O‘zbekiston | 09:59 / 14.02.2019
8388
2 daqiqa o‘qiladi

Kasaba uyushmasi raislari vakolatini kengaytirish taklif etildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatuvchi kasaba uyushmasi raislari vakolatlarini kengaytirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Bildirilishicha, bugun faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlardagi kasaba uyushmalari raislarining ayrimlari aslida qanday vazifani bajarishlari kerakligi to‘g‘risida tushunchaga ega emas. O‘z vazifasini anglamagan va sohasiga doir me'yoriy hujjatlardan bexabar shaxslar kasbiy faoliyat jarayonida o‘zgalarning mehnat jarayonlariga doir huquqlarini yetarli darajada himoya qila olmasligi tabiiy holatdir, deyiladi murojaatda.

“Shunday ekan, kasaba uyushmalari raislari mavqeini ko‘tarish va huquqiy sohadan xabardor kishilargina ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatishi mumkinligini belgilab qo‘yish kerak. Kasaba uyushmasi raislari uchun ham oylik maosh belgilagan holda faqat o‘zlariga biriktirilgan vazifa bilan shug‘ullanishlarini tashkil qilish kerak. Ana shundagina kasaba uyushmasi raisi xodimlarning huquqiy himoyachisiga aylana oladi. Shunday qilinsa, bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalariga uyushgan olti milliondan ortiq kishi o‘zini huquqiy jihatdan himoyalanganligini his qila boshlaydi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Mavzuga oid