Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bosma nashrlarning majburiy bepul nusxalarini tarqatish ko‘rib chiqiladi
Bosma mahsulotlar hamda davriy bosma nashrlarning majburiy bepul nusxalarini kamaytirish ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi axborot xizmati tarqatgan xabarda aytiladi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi qarori hamda 2019-2020 yillarda axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi bosma mahsulotlar, shuningdek, davriy bosma nashrlarning majburiy bepul nusxalarini oluvchi tashkilotlar ro‘yxati va nusxa tarqatish tartibini qayta ko‘rib chiqadi», – deyiladi xabarda.
Ayni chog‘da qonunchilik asosida tuzilgan ro‘yxatga ko‘ra, umumiy hisobda 43 ta davlat idorasi va tashkilotiga 71 ta bosma mahsulot hamda ro‘yxat asosida 25 ta idoraga 84 donadan gazeta va jurnal majburiy bepul tarqatiladi. Bunda majburiy bepul beriladigan bosma mahsulotlar matbaa korxonalari va nashriyotlarning o‘z hisobidan amalga oshiriladi.
«Bu borada xorij tajribasi o‘rganilganda Rossiyada 16 ta, Shvetsiyada – 8 ta, Finlyandiyada – 7 ta, Norvegiyada – 5 ta, Polshada – 11 ta, Chexiyada – 17 ta, Bolgariyada – 22 ta, Italiyada – 5 ta, Portugaliyada – 12 ta, Xitoy va Meksikada – 1 ta, AQShda – 2 donadan asosan milliy axborot-kutubxona muassasalariga bepul majburiy nusxalar berilishi aniqlandi», – deyiladi agentlik axborotida.
Ma'lum qilinishicha, OAVning elektron turlari ommalashgani hamda nashriyot, tahririyat va matbaa korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik tomonidan majburiy bepul nusxalarni tarqatish tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif etilgan. Davriy nashrlar va kitob mahsulotlariga ehtiyoji bo‘lgan tashkilotlar ularni obuna bo‘lish orqali olishlari mumkin bo‘ladi.