Sport | 23:30 / 05.02.2019
23304
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya superkubogi – 2019 Toshkentdagi «Milliy» stadionda o‘tkazilishi mumkin

2019 yilgi Turkiya superkubogi g‘olibini aniqlash uchun kechadigan o‘yin Toshkentdagi «Milliy» (sobiq «Bunyodkor») stadionida tashkillashtirish ustida muzokaralar olib borilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri o‘z manbalariga tayangan holda.

Uchrashuv joriy yilning avgust oyida tashkillashtiriladi, biroq aniq sana hali ma'lum emas.

Qayd etib o‘tish joizki, bu 1966 yildan buyon muntazam tashkillashtirilib kelinayotgan (faqatgina 2011 yili mamlakat futbolidagi korrupsiya mojarosi tufayli o‘tkazilmagan) Turkiya superkubogining ilk marta Turkiya Respublikasidan tashqarida tashkillashtirilayotgan holat emas. 2006, 2007, 2008 yilgi mavsumlarda ham Superkubok Germaniya stadionlarida bo‘lib o‘tgan.

Superkubokning 2018 yilgi «Aqhisar Belediyespor» - «Galatasaroy» o‘yini Ko‘nyodagi «Buyukshahar» stadionida 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlangach, penaltilar seriyasida omad «Aqhisarspor» klubiga kulib boqqan.

Umuman, Turkiya superkubogini eng ko‘p qo‘lga kiritgan klub «Galatasaroy» bo‘lib turibdi — 15 marta. U 9 marta finalchi bo‘lgan. «Fenerbaxche» 9 marta g‘olib chiqqan, 9 marta yutqazgan. Uchinchi o‘rindagi «Beshiktosh» esa jami 20 marta finalga yo‘l olib, ularning 8 tasida g‘alaba qozongan. «Trabzonspor» qo‘lga kiritgan kuboklar soni ham 8 ta, biroq u uch martagina yutqazgan.

Superkubokda eng ko‘p to‘qnash kelgan juftlik esa «Beshiktosh» - «Galatasaroy»dir. Ular 8 marta duch kelishgan va ularning beshtasida «Galatasaroy» g‘alaba qozongan.

Superkubokda eng ko‘p gol urgan o‘yinchi Xoqon Shukurdir – 5 ta gol.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Superkubogi-2019 da 2018/19 yilgi mavsumda Turkiya superligasi chempioni va Turkiya kubog‘i sohibi to‘qnash kelishadi.

Ayni paytda mamlakat kubogining 1/4 finali o‘tkazilmoqda. Jumladan, bugun dastlabki ikki o‘yin bo‘lib o‘tadi. Javob uchrashuvlari 26-28 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi:

05.02. «Trabzonspor» - «Umroniyaspor»

05.02. «Yyeni Malatyaspor» - «Go‘ztepe»

06.02. «Galatasaroy» - «Hatayspor»

07.02. «Aqhisarspor» - «Qosimposho»

18 ta klub ishtirok etadigan Turkiya superligasida esa «Istanbul Bashaqshehir» 20-turdan so‘ng 44 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. 2-o‘rindagi «Galatasaroy»da 36 ochko, 3-4-5-o‘rinlarda ketayotgan «Beshiktosh», «Yyeni Malatyaspor», «Trabzonspor» klublari 33 ochkodan jamg‘arishgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid