Jahon | 19:05 / 23.02.2019
8842
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela Kolumbiya bilan chegarada qo‘shinlar joylashtirdi

Foto: AP Photo / Fernando Llano

Venesuela harbiylari Kolumbiya bilan chegarada kuchlarni joylashtirish haqida buyruq olishdi. Bu haqda mamlakat qurolli kuchlari qo‘mondonligi tvitterda ma'lum qildi.

“Bosh qo‘mondon Maduro ko‘rsatmasiga ko‘ra, qo‘mondonimiz Remixo Sebalos qurolli kuchlarga tinchlik va xalq xavfsizligini chegarani yopish bilan himoya qilish uchun Kolumbiya bilan chegarada tezkorlik bilan joylashishni buyurdi”, deb aytilgan xabarda, 

“Bu yerda hech kim taslim bo‘lmaydi, hech kim toliqmaydi, taslim bo‘lish – sotqinlikdir”, deb aytilgan qo‘mondonlikda.

23 fevralda Kolumbiya bilan chegaraga Venesuela uchun asosan AQSh tomonidan taqdim qilinayotgan gumanitar yordam yetib kelishi kerak. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro hukumati yordamning mamlakatga kiritilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas va shu sababli Braziliya bilan quruqlikdagi hamda Kichik Antil orollari bilan dengizdagi chegarani yopib qo‘ydi. Shuningdek, Kolumbiya bilan ham chegarani yopish imkoniyati ko‘rilgan.

Venesuela muxolifati mamlakatga gumanitar yordam kiritilishini talab qilmoqda, biroq Maduro uni qabul qilishdan qat'iyan bosh tortmoqda. Uning ta'kidlashicha, gumanitar yordam ostida mamlakatga qurol olib kirilishi mumkin.

Maduroning aytishicha, Vashington Venesuela davlat neft kompaniyasi PDVSA’ning aktivlarini bloklab va u bilan bitimlar amalga oshirishni taqiqlab, mamlakatni 10 mlrd dollardan mahrum qilgani, Angliya banki esa Karakasga uning oltin zaxiralarini qaytarmayotgani ortida ushbu yordam “soxta shou”ga aylangan.   

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid