Shamil Iseyev normativlar va Server Jeparovning testdan o‘ta olmagani haqida
O‘tgan mavsumdan boshlab klublarimiz litsenziyalash talablarini bajarishlari uchun futbolchilardan jismoniy normativlar qabul qilmoqda. Shu kunlarda Server Jeparovning O‘FA o‘tkazgan testdan o‘ta olmagani ko‘p muhokama qilindi. Chunki Server O‘zbekistondagi eng mashhur futbolchilardan biri. Uning atrofidagi har qanday xabar muhokama qilinadi.
Bu boradagi mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida O‘FA qoshidagi texnik rivojlantirish boshqarmasi ilmiy-metodik bo‘limi boshlig‘i Shamil Iseyev bilan suhbatlashdik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Normativlar bo‘yicha javobgar Shamil Iseyev barcha klublardan normativni shaxsan o‘zi qabul qilmoqda. Mutaxassisni «Qo‘qon-1912» jamoasidan normativ qabul qilayotgan vaqtda uchratdik. Futbolchilar testdan o‘tib bo‘lishgach, Iseyev bizning savollarimizga javob berdi. Uning aytishicha, normativlar qaysidir futbolchini testdan yiqitish uchun emas, ularning jismoniy holatini yaxshilash uchun tashkil qilingan:
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ishlab chiqqan reglamentda Superliga va Pro-Liga futbolchilarining jismoniy tayyorgarligini aniqlash maqsadida maxsus normativlardan o‘tishlari kerak ekani belgilangan. Biz xalqaro maydonda yaxshi ishtirok etishimiz uchun Yevropa darajasida demayman, hech bo‘lmasa Osiyo darajasida yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lishimiz kerak. Shu sababdan o‘tgan mavsumdan boshlab futbolchilardan normativ qabul qilyapmiz.
Futbolchilar 5 xil normativ topshirishadi. Bular: boshlang‘ich tezlikni aniqlash, distansion tezlikni aniqlash, uzunlikka sakrash, 7 marta 50 metrga yugurish va «Yo-yo» test. Bunday turdagi normativlar butun dunyoda o‘tkaziladi. Biroq ular haqida ma'lumotlar oshkor qilinmaydi, chunki bu ma'lumotlar faqat klublarning o‘zi uchun kerak.
Biz bu normativlarni birdan olib qo‘ymaymiz. Har bir klubga, murabbiyga bu borada protokol beramiz. Unda futbolchilar qanday holatlarda testdan o‘tgani aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi. Testlar o‘tgach ham klublarga kim ulardan o‘tgani va kim o‘tmagani haqida ma'lumot yuboriladi.
Testlarni unchalik murakkab deb ham bo‘lmaydi. Futbolchilar belgilangan 5 ta normativning 2 tasidan o‘tsa, chempionatda o‘ynashi mumkin bo‘ladi, ya'ni testdan o‘tgan bo‘ladi. 5 ta normativning hech bo‘lmasa 2 tasini topshirolmasa, testdan o‘tmagan hisoblanadi. Biroq bu futbolchi uchun hammasi tugadi degani emas. U chempionatning 1-2 ta tur o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi va takroriy test topshirish imkoniga ega bo‘ladi. PFL belgilagan muddatda futbolchi testlarni qayta topshirishi va kerakli natijalarni qayd etishi mumkin.
Server Jeparov yoki boshqa futbolchilarning testdan o‘ta olmagani ular chempionatda qatnasha olmaydi degani emas. Yuqorida aytganimdek, ularga yana imkon beriladi. Testlar yoshi katta futbolchilar uchun qiyinlik qiladi deyish ham to‘g‘ri emas. Mana, hozir ko‘z o‘ngingizda Shahboz Erkinov (32 yoshda) normativlarni yaxshi topshirdi. Futbolchi jismonan tayyor bo‘lsa, unda hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Normativlarni ikkinchi yil qabul qilyapmiz va futbolchilarda o‘sish bo‘layotganini ta'kidlashni xohlardim. Shu sabab normativlarga o‘zgartirish kiritdik va talablarni biroz kuchaytirdik. Masalan, o‘tgan yili 30 metrga yugurishda 4,25 soniya minimum natija qilib belgilangandi, bu yil ushbu ko‘rsatkichni 4,20 ga tushirdik. Turgan joyidan sakrash uchun o‘tgan yilgi vazifa 2,55 metr edi, bu yil 2,65 bo‘ldi. «Yo-yo» testni ham bu yil professional darajada qabul qilyapmiz.
O‘tgan yili bu borada kitob chiqarganimizni ham ta'kidlash kerak. «Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi» degan kitobdan 200 dona chiqarib klublarga, hududiy futbol assotsiatsiyalariga tarqatdik. Unda futbolchilar qanday test topshirishlari, ularga qanday tayyorlanish va jismoniy holatni yaxshilash uchun nima qilishlari kerakligi aniq ko‘rsatilgan»,- deydi Iseyev.