Jamiyat | 19:55 / 16.02.2019
26609
4 daqiqa o‘qiladi

«Mehrli muzlatgich»lar soni ortmoqda

Yanvar oyida Toshkentda katta qiziqishlarga sabab bo‘lgan «Mehrli muzlatgich» haqida xabar tarqalgandi. Endilikda «Mehrli muzlatgich»lar soni yana bittaga ko‘paydi. Bu muzlatgich Gemotologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti hududidan joy olgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Oqqon, kamqonlik (anemiya) bilan og‘rigan bemorlar davolanadigan bu muassasaga respublikaning turli burchaklaridan bemorlar kelishadi. Muolajalar uzoq vaqt davom etgani va katta mablag‘ talab qilgani uchun ko‘p hollarda bemorning yaqinlari moddiy qiyinchiliklarga uchrashadi. Bunday vaqtda har qanday yordam katta ahamiyat ega. Ijtimoiy tarmoqlarda «Saxovat» nomi bilan ish boshlagan va bugungi kunda Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi qoshida faoliyat yuritayotgan «Mehrli qo‘llar» loyihasi tashkilotchilari yuqoridagi holatlarni hisobga olgan holda navbatdagi «Mehrli muzlatgich»ni aynan oqqon xastaligi bilan og‘rigan bemorlar uchun Gemotologiya va qon quyish ilmiy-tekshiruv instituti hududiga joylashtirishdi.

«Faoliyatimiz davomida 400dan ortiq bemorlarga yordam berdik. Ko‘p hollarda ko‘mak so‘rab murojaat qilgan bemorlarga kerakli dori-darmon mahsulotlari hamda kasalxona xarajatlarini qoplab beramiz. «Yana qanday yetishmovchiligingiz bor?», degan savolimizga javob berishmaydi. «Shundoq ham dori-darmon olib berdinglar», deb iymanishadi. Shuning uchun «Mehrli muzlatgich» o‘rnatildi. Endi ular kerakli mahsulotlardan bemalol foydalanishlari mumkin», deydi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi qoshida faoliyat yuritayotgan «Mehrli qo‘llar» loyihasi tashkilotchisi Bahrom Alimov.

Kasalxona hududidan joy olgan «Mehrli muzlatgich» kuniga bir marta «Mehrli qo‘llar» loyihasi tashkilotchilari va boshqa ko‘ngillilar tomonidan kerakli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirilmoqda.

«Bemorlarimiz uzoq muddatli davolanish jarayoni ham ruhan, ham moddiy jihatdan charchashadi. Organizm kasallik bilan kurashishi uchun esa ular vitaminlarga boy, yangi mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni tanovul qilishlari muhim. Ishlatiladigan dori-darmon mahsulotlari qimmat bo‘lgani sababli to‘g‘ri ovqatlanish ikkinchi darajaga tushib qoladi. «Mehrli qo‘llar»ning «Mehrli muzlatgich»i yuqoridagi muammolarni bartaraf qilishga katta yordam berdi», Gemotologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti bosh hamshirasi Jo‘rayeva Shohida.

Yaxshi insonlarning ezgu amali ifodasi bo‘lgan «Mehrli muzlatgich» ko‘plab kam ta'minlangan va yordamga muhtoj oilalarga beminnat xizmat qilmoqda. Bunday muzlatgichlar soni ko‘payishiga siz xam o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin. Buning uchun telegram ijtimoiy tarmog‘ida Mehrliqo’llar manziliga yoki 983074777 raqamiga murojaat qilishingiz mumkin. 

Mo‘tabar Xushvaqtova

Mavzuga oid