O‘zbekiston | 20:37 / 02.03.2019
20138
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek-tojik chegarasida yana bir o‘tkazish punkti ochildi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

2 mart kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumani «Bog‘dara» qishlog‘ida o‘zbek-tojik xalqlarini bog‘lovchi yana bir o‘tkazish punkti — ​«Bobotog‘»​ chegara bojxona punkti ishga tushdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Ma'lum qilinishicha, «Bobotog‘»​ chegara-bojxona punktiga tutash hududda Tojikistonning «Hisor» chegara-bojxona postining ochilgani qo‘shni davlatning «Hisor» va «Ro‘dakiy» tumanlarida istiqomat qiluvchi aholiga ham qulaylik taqdim etadi. 

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi hamda Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash choralari to‘g‘risida» PQ 3923-son qarori ijrosi doirasida «Bobotog‘» chegara bojxona postini bunyod etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Postda jismoniy shaxslar, tovar va transport vositalarining qisqa muddatda va samarali ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Bu borada 300 mln. so‘mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Postga eltuvchi yo‘llarga asfalt yotqizilib, yoritqichlar o‘rnatildi, yon-atrof ko‘kalamzorlashtirildi», — deyiladi DBQ axborotida.​

Shuningdek,bu yerda chegarachilar, o‘simliklar karantini, sanitariya epidemiologiya, veterinariya nazorati mutaxassislari, sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish uchun sharoitlar tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 1 martidan boshlab, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib joriy etilgandi. Shundan so‘ng, davlat chegarasidagi 9 ta o‘tish punktlarining faoliyati qayta tiklandi. Chegaradosh hududlar o‘rtasida muntazam almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgandi.

Mavzuga oid