Sport | 10:30 / 04.03.2019
6831
5 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» endi peshqadam emas. Hamshaharlar «shaharliklar»ni taxtga qaytardi

Foto: Michael Regan/Getty Images

Angliya premer-ligasining 29-turida «Liverpul» «Everton»ga qarshi derbi uchrashuvida g‘alaba qozonolmadi. Qizillar jamoasi yetakchisi Muhammad Saloh bir necha golli vaziyatlarni ko‘kka sovurdi.

«Everton» - «Liverpul» - 0:0 
«Everton»: Pikford, Koulman, Din, Zuma, Kin, Shneyderlen (Andre Gomesh, 76), Sigurdsson, Gey, Uolkott (Risharlison, 59), Bernard, Kalvert-Lyuin (Djyenk, 74).
«Liverpul»: Alisson, Matip, van Deyk, Roberson, Aleksandr-Arnold, Vaynaldum (Milner, 63), Henderson, Fabinyu, Saloh, Mane (Lallana, 84), Origi (Robertu Firmino, 63).
Ogohlantirishlar: Uolkott, 7. Roberson, 75. Fabinyu, 79. 
Hakam: Atkinson.
3 mart. Liverpul. «Goodison Park» stadioni.

Birinchi davradagi derbi uchrashuvida mavsumning yorqin epizodlaridan biri ro‘y bergandi. «Everton» darvozaboni Pikford o‘yinning oxirgi soniyalarida van Deykning shundoq ham darvoza to‘riga borib tushmayotgan kuchsiz zarbasiga teginib uni maydonga qaytargan va payt poylab durgan Origi uning xatosidan unumli foydalanib, g‘alaba golini urib ketgandi. Agar xunuk gollar reytingi bo‘lganida bu gol reytingning yuqori qismidan joy olgan bo‘lardi.

O‘sha g‘alaba evaziga «Liverpul» dekabr oyini ko‘tarinkilik bilan boshladi va oy oxirigacha 8 o‘yinda ochko yo‘qotmadi. Origi keltirgan ochkolar evaziga Yurgen Klopp jamoasi shu kungacha APLda peshqadamlik qilib keldi.

«Everton» bosh murabbiyi Marku Silva yakshanba kungi derbi oldidan «Enfild»dagi o‘yinning oxirgi soniyalarini esladi: «Oxirgi soniyalarda raqibning omadi kelgandi. Ular bu golni xuddi jahon chempionatida g‘olib chiqqandek nishonlashgandi. Albatta, biz ham bunday natijani katta muvaffaqiyat deb bilgan bo‘lardik».

«Everton»ga ham ochko kerak, ammo «irislar» endi yettinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi, bu o‘rin esa hatto Yevropa Ligasiga yo‘llanmani kafolatlamaydi - barchasi Angliya Kubogi natijasiga bog‘liq. Ammo «Everton»ni qo‘shnilarining oyog‘idan chalib qolish harqachon xursand qilgan. Ayniqsa hozirgi vaqtda - ko‘klar 2010 yildan buyon hamshaharlarini mag‘lub eta olishmayapti. Har o‘yindan keyin g‘alabasiz seriya davom etmoqda.

«Liverpul» tarkibida Origi mavsumda ikkinchi marta boshlang‘ich tarkibda tushdi. Lekin Klopp uni o‘tgan o‘yindagi qahramonligi uchun emas, majburlikdan maydonga tushirgandi. Jamoaning uchinchi hujumchisi Roberto Firmino o‘tgan turda «MYu»ga qarshi o‘yinda jarohat olgan va hali to‘liq sog‘aymagandi. Belgiyalik futbolchini mezbonlar oson qurolsizlantirishdi, u bir soat davomida raqib darvozasi tomon atigi bir marta zarba berdi - xato ketdi. Mane esa birinchi bo‘limda maydonda ko‘zga tashlanmadi, asosiy vaziyatlar Saloh ishtirokida kechdi. Misrlik futbolchi vaziyatlardan birida maydon markazidayoq tushunarsiz ravishda yiqildi, yana bir vaziyatda esa Manening oddiy uzatmasini qabul qila olmadi. Saloh ikki marta gol urish uchun qulay vaziyatga ega bo‘ldi. Birinchi zarbasi masofa yaqinligi uchun Pikford tomonidan osonlik bilan bartaraf etilgan bo‘lsa, ikkinchi holatda darvozabon muxlislarning olqishlariga sazovor bo‘ldi, «Liverpul» yetakchisi birga-bir vaziyatda gol urolmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Saloh yana bir golli vaziyatni qo‘ldan chiqardi - o‘ng qanotdan raqib jarima maydoniga yorib kirgan futbolchini Kin to‘xtatib qoldi, yosh himoyachi to‘pni ustalik bilan raqibi oyoqlaridan olib qo‘ydi. Misrlik futbolchi boshqa jamoadoshlariga o‘rnak bo‘ldi, van Deyk, Fabino va Mane ham ikkinchi bo‘limda o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. O‘z navbatida «Everton» ham hujumda yaxshi o‘ynay olmadi: tanaffusga qadar mezbonlarning to‘p uzatmalari aniqligi 60 foizdan oshmadi, raqib darvozasiga ular deyarli xavf solishmadi.

«Everton» bu mavsumda ko‘p gol o‘tkazmoqda. «Liverpul» uchun shunday mehmonnavozlik kerak edi. Ammo qizillar vaziyatlardan foydalanishda juda yomon harakat qilishdi. O‘yin yakunlana borgani sari mehmonlar sust harakatlana boshlashdi, bu vaqtda esa «Siti» muxlislarining tabassumlari yoyila boshladi. 

«Liverpul» asablarini ham, qo‘shnilarini ham jilovlay olmadi va xato ketidan xato qildi. Endi Premer-ligada yangi peshqadam. «Manchester Siti» yana taxtda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid