O‘zbekiston | 15:50 / 21.02.2019
39999
2 daqiqa o‘qiladi

Rahmonbek Usmonov qarori yuzasidan surishtiruv boshlandi

2019 yil 20 fevral sanasida Yunusobod tumanida joylashgan «Oloy»​​ bozoriga yaqin hududda daraxtlar kesib tashlanayotgani haqidagi xabar Toshkent shahar hokimligiga kelib tushgan va bu bo‘yicha tegishli surishtiruv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

«Hokimlikda ushbu masala bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi. Tezkor tadbir natijasida Ekologiya​ va atrof-muhitni muhofaza qilish shahar boshqarmasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish yuzasidan chiqargan xulosasiga muvofiq, ko‘rsatma taqdim etilgani ma'lum bo‘ldi», — deb ma'lumot berdi hokimlik axborot xizmati. 

Toshkent shahar hokimligining xabar berishicha, ko‘rsatmaga asosan, Yunusobod tuman hokimi Rahmonbek Usmonov tomonidan 2019 yil 18 fevralda tasdiqlangan daraxt kesishga ruxsat berish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarori mavjud. 

«Qarorga ko‘ra, Yunusobod tumani Abdulla Qodiriy va Oloy bozori berk ko‘chalari oralig‘idagi 6 tup sog‘lom eman daraxtlarini butalashga, 1 tup eman daraxti to‘lov evaziga kesilishga ruxsat berilgan», — deya qo‘shimcha qilinadi shahar hokimligi axborotida.

Yunusobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasi haydovchisi Sunatilla Madiyorovning aytishicha, boshqarma xodimlari shox-shabbalarni butalagan, ammo daraxt kesish bilan shug‘ullanmagan. Boshqa haydovchi esa topshiriq bo‘yicha «o‘tinlarni ortib  ketgan»ini bildirdi. ​

Ta'kidlanishicha, mazkur ish yuzasidan huquq-tartibot organlari tegishli surishtiruvni boshlagan.

Mavzuga oid