O‘zbekiston | 12:47 / 27.02.2019
5274
7 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raislarini rag‘batlantirish qanday maqsadlarda amalga oshiriladi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolari hamda fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolari hamda fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish, bir marotabalik pul mukofoti yoki qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolari hamda fuqarolarning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda fuqarolar va jamoat tashkilotlarining huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash;

fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolari hamda fuqarolarning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qo‘shayotgan hissalari uchun munosib taqdirlash.

Biriktirilgan hududda jinoyatlar darajasi pasaygan, ularning oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlari o‘z vaqtida ko‘rilgan hollarda tegishli sxemaga muvofiq quyidagilar rag‘batlantiriladi:

a) mehnatga haq to‘lash fondining (pul ta'minotining) 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda (o‘rnatilgan va to‘lanayotgan qo‘shimcha haq va ustamalardan qat'i nazar):

fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari;

profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari.

b) eng kam oylik ish haqining uch baravarigacha miqdordagi bir martalik pul mukofoti yoki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va qimmatbaho sovg‘alar bilan:

«Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining alohida o‘rnak ko‘rsatgan a'zolari;

jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda amaliy yordam ko‘rsatgan fuqarolar.

Ushbu pul mukofoti xodimning, xizmatchining amaldagi intizomiy jazosi mavjudligidan qat'iy nazar beriladi.

Jamoat xavfsizligini ta'minlashda yuqori natijalarga erishgan fuqarolar yig‘inlari faoliyati har chorak yakunida ommaviy axborot vositalarida yoritib boriladi.

Rag‘batlantirish, bir martalik pul mukofoti yoki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash uchun tegishli mezonlar bo‘yicha baholash natijalari, tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashi hamda xotin-qizlar qo‘mitasi raislari tomonidan, muvofiq tavsiyanoma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlariga keyingi oyning o‘ninchi sanasiga qadar taqdim etiladi.

Tavsiyanomalar baholash mezonida keltirilgan ballar yig‘indisi ellik va undan yuqori bo‘lgan taqdirda taqdim etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari baholash mezoni natijalari va tavsiyanomalarni o‘rgangan holda besh kun muddatda asoslantirilgan xulosa tayyorlab tasdiqlaydi hamda xulosani rag‘batlantirish bo‘yicha buyruq loyihasini tayyorlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari kadrlar boshqarmalariga taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari kadrlar boshqarmasi taqdim etilgan xulosa asosida rag‘batlantirish bo‘yicha buyruq loyihasini tayyorlab, imzolash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlariga taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan rag‘batlantirish bo‘yicha buyruq chiqariladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruqlari asosida tegishli Moliya-iqtisod bo‘linmalari Jamoat xavfsizligini ta'minlashni rag‘batlantirish jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirishni amalga oshiradi.

Har oy yakuni bo‘yicha rag‘batlantirish jamg‘armaga kelib tushgan jarimalar miqdori va baholash mezonlari ko‘rsatkichlari inobatga olinib, adolatli va xolisona (obektiv) amalga oshirilishi lozim.

Quyidagilar rag‘batlantirilmaydi:

fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining a'zolari tegishli hududga vaqtincha biriktirilganda yoki ular tomonidan majburiyatlari vaqtincha bajarilayotganda;

fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari hamda «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining ayrim a'zolarini tegishli hududga biriktirish davrining davomiyligi hisobot oyi muddatidan oshmaganda.

Jamoat xavfsizligini ta'minlashni rag‘batlantirish jamg‘armalari mablag‘laridan fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmalarining alohida o‘rnak ko‘rsatgan a'zolari, shuningdek jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda amaliy yordam ko‘rsatgan fuqarolarni moddiy rag‘batlantirishdan boshqa maqsadlar uchun foydalanish ta'qiqlanadi.

Jamoat xavfsizligini ta'minlashni rag‘batlantirish jamg‘armalari hisobidan rag‘batlantirish ishlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini tashkil etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari zimmasiga yuklatiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid