Hindiston – Pokiston. Ziddiyat ildizi qayerda? O‘zbekiston qanday munosabatda?
Hindistonda 1 mlrd 340 mln aholi bor, Pokistonda esa 210 milliondan ortiq. Har ikki davlat eng birinchi dushman sifatida aynan o‘z qo‘shnisini biladi va ular allaqachon jang maydonlarida kuch sinashib ko‘rishgan. Eng muhimi, har ikki davlat hamisha shay turgan yadro qurollariga ega. Demak arzimas uchqun ham aql bovar qilmas ziddiyatlarga, bemisl talofatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Olis o‘tmish
Mamlakatlarning hammasi o‘z tarixida kim bilandir yovlashgan, ochiq janglarga kirishgan. Yigirma birinchi asrga kelib qisman tinchlik hukm surgan bo‘lsa-da, moziydagi alamlar hamma joyda ham unutilmagan. Ana shunday “muzlatilgan”, ammo vaqti-vaqti bilan alanga oluvchi ziddiyatlardan biri, lozim bo‘lsa eng yirigi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojarodir.
Bir vaqtlar Hindiston deyilganda Osiyoning juda katta qismini egallagan, nihoyatda boy mamlakat tushunilgan. Vaqti kelib, Britaniya mustamlakasiga aylangan paytida ham uning hududi juda ulkan bo‘lgan va zamonaviy Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Myanma kabi davlatlarning maydoni va yana anchagina hududlarni egallagan.
Ammo juda ulkan va boy mamlakat bo‘lishiga qaramay, Hindiston hududi doimiy urushlar makoni ham bo‘lgan. Uning boyligini egallash istagida kelganlarga qarshi urushlardan tashqari minglab roja va maharojalar bir birlari bilan ayovsiz jang qilganlar, ayniqsa bu hududda kechgan diniy ixtiloflar, xususan hind-musulmon to‘qnashuvlari juda dahshatli kechgan.
Hindiston Britaniyadan mustaqillik olgan 1947 yilga kelib musulmonlar Hindistoni, ya'ni Pokiston masalasi o‘rtaga tashlanadi. Hindistonning o‘sha paytdagi rahbariyati qarshiliklariga qaramay Pokiston ham ajratib olinadi.
O‘shanda ulkan ko‘chish kuzatiladi – musulmonlar zamonaviy Pokiston hududiga, hindlar esa Hindistonga. Ammo shunga qaramay ayrimlar o‘zlari tug‘ilgan hududni tark etishmaydi, xususan bugungi kunda ham Hindistonda 170 mlndan ortiq musulmonlar istiqomat qiladi va ular soni muntazam oshib bormoqda (bu faktga e'tibor bering).
Kashmir muammosi va havo urushi
Ikki davlat o‘rtasidagi hal etilmagan muammolarning eng yirigi Kashmir hududi bo‘yicha talashuvdir. 1947 yilda Britaniya Hindistoniga mustaqillik berish, uni ikki davlatga ajratish nihoyatda shoshma-shosharlik bilan olib borilgan. O‘sha paytda Kashmir rahbari hind, aholisining mutlaq ko‘pchiligi esa musulmonlar edi. Kashmir rahbariyati (rojasi) va yetakchi partiyasi vakillari katta imtiyozlar evaziga Hindiston tasarrufida qolish istagini bildirishdi. Bu hudud o‘ziga tegishli bo‘lishiga kelishilganini pisanda qilgan Pokiston darhol masalaga harbiy yo‘l bilan yechim izladi va dastlabki qurolli to‘qnashuv yuz berdi.
Ikki yildan ortiq davom etgan to‘qnashuvlar natijasida, Pokiston ayrim hududlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, Kashmir orzusiga erisha olmadi. Xalqaro hamjamiyat aralashuvi bilan ziddiyat to‘xtatildi, hudud aholisi referendum asosida davlatni tanlash masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Ammo 1950 yilga kelib Hindiston hukumati har qanday referendumlarni inkor qildi va Kashmir mazkur davlatning ajralmas bir bo‘lagi ekanligi, bu masala boshqa muhokama qilinmasligini bildirdi.
Shu bilan keyingi 12 yil muvaqqat tinchlik hukm surdi. Bu orada o‘z salohiyatini oshirib olgan, Kashmir aholisining, xususan musulmonlarning qo‘llab-quvvatlashiga ishongan Pokiston 1965 yilda yana hududga bostirib kirdi. Ammo azaldan ma'lumki, urushlar siyosatchilar o‘yini, tinch aholi har qanday ziddiyatga qarshi. Pokistonning ishonchi puchga chiqdi, asosan havodan shitob bilan qilingan hujumlar asta-sekin so‘na boshladi, aksincha Hindiston Pokiston kuchlarini nafaqat o‘z hududidan siqib chiqardi, balki qo‘shnisi hududiga ham kirib, harbiy qismlarga faol zarbalar bera boshladi.
Uch haftagina davom etgan urush biror tomonning ustunligini ko‘rsata olmagan bo‘lsa-da, tarixga juda yirik ziddiyat sifatida kirdi va keyinchalik har ikki davlat o‘z mafkurasida bu urushdagi qahramonliklari orqali vatanparvarlikni kuchaytirishga urindi, janglar haqida filmlar ishlandi, asarlar yozildi, qo‘shiqlar kuylandi.
“Toshkent deklaratsiyasi”
Bir-biriga yon bermagan har ikki tomon faqat vositachilar ko‘magida sulhga erishishlari mumkinligini anglab yetardilar va sobiq ittifoq ana shunday rolni o‘ynab berdi. Hindiston va Pokiston ziddiyatiga barham berish, kelgusida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar uchun O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri tanlandi.
1966 yilning yanvarida Toshkentga tashrif buyurgan Hindiston bosh vaziri La'l Bahodir Shastri va Pokiston prezidenti Ayub Xon ittifoq ministrlar soveti raisi Kosigin bilan birgalikda muzokaralarga kirishdilar. Garchi bu masalada deyarli ma'lumotlar e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, sulh bo‘yicha barcha shuhrat ittifoq rahbariyati yutug‘i hisoblansa-da, har ikki davlat vakillarining umumiy kelishuvga kelgunlarigacha bo‘lgan bahslarida O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov ham faol ishtirok etgan, ikkita rezidensiyada yashayotgan La'l Bahodir Shastri va Ayub Xon o‘rtasida bir necha marta borib kelgan.
10 yanvarda ikki davlat o‘rtasida “Toshkent deklaratsiyasi” imzolanadi va unga ko‘ra har ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish, o‘z harbiy qismlarini urush boshlangunga qadar liniyalarga qaytarish, diplomatik aloqalarni tiklashga kelishadilar.
Deklaratsiya imzolanganining ertasiga Hindiston bosh vaziri La'l Bahodir Shastri Toshkentda vafot etadi.
Yangi tarix sahifalari va atom quroli
Toshkent deklaratsiyasi faol urushni to‘xtatgan bo‘lsa-da, kichik to‘qnashuvlar baribir davom etaverdi. Buning sababi, ikki davlat o‘rtasida anchagina demarkatsiya qilinmagan hududlar bo‘lgani, tog‘li hududda yashovchilar tomonidan qo‘shni davlatga qilingan bosqinlar ham o‘sha davlatning agressiyasi sifatida baholangani, sulhga qaramay har ikki davlat hududida adovatni unutmagan siyosiy kuchlar borligi va boshqa qator omillarda edi.
Bunday lokal mojarolar 1971, 1975, 1980, 1984, 1989 yillarda ham kuzatildi. 1999 yildagi yirik to‘qnashuvda har ikki tomon mingdan ortiq askaridan ayrildi.
Bu orada qo‘shnisi bilan urushga hamisha shaylik, xalqaro salohiyatni oshirish maqsadida avval Hindiston, keyin Pokiston yadro qurolini yaratib olishdi. Bugungi kunda Hindistonda 90-110ta, Pokistonda 120ta yadro quroli borligi tasdiqlangan. Endi bu davlatlar o‘rtasidagi har qanday to‘qnashuv o‘ta yirik urushga aylanish xavfi nihoyatda ortib ketdi.
Yillar o‘tib, Pokistonning tog‘li hududlari Afg‘oniston, Iroq, Suriyadan qochgan radikal guruhlar uchun makonga aylanib qoldi. Hatto “Birinchi raqamli terrorchi” nomini olgan Usama bin Lodin ham Pokistonning Abbotobod shahrida bemalol yashab yurgani aniqlanib, yo‘q qilindi.
Pokiston bunday guruhlarga rasman qarshi bo‘lsa-da, ularni to‘la-to‘kis nazorat qilish imkoniyatiga ham ega emasdi.
Shu kunlarda kuzatilayotgan, 2019 yilning 14 fevralida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar dastlab Hindiston tasarrufidagi Kashmir hududida 40 nafar hind zaxira politsiyachilarining o‘ldirilishidan boshlandi. Hindiston buni darhol qo‘shnisining agressiv harakati deb baholab, javobni hayallatmadi va radikal kuchlar lagerlari deb hisoblangan hududlarga havodan turib zarbalar bera boshladi.
Pokiston esa buni o‘z hududiy yaxlitligining, xalqaro normalarning butunlay buzilishi deb baholadi va o‘z samolyotlarini havoga ko‘tardi. Har ikki davlat o‘z qo‘shinlarini jangovar holatga keltirdi.
Prognoz qanday?
Hindistonda 1 mlrd 340 mln aholi bor, Pokistonda esa 210 milliondan ortiq...
Ammo bu insonlarning mutlaq ko‘pchiligi tinchlik tarafdori. Aholisi, iqtisodiy va harbiy salohiyati nisbatan kam Pokistonning Hindistondagi musulmonlarga tayanib to‘la-to‘kis urushga kirishishi ham o‘zini oqlamagan, oqlamaydi ham.
Hozirgi ziddiyatlarda ko‘pchilik atom bombasi aralashuvidan xavotirlanmoqda. Hindiston harbiy doktrinasida bu davlatning hech qachon birinchi bo‘lib bu quroldan foydalanmasligi, agar boshqa davlat Hindistonga shunday bomba bilan hujum qilgan taqdirdagina ishga tushirishi belgilangan. Pokiston harbiy doktrinasi esa bu masalada o‘zgacharoq yondashadi va davlatning suverenitetiga hamda xalqiga real tajovuz bo‘lganda atom qurolidan foydalanish mumkinligini ko‘zda tutadi.
Har ikki tomonning hududiy ziddiyatni atom urushiga aylantirishi ehtimoli juda kam. Chunki bu davlatlarning boshqaruvida katta tajribaga ega bo‘lgan insonlar o‘tirishibdi va ular bu qurol orqali yechim izlash nafaqat qo‘shnisini, balki o‘zini ham xarob qilishini juda yaxshi anglashadi.
Bizning pozitsiyamiz
O‘zbekiston tinchliksevar mamlakat va betaraflik siyosatini olib borgan holda bu ikki davlat o‘rtasidagi qurolli mojarolar yakunlanishi tarafdori. Bu borada poytaxtimizda imzolangan deklaratsiya hali-hanuz tinchlik yo‘lidagi eng muhim hujjat bo‘lib kelayotgani, unga amal qilish har ikki tomonning burchi ekanligini e'tirof etadi.
Abror Zohidov.
Mavzuga oid
15:12 / 09.11.2024
Pokistondagi stansiyada terakt: 24 kishi halok bo‘ldi
21:39 / 08.11.2024
Pokistonda havo ifloslanishi ortidan bog‘ va muzeylar yopilmoqda
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
11:27 / 07.11.2024