birgina bozor fenomeni atrofida bir qancha bashariy muammolarni qay o‘rinda bevosita, qay nuqtada bilvosita tasvirlab, mag‘zini ochib berishga harakat qiladi. 

Muammoning eng kattasi, ta'bir joiz bo‘lsa, barcha muammolarning «doyasi» – butun bozorni ovorayi sarson qilgan nojins. Bu maxluqotning suvrati-yu, siyrati, qanday paydo bo‘lganligi haqida gap-so‘z yo‘q. Faqatgina uning yesa bo‘ladigan jamiki narsani paqqos tushirayotgani, tutqich bermay odamlarni halak qilayotgani ayon (aynan shu obraz adibning «Jajman»​ hikoyasida batafsil tasvirlangan). 

«Odamlarning ichidan chiqqan illat» – nojinsning karomati bir nuqtada to‘kis namoyon bo‘ladi: daraxt shoxiga mingashib bir nimani mazza qilib chaynayotgan nojinsning so‘lagi pastga oqib odamlarning boshiga, yuz-ko‘ziga tushardi. Odamlar esa go‘yo buni payqamayotgandek, sezsa-da bundan huzurlanayotgandek kulishadi, so‘lakka parvo ham qilishmaydi... 

Yozuvchi muammolarni ko‘rsatish barobarida ularning yechimiga ham ishora qiladi. «Ofatlarning hammasiga tadbir bor, chora bor. Kitoblarni o‘qing – hammasi yozilgan. Faqat ularni o‘qishmayotgani chatoq...»​ 

Ammo, taassufki, «dang‘illama hojatxona qurishga pul topildiyu, qulayotgan qiroatxonaga to‘rtta guvala topilmadi...»

Asar bosh qahramoni Fozil ismi jismiga monand fozil inson sifatida gavdalanishi maqsad qilingan. To‘g‘ri, u tug‘ilish, yashash, o‘lishning mohiyatini izlaydi, oilaning ahamiyatini boshqalardan teranroq anglaydi. Qosh-ko‘zi qora yor emas, chin ma'nodagi «Munosibxon»​ni izlaydi va topadi ham. Birovlar ko‘proq soqqa qilish ilinjida bozorda ham chodir tutib nikoh o‘qitishga tayyor bo‘lgan bir paytda, qiroatxonaga kuyov bo‘lishni niyat qiladi. Lekin Fozil muammoni faqat ko‘radi xolos, uni yechmaydi, yecholmaydi.

Muammo bor, konkret. Faqat hamma​ unga  har xil yondashadi. Kimdir ko‘rgan-bilganini gapirolmay, tilini chaynab aylanib o‘tib qo‘ya qoladi. Kimdir Fozil kabi ko‘rganidan falsafa so‘qib, donishmandona fikrlar yuritadiyu zig‘ircha amaliy harakatga barmog‘ini qimirlatmaydi ham. Yechim uchun yeng shimargan bir-ikki qahramon esa kaltak ta'mini bilgach, «och qornim, tinch qulog‘im»​ rejimiga o‘tib oladi. Von Su haq: «olam charxini aylantirishga yaraydigan azamat qahat»​.

Asar kitobxonni dunyoga kelishning asl maqsadidan chekinmaslikka, nafsdan ustun kelishga chorlaydi.

O‘zingizni chetdan kuzatgingiz kelsa, «Bozor»​ni o‘qing. Nafsingiz jilovga bo‘ysunmasa, dunyoga ustun bo‘laman degan birovning odamlar yelkasidagi yog‘och ichida lapanglab ketayotganini kuzating,  «o‘lim insonga kissasidagi puldan ham yaqinroq»,​ axir.

Kitobxon
Xurshid Do‘stmuhammad, «Bozor»

Mavzuga oid