O‘zbekiston | 17:48 / 20.02.2019
6401
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha «O‘zbekko‘mir» uchun qozonxonalar qurish taklifini bildirmoqda

Polshaning «Famur» va «Rafako» kompaniyalari «O‘zbekko‘mir» uchun qozonxonalar qurish taklifini bildirib, O‘zbekiston tomoni bilan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot xizmati xabar bermoqda

Ma'lum qilinishicha,  «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xorijiy korxonalarning hozirgi faoliyati, texnik imkoniyatlari va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari tanishtirilgan. 

«Yig‘ilishda «O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan xorijiy kompaniyalarda ishlab chiqarilgan texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi. Zamonaviy qozonxonalar barpo etish masalasi ham yig‘ilganlarning diqqat e'tiborida bo‘ldi», – deyiladi jamiyat tarqatgan xabarda. 

Ma'lumot uchun, «Famur» va «Rafako» kompaniyalari tog‘-kon uskunalari, elektrenergiya ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnika va texnologiyalar, zamonaviy qozonxonalar loyihasini tayyorlash, shaxta yo‘llarini qurish va unda transport tizimini joriy etish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyalarning dunyo bo‘ylab 20dan ortiq davlatda vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Mavzuga oid