Jahon | 22:06 / 26.02.2019
17379
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashmoqda

Foto: Reuters

26 fevral ertalab Hindiston harbiy-havo kuchlari Kashmirning Pokiston qismidagi “Jaysh-a-Muhammad” guruhining yirik mashg‘ulot lageriga zarbalar berdi. Havo hujumi oqibatida ko‘plab jangarilar, ularga tegishli transport, qurol va o‘q-dori yo‘q qilingan. Hindiston tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Vijay Gokxale bu zarba zarur bo‘lgani, chunki guruh Hindistonning turli hududlariga xudkushlar ishtirokida hujumlar tayyorlayotganini aytgan. Bundan tashqari, Pokiston o‘z hududida terrorchilar infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan hech qanday amaliy choralar ko‘rmagan.        

ANI axborot agentligining ma'lum qilishicha, havo hujumi mahalliy vaqt bilan soat 03.30da 12 ta “Miraj 2000” qiruvchi samolyoti ishtirokida amalga oshirilgan. Samolyotlar mashg‘ulot lageriga har biri bir tonna keladigan bir nechta bomba tashlagan.    

Pokistonning fikricha, Hindiston tomonidan Kashmirning Pokistonga qarashli hududiga berilgan havo zarbasi mintaqaviy barqarorlikka tahdid qiluvchi tajovuz akti bo‘lib, Islomobod bunga mos javob beradi. Bu haqda Pokiston tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan. 

“Pokiston tashqi ishlar vazirligining kotibi Hindistonning Islomoboddagi ishonchli vakilini chaqirtirib, unga qat'iy tarzda Hindiston tomonidan tajovuz mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka raxna solishi va Islomobod bunga o‘ziga qulay vaqtda mos javob berishini aytgan”, deyilgan Pokiston tashqi ishlar vazirligi bayonotida. 

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar 14 fevralda xudkush Hindistonning Jammu va Kashmir shtatida politsiya kolonnasi oldida o‘zini portlatgandan keyin keskinlashdi. Hujum uchun javobgarlikni “Jayishi Muhammad” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Nyu-Dehli ma'lumotlariga ko‘ra, guruh Pokiston hududida joylashgan. Terakt oqibatida 45 kishi halok bo‘lgan. Shundan keyin Hindiston Pokistonni terrorchilik tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Islomobod bu ayblovlarni “asossiz” deb rad etgan va Nyu-Dehliga teraktni birgalikda tergov qilishni taklif qilgan.     

Mavzuga oid