O‘zbekiston | 15:39 / 01.03.2019
19307
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni O‘zbekistonga keldi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 1 mart kuni O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat mudofaa idoralarining hamkorligi hamda uni rivojlantirish istiqbollari, harbiy-ta'lim yo‘nalishida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash muhokama qilindi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Pavel Ergashev davlatlarimiz rahbarlari hamda mudofaa vazirlarimiz darajasida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlar strategik hamkorlik va mamlakatlarimiz o‘rtasida ittifoqdosh munosabatlarni mustahkamlashga, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta'minlashga qo‘shimcha turtki bo‘lishini ta'kidladi.

General-mayor P. Ergashev Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoniga O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini oshirish masalalarida ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

2017 yilning oktyabrida «Forish» tog‘ poligonida (Jizzax viloyati) ikki mamlakat o‘rtasida harbiy hamkorlik hamda Rossiya—O‘zbekiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari ham yod etildi, unda Rossiya Markaziy harbiy okrugiga qarashli tog‘-o‘qchi bo‘linmalarini jalb etilgandi.

2016 yildan qayta tiklangan O‘zbekiston harbiy xizmatchilarini Rossiya muassasalarida o‘qitish amaliyoti ham naqadar ahamiyatli ekanligi ham qayd etib o‘tildi.

Aleksandr Lapin O‘zbekiston Rossiyaning strategik hamkori hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikning kafolati ekanligini bildirdi.

Uchrashuvdan so‘ng, Rossiya Qurolli Kuchlari delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, oliy harbiy ta'lim muassasasi tarixi va faoliyati, shuningdek, qo‘mondonlik va shtab bo‘g‘inida harbiy kadrlarni tayyorlash sohasida yangicha yondashuvlar bilan tanishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Aleksandr Lapin Rossiya armiyasining Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlari haqida ma'ruza o‘qib, Akademiya shaxsiy tarkibi bilan tajribalarini bo‘lishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ertaga, 2 mart kuni Rossiya Federatsiyasining harbiy delegatsiyasi Samarqand shahriga tashrif buyurib, shaharning tarixiy va madaniy obidalari bilan yaqindan tanishadi, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid