Boshqacha Toshkent: Tarixiy Kamolon – Amir Temur qo‘shinini kamon bilan ta’minlagan mahalla (fotojamlanma)
Kun.uz muxbiri «O‘zimizning mahalla» loyihasi doirasida poytaxtdagi Kamolon mahallasiga bordi.
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidan o‘tuvchi markaziy Samarqand Darvoza ko‘chasidan Kattabog‘ ko‘chasiga o‘tsangiz, go‘yo u orqali yana tarix bag‘riga qadam qo‘ygandek bo‘lasiz. Ilk bor bu mahallaga kirayotgan sayyoh yoki yo‘lovchi bu mahallada Xo‘ja Alambardor maqbarasi borligi, o‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi, buyuk yozuvchi Abdulla Qodiriy, usta Shirin Murodov, usta Toshpo‘lat Arslonqulov, shoir Habibiy, Ahmad polvon, O‘zbekiston xalq artistlari Sattor Yarashev, Komiljon Jabborov, O‘zbekiston xalq hofizi Ortiqxo‘ja Imomxo‘jayev va boshqa taniqli insonlar tug‘ilib-o‘sganini yon daftarchasiga qayd etib olishi zarur.
Kamolon mahallasi Beshyog‘och dahasidagi qadimiy mahalla hisoblanadi. Tarixda Kamolon mahallasi Darxon, Eshonguzar, Yangimahalla, Samarqand darvoza, Guliston mahallalari bilan chegaradosh bo‘lib, Xo‘jako‘cha va Fuqaro ko‘chalariga bo‘lingan. Mahallada Xo‘ja Alambardor maqbarasi va qabristoni bor. Qariyb 200 xonadon yashagan. Aholisi, asosan, o‘zbeklar bo‘lib, hunarmandchilik, savdo-sotiq, shahar tashqarisidagi yerlarida (Novza, Qozirobod, Do‘mbirobod, Qonqus mavzelari) dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Toshkentning o‘n ikki darvozalaridan biri – Kamolon darvoza ham shu mahallada joylashgan.
«Kamolon» nomi haqida turli fikrlarni ilgari surishadi. «Kamolon» so‘zining lug‘aviy ma’nosi – komil insonlar yashaydigan yer.
Muhammad Solihxo‘ja «Tarixi jadidai Toshkand» asarida mahalladagi darvozani Kamondaron deb ataydi (XIV asr oxiri) va kamondaronlar (turkman o‘g‘uz-uchuq qabilalar uyushmasi) qabilasining bir toifaciga mansub deydi.
«Kamolon» atamasi haqida 3 fikrga ko‘ra, bu so‘z «Kamondaron», ya’ni kamonchilar mahallasi ma’nosini beradi. Ma’lumki, qadimda Choch o‘zining kamoni, kamonchi ustalari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan. «Hudud ul-olam»da (X asr) «Choch – bu katta viloyat, xalqi jangovar va saxiydir. U yerda kamon va o‘q-yoy yasaladi», deya qayd etilgan. Shoshda yasalgan kamon o‘sha vaqtlarda butun Sharqda «Kamoni Shoshiy» nomi bilan mashhur bo‘lib, uning uzoqqa otilishi va nishonga aniq tegishi Sharq mualliflarining asarlarida ta’riflangan. Mana shu ustalar yashaydigan mahalla Kamondaron deb atalgan. Choch kamonlari xorijiy davlatlarga ham sotilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, buyuk sohibqiron Amir Temur Toshkentda bo‘lganida «Kamolon» mahallasida yasalgan kamonlarning puxtaligiga tan berib, o‘z qo‘shinlarini u bilan ta’minlashga buyruq bergan.
Chor Rossiyasi qo‘shinlari Markaziy Osiyoni bosib olishga kirishganida Toshkentga Kamolon tepaligi va Kamolon ko‘chasi bo‘ylab hujum qilgan. Kamolon ko‘chasining har ikki tomoni XX asr 60-yillari oxirida ham vayrona holda saqlangan. Bu kamolonliklar bosqinchilarga qanchalik qattiq qarshilik ko‘rsatganidan dalolat beradi. Mahallaning Oftob ko‘chasida halok bo‘lgan rus askarlari xotirasiga Chernyayev davrida bunyod etilgan butxona ham bor.
Bugun tarixiy mahalladan Kamolon, Kattabog‘, O‘zgarish, Yangiobod, Qozirobod, Oftob, Gulxaniy, Guliston, Kirki, Zomin, Darxon, Yorish, Atirgul, Lola, Terak, Chaqmoq, Said Kamolxon, Oqoltin, Tutzor ko‘chalari o‘tadi.
Mahallaning Bunyodkor shohko‘chasi, Qoratosh ko‘chasi va anhor bilan tutash hududlari yaqinida ko‘pqavatli binolar, turarjoylar va turli savdo-ko‘ngilochar obektlari qurilgan.
Ob-havo iliqlashgan, ko‘klamga yaqin vaqtda mahalla ko‘chalarida jajji bolakaylar varrak uchirishga, velosiped haydashga chiqadi.
Toshkentning tarixiy mahallalari ko‘chalarida har yili bahor faslida varraklar va bolakaylar, hatto kattalarning varrak uchirishi urf bo‘ladi.
Mahalladagi katta yoshli ayollarning so‘zlariga ko‘ra, hukumat nazari shaharning zamonaviy qismiga tushgan, mahalla ichidagi yo‘llarning ahvoliga esa hech kim e’tibor qaratmaydi.
Mahallani aylanar ekansiz, ko‘chalar, uylarning holatiga xorijlik sayyoh nigohi bilan boqishga urinib ko‘rasiz. Har qadamda mahallaning o‘z ruhi va nafasi borligini, xonadonlarning devorlari, darvozalari, ko‘chalarga asrlar aro vaqt yomg‘iri yog‘gani va u tarix sinovidan o‘tganini sezasiz.
Toshkentdagi Kamolon mahallasining hududida tug‘ilib-o‘sgan tarixiy shaxslar yashagan manzillar, ziyoratgohlarning chin ma’noda faol va kreativ targ‘iboti xorijiy sayyohlar ko‘payishini ta’minlashi tayin.
Imoratlarning ko‘pini o‘z holicha, tik saqlab qolishning deyarli iloji yo‘q, biroq tarixiy me’morchilikdan xabardor arxitektor va mutaxassislar, eng muhimi, mahalliy aholining yoshi ulug‘ vakillari bilan maslahatlashgan holda qadimiy mahallalarimizga yangi hayot olib kirish mumkin.
Ba’zi daraxtlar «qatl» qilib yuborilgan.
Ba’zi daraxt novdalari esa kelajakdan umidvor kurtak ochgan.
Kun.uz tahririyati «O‘zimizning mahalla» loyihasi doirasida yurtimizning turli shaharlaridagi Eski shahar qismlari va tarixiy mahallalarga safar qiladi. Bu sizning bolaligingiz o‘tgan, hayotingizning bir qismi, ko‘nglingiz bog‘langan maskanlar bo‘lishi mumkin.
Bizni kuting va biz boramiz.
(Mahalla tarixi haqidagi ma’lumotlar «Toshkent» ensiklopediyasidan olindi)
Mirzayor Erkinov