Jahon | 08:17 / 04.03.2019
4862
2 daqiqa o‘qiladi

Huawei moliyaviy direktori Kanada hukumatini sudga berdi

Foto: EPA/MAXIM SHIPENKOV

Kanadada hibsga olingan, Xitoyning Huawei kompaniyasi moliyaviy direktori Men Vanchjou konstitutsiyaviy huquqlari buzilgani yuzasidan Kanada federal hukumati, chegara xizmati agentligi (CBSA) va Kanada qirollik otliq politsiyasiga qarshi sudga da'vo arizasi topshirdi. Bu haqda Globe and Mail nashri xabar qildi.

Da'vo arizasiga ko‘ra, CBSA xodimlari Men Vanchjou barcha huquqlari va rasmiyatchilikka amal qilinib hibsga olinishigacha “oddiy chegara nazorati ko‘rinishi ostida” uni ushlab, tintuv va so‘roq qilishgan.

Men Vanchjou, shuningdek, chegara xizmatidan “xizmat mavqeini suiiste'mol qilganlik va qonunga zid ravishda ozodlikdan mahrum qilganlik uchun” kompensatsiya talab qilmoqda. 

Huawei moliyaviy direktori Kanadada AQSh so‘rovi va AQShning Eronga qarshi sanksiyalariga amal qilmaslik gumoni bilan 2018 yil dekabrda hibsga olingan.

Yanvarda AQSh Huawei va Men Venchjouga umumiy hisobda 23 ta band bo‘yicha qo‘shimcha ayblovlar bildirgan. Kanada adliya vazirligi Men Venchjouning AQShga ekstraditsiya qilinishi jarayonini boshladi va bu masala bo‘yicha ishning ko‘rib chiqilishi 6 mart kuniga belgilangan.  

Huawei barcha ayblovlarni inkor etib, biror-bir jinoyatga aloqadorligini rad etib kelmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid