Jahon | 12:25 / 26.02.2019
10864
3 daqiqa o‘qiladi

«Ku-kluks-klan hukumati»: Maduro Trampni ayblab chiqdi

Foto: Marco Bello/Reuters

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Qo‘shma Shtatlarni Janubiy Amerikada urush boshlash maqsadida sun'iy inqirozni yaratishda aybladi. Bu haqda u Amerikaning ABC News telekanaliga intervyuda aytib o‘tgan.

«AQSh hukumati qilgan hamma narsa muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq edi. Ular Venesueladagi siyosiy tanglik va harbiy aralashuvni oqlash uchun inqirozni soxtalashtirishga urinmoqdalar. Bu Janubiy Amerikada urush boshlash uchun kerak», - deya ma'lum qildi Maduro.

Venesuela yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «Venesuela neftini istaydi» va «bu neft uchun kurashishga tayyor». Maduro Trampdan qo‘rqayotgani haqidagi savolga javob qaytarib, AQSh prezidentidan qo‘rqmasligini aytdi, lekin uning atrofidagi kishilardan cho‘chiyotganini bildirdi.

«Donald Tramp boshchiligidagi ekstremistik kayfiyatdagi Ku-kluks-klan hukumati neft uchun, ba'zida esa neftdan ham ko‘proq narsa uchun urush boshlashni xohlamoqda», - dedi Maduro.

Venesuela yetakchisi Trampni Venesuelaga nisbatan siyosatini o‘zgartirishga chaqirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Venesuela tinchlik uchun huquqqa ega va Amerika hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga tayyor. Maduroning ta'kidlashicha, u doimo «tashqariga qo‘l uzatish» hamda tinch muloqotni boshlashga tayyor inson bo‘lib qoladi.

«Biz - janubiy amerikaliklar, sizlar - shimoliy amerikaliklar. Keling, sovuq urush davri qarorlarini emas, balki XXI asr yechimlarni ko‘rib chiqamiz. Sovuq urush ortda qolishi kerak», - dedi Maduro.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp «yangi yo‘lni» boshlash uchun «Venesuela haqiqatini bilishi» va «medalning boshqa tomonini» ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Maduroning ma'lum qilishicha, Venesuelada siyosiy fikr, matbuot erkinligi to‘liq darajada bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Guaydo Venesuela harbiylari unga qanday yordam berganini aytgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid