Jahon | 19:00 / 03.02.2019
14604
1 daqiqa o‘qiladi

Tramp Venesuelaga qo‘shin kiritilishini istisno qilmadi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp CBS telekanaliga bergan intervyusida Venesuelaga amerikalik harbiylar kiritilishi mumkinligini istisno etmadi.

Jurnalist undan «Venesuelaga amerikalik harbiylar kirishiga qanday sabab mavjudligi» haqida so‘ragan.

«Men buni aytishni istamayman... Ammo bu, albatta ehtimoliy variantlardan biridir», — degan Tramp.

Bundan avvalroq, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Venesuela harbiylarini muxolifat tomoniga o‘tishga chaqirgandi.

Venesuelaning BMTdagi maxsus vakili Samuel Monkada esa Qo‘shma Shtatlar harbiy to‘ntarish yo‘li bilan Venesuelani mustamlaka qilmoqchi ekani haqida gapirgandi.

23 yanvar kuni Venesuela parlamenti spikeri Xuan Guaydo o‘zini muvaqqat prezident sifatida e'lon qilgandi. Uni AQSh va G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlashdi hamda mamlakatning amaldagi prezidenti Nikolas Madurodan hokimiyatni topshirishni talab qilishdi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid